12:27 / 30.06.2021
5565

O‘zbekistonga yana 1 mln doza vaksina olib kelindi

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonga 30 iyun kuni ham yana 1 million doza ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi olib kelingani haqida xabar berdi.

«Bugun yurtimizga yana 1 million doza ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi olib kelindi. Bu ushbu vaksinaning yurtimizga keltirilgan 7-partiyasi bo‘lib, xuddi shuncha miqdorda kecha ham keltirilgan edi», deyiladi vazirlik xabarida.

Bundan avval ZF-UZ-VAC2001ning:

  • 27 martda — 1 million doza,
  • 27 aprelda — 1 million doza,
  • 18 mayda —  1 million doza, 
  • 19 mayda —  500 ming doza,
  • 10 iyunda — 1 million doza,
  • 29 iyunda — 1 million doza partiyalari keltirilgan.

Shunday qilib, O‘zbekistonning vaksina zaxirasi 7,4 million dozaga yetmoqda. Ayni paytga qadar shundan 3,5 million dozadan ortig‘i vaksinatsiya jarayonlarida qo‘llangan.

O‘zbekistonda so‘nggi sutkadagi emlash jarayonida koronavirusga qarshi 130 mingdan ortiq vaksina qo‘llandi. Hozirgi kungacha O‘zbekistonda koronavirusga qarshi jami 3 541 442 doza vaksinadan foydalanilgan, ularning 1 199 541 dozasi ikkinchi va 267 200 dozasi uchinchi bosqichda qo‘llanilgan. Shunga ko‘ra, mamlakatda jami emlanganlar soni 2 074 701 kishini tashkil etmoqda.

Mamlakatda iyun oyi oxirigacha 4 million kishini koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilgan. O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlanuvchilar guruhi yana kengaydi. Endi 50 yosh va undan kattalar bepul vaksina olishi mumkin. Toshkentda 28 iyundan 18 yoshdan katta bo‘lgan barcha qatlam koronavirus infeksiyasiga qarshi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ixtiyoriy tarzda ommaviy emlanadi.

Bundan oldinroq Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botir Qurbonov O‘zbekistonga Pfizer, Moderna yoki JSST tasdiqlagan boshqa vaksina kelishi kutilayotgani to‘g‘risida ma'lumot bergandi. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top