08:01 / 01.07.2021
4426

Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish qoidalari o‘zgardi

Adliya vazirining buyrug‘i Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

O‘zgartirishlar "Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida"gi qonun, prezidentning 2020 yil 19 maydagi PF-5997-son "Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni hamda 2018 yil 13 apreldagi PQ-3666-son "O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq kiritilmoqda.

Xususan:

  • vazirlik va idoralar, agar ularga qonunlar, prezident farmonlari va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tegishli hujjatni qabul qilish yoki aniq ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish bo‘yicha vakolat berilgan bo‘lsa, idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni (NHH) qabul qilishlari mumkin;
  • qonunlar, Oliy Majlis palatalari qarorlari, prezident farmonlari va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlarini bajarish yuzasidan idoraviy NHH qabul qilish muddati, agar boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa, bir oydan oshmasligi lozim;
  • buyruqlar vazirlik va idora nomidan qaror qabul qilish yakka tartibda amalga oshiriladigan vazirlik yoki idoralar rahbarlari tomonidan qabul qilinadi;
  • qarorlar davlat qo‘mitalari va idoralar nomidan qaror qabul qilish kollegial organlari tomonidan amalga oshiriladigan davlat qo‘mitalari yoki idoralar tomonidan qabul qilinadi;
  • ikki yoki undan ortiq vazirlik va idoralarning idoraviy NHH qarorlar tarzida qabul qilinadi;
  • idoraviy NHH loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi natijalari yuzasidan korrupsiyaviy omillarni aniqlash bo‘yicha cheklist to‘ldiriladi va Adliya vazirligiga idoraviy NHH bilan birga taqdim qilinadi;
  • qonunchilik hujjatlariga muvofiq kelishilishi majburiy bo‘lgan hollarda yoki idoraviy NHH loyihasida boshqa vazirlik va idoralar manfaatlariga yoki vakolatlariga daxl qiluvchi normalar mavjud bo‘lsa, idoraviy NHH loyihasi yagona elektron tizim orqali manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilishi lozim. Bunda idoraviy normativ-huquqiy hujjat loyihasi vazirlik va idoralar tomonidan u taqdim etilgan kundan boshlab besh ish kuni ichida e'tirozlarsiz kelishilishi yoki asoslantirilgan e'tirozlar bilan qaytarilishi kerak.

Boshqa o‘zgarishlar va qo‘shimchalar ham kiritildi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida e'lon qilingan va 24.06.2021 yildan kuchga kirdi.

Top