09:50 / 30.06.2021
6125

“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft-gaz universiteti prorektori Aleksandr Maksimenko bilan uchrashdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 16 iyun kuni oliy ta'lim tizimidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan va bu yig‘ilishda davlat rahbari tomonidan “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisiga bir qator topshiriqlar berilgan edi.

Berilgan topshiriqlar ijrosini ta'minlash, jumladan, tarmoq korxonalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘qituvchilarning korxonalarda amaliy tadqiqotlar o‘tkazishiga sharoit yaratish maqsadida hamda neft-gaz sohasi uchun kadrlar tayyorlash masalalari yuzasidan “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti prorektori, texnika fanlari doktori, professor Aleksandr Fyodorovich Maksimenko bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi tomonidan 2021 yilda “Ishlab chiqarish menejmenti” yo‘nalishi ochilgani ma'lum qilindi. Shu bilan birga, keyingi o‘quv yilidan uglevodorodlarni qayta ishlash, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish kabi yo‘nalishlarni ochish taklifi berildi.

Bundan tashqari, talabalar mukammal bilim olishlari uchun filialda magistratura bosqichini yo‘lga qo‘yish hamda soha bilan bog‘liq bo‘lgan oliy ta'lim muassasalarining birituvchilarini universitetda (Moskva shahrida) maqsadli magistratura bosqichida o‘qitish taklifi berildi.

O‘z navbatida, 2021–2022 o‘quv yili uchun filial qabul komissiyasi faoliyati, abituriyentlarning imtihon topshirishlari uchun yetarli sharoit yaratish, o‘qishni tamomlagan talabalarni mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta'minlash masalalari tahliliy muhokama qilindi.

Ikki tomonlama hamkorlikning ahamiyati va samaradorligi ta'kidlanib, ko‘p yillik olib borilgan hamkorlikdagi ishlar doirasida I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali Respublika neft-gaz tarmog‘i uchun kuchli va malakali mutaxassislarni tayyorlab bergani qayd etildi.

Gubkin filialida tahsil olgan ko‘plab yoshlar “O‘zbekneftgaz” tizimida muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. Bundan tashqari, ular allaqachon muhim lavozimlarni egallab, kompaniya rivojlanishiga faol hissa qo‘shayotganlari ta'kidlandi.

Boshqaruv raisi filial faoliyati bilan bog‘liq barcha tashkiliy masalalarni hal qilishda har tomonlama yordam berishga tayyorligini ma'lum qildi. Joriy yilda bitiruvchilar soni 230 nafarni tashkil etib, ularning barchasi “O‘zbekneftgaz” AJ va uning tizimidagi korxonalar hamda “LUKOYL Uzbekistan Opereyteng Kompanii”, “ERIELL” kabi yirik xorijiy kompaniyalarda ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Shu vaqtga qadar esa ushbu oliy o‘quv dargohini 1370 nafar talaba tamomlagan.

Mazkur uchrashuvda, filialga joriy yilda talabalarni o‘qishga qabul qilish kvotalari oldingi yillarga nisbatan bir muncha oshgani qayd etildi. Filial direktori Boshqaruv raisidan kirish imtihonlarida qatnashadigan abituriyentlar, respublikaning turli hududlaridan kelishlarini inobatga olib, ushbu jarayonni tashkillashtirishda amaliy yordam berilishini so‘radi.

Qayd etish kerakki, “Geologiya qidiruv texnologiyasi”, “Neft va gaz quduqlarini burg‘ilash”, “Neft qazib chiqarish obektlarini ishlatish va xizmat ko‘rsatish”, “Gaz, gaz kondensat qazib chiqarish va yer ostida saqlash obektlarini ishlatish va xizmat ko‘rsatish”, “Neft, gaz va ularning mahsulotlarini transport qilish va saqlash obektlarini ishlatish va xizmat ko‘rsatish”, “Gaz-neft quvurlari va gaz-neftni yer ostida saqlash omborlarini qurish va ta'mirlash”, “Neft-gaz kompleksi tashkilotlari iqtisodiyoti” va “Ishlab chiqarish menejmenti” yo‘nalishlari bo‘yicha 480 ta o‘rin ajratildi.

Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev tomonidan bugungi uchrashuvda soha uchun raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashni yanada takomillashtirish maqsadida, filialni kelgusi yillarda rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xarita” ishlab chiqish borasida mas'ullarga topshiriq va vazifalar berildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalari filialning mavjud kafedralari bilan kadrlar tayyorlash va ilmiy izlanishlar bo‘yicha muntazam tarzda hamkorlikda faoliyat yuritishi belgilandi. Bu o‘rinda, filial talabalari va ilmiy tadqiqotchilari korxonalarda amaliy izlanishlar olib borishi uchun barcha sharoitlar yaratiladi.

Shuningdek, filial talabalarini va yosh olimlarini neft-gaz korxonalaridagi texnologik jarayonlar, qurilmalar va ularning ishlash prinsiplarini ishlab chiqarish sharoitida o‘rganish hamda nazariy-amaliy bilimlar yaxlitligini ta'minlagan holda ta'lim jarayoniga tatbiq etish maqsadida, talabalarning o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarini bevosita ishlab chiqarish korxonalarida tashkil etish uchun “O‘zbekneftgaz” AJning ishlab chiqarish korxonalarida Filialning “tajriba-sinov uchastkalari” tashkil qilinganligi va buning uchun talabalarga yaratib berilgan shart-sharoitlar uchun Filial rahbariyati “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisiga minnatdorchilik bildirdi.

Shu yilning mart-may oylarida Filialning 270 nafardan ziyod talabalari o‘quv-amaliy mashg‘ulotlari “O‘zbekneftgaz” AJning ishlab chiqarish korxonalarida tashkil etilgan. I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahar filiali talabalarini rag‘batlantirish, intellektual va ma'naviy salohiyatini oshirish maqsadida, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining stipendiyasi joriy etildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top