16:39 / 01.07.2021
27756

Messi rasman erkin agent. Ammo bu uzoq davom etmaydi

Argentinalik futbolchining ko‘k-anorranglilar bilan shartnomasi muddati tugadi.

Foto: Instagram

Juda ko‘p nyuanslar
30 iyun kuni Ispaniyadagi sport nashrlarining muqovalarini Lionel Messining suratlari bezadi, shu kuni kechqurun «Barselona» sardori 7478 kundan keyin ilk marta erkin agentga aylanishi kutilayotgandi. Kataloniyadagi Sport nashri esa birinchi sahifasida Dia Messi («Messi kuni») sarlavhasi bilan chiqdi. Lekin shov-shuvli sarlavhalar bilan muxlislar vahimaga solingan bo‘lsa-da, so‘nggi kunlardagi barcha yangiliklar bir xulosaga olib keladi: tomonlar kelishuvga erishib bo‘lgan va so‘nggi detallar muhokama qilinmoqda, jumladan bonuslar masalasi. So‘nggi punkt muhim, chunki argentinalikning maoshi miqdori bu safar kamroq bo‘ladi.

Radio Catalunya nashrining tasdiqlashicha, jarayonning borishi klub rahbariyatini xavotirga solmayapti. «Barsa» prezidenti Joan Laporta «Kamp Nou» stadioni oldida Goal.com bilan intervyu chog‘ida xotirjamlik bilan savollarga javob qaytardi. Avvalroq — TV3 tomonidan suratga olingan «Messi, «o‘nlik» san'ati» hujjatli filmi taqdimoti vaqtida Laporta shunday degandi: «Shartnoma uzaytirilganini imkon qadar tezroq e'lon qilmoqchimiz, bu ikki tomon uchun ham manfaatli».

Kelishuvga erishilishini shartnomada ko‘plab punktlar aks etishi kechiktirmoqda. Gap shundaki, rejaga ko‘ra argentinalik futbolchi yaqin ikki yilni «Barselona» futbolchisi sifatida o‘tkazadi, keyingi uch mavsumni o‘tkazish uchun MLS chempionatiga yo‘l oladi, shu bilan bir vaqtda ko‘k-anorranglilarning Amerikadagi elchisi vazifasini bajaradi, nihoyat 2026 yilda Kataloniya poytaxtiga  jonajon klubidagi rahbarlik lavozimlardan biri egasi sifatida qaytadi. Qator manbalarning tasdiqlashicha, Leo lavozimni o‘zi tanlaydi va yana besh yillik shartnomaga ega bo‘ladi. Hozirda uning o‘zi Argentina termasi safida Amerika Kubogida ishtirok etmoqda.

Bundan tashqari, ESPN manbasining yozishicha, ko‘k-anorranglilar soliq xizmatlari va la liga rahbariyati bilan yaqin aloqada bo‘lib turishibdi, chunki hozir ham Ispaniyada eng yuqori maosh uchun chegara bekor qilingani yo‘q. O‘tgan mavsum arafasida dunyoda eng yirik maoshlar vedomostiga ega bo‘lgan «Barselona» qat'iy talablarga amal qilish uchun vedomostlarni yengillashtirish maqsadida Luis Suares, Ivan Rakitich va Arturo Vidal kabi faxriy futbolchilari bilan xayrlashishga majbur bo‘lgandi. Hozirda ham liga rahbari Haver Tebas klubni Messi bilan yangi shartnoma tuzish uchun o‘z xarajatlarini yana qisqartirish kerakligi haqida ogohlantirmoqda.

Laporta, Kuman va Aguero omili
Ammo barchaga ma'lumki — u qoladi. Bu shunchaki faktlarga asoslangan fikr, garchi bir yil muqaddam Messi klubning o‘sha vaqtdagi rahbariyatiga urush ochgan bo‘lsa-da. O‘shanda shartnomadagi o‘zi istagan vaqtda ketishi mumkinligi haqidagi bandni ishga tushirmoqchi bo‘lgandi, ammo ikki omil tufayli bu qaroridan qaytdi. Birinchidan, «Barsa»ga hurmati va klub bilan sudlashishni istamagani tufayli. Ikkinchidan, yuridik jihatdan pozitsiya u qadar kuchli emasdi - futbolchi avgust oyi oxirida «Barselona»ni tark etishi haqida klub rahbariyatini xabardor qilgandi, klub huquqshunoslari esa bu imkoniyatdan foydalanish muddati 30 iyul kuni tugaganini aytishgandi. 

Yakunda bu mojaro chiroyli yakun topdi, kataloniyaliklarning budjetini xarob qilishda ayblangan Messining ko‘k-anorranglilar bilan ittifoqi davom etadigan bo‘ldi. O‘tgan yil yozida bunga ishonish qiyin edi, ko‘pchilikning «Barsa» va Leo endi bir-biriga hech narsa bera olmasligiga, sardor jamoa o‘yinini ortga tortayotganiga va avlodlar almashinuvi jarayoniga xalal berayotganiga ishonchi komil edi.

Ammo o‘tgan mavsum shuni ko‘rsatdiki — ular bir-biriga xalal bermaydi, aksincha yordam beradi. Buni kuzatish yoqimli — Messi Ansu Fati ortidan Pedriga ham otalarcha g‘amxo‘rlik qilmoqda, bir necha oyni jarohatini davolash bilan o‘tkazgan Jyerar Pike esa o‘z izdoshlarini — Oskar Mingesa va Robert Arauxoni maqtashdan charchamaydi. Eng asosiysi, Messi yana o‘yindan zavq ola boshladi va muxlislarga so‘nggi yillardagi eng yaxshi o‘yinlarini namoyish etib berdi. Chempionlik imkonini boy bergan bo‘lsa-da, Ronald Kumanni so‘kish kerak emas, u o‘z orzusini amalga oshirdi — Leoni yana baxtiyor qildi va dunyoning eng iste'dodli futbolchisi o‘z imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishi uchun sharoit yaratib berdi.

Tabiiyki, o‘z qarorlari bilan kamtar bo‘lgan Messining g‘azabini qo‘zitgan sobiq prezident Jozep Bartomeuning muddatidan avval kelishi ham muhim rol o‘ynadi. Laporta ideal darajadagi taskin beruvchi bo‘lib chiqdi, u «Barselona»ning tarixdagi eng yaxshi davrlarida ishlagan va Messi bilan yaxshi aloqalarga ega edi.

Masalan, saylovlardan oldin, matbuotga sardorning yarim milliardlik shartnomasi haqidagi ma'lumotlar sizdirilganida, Laporta futbolchini faol ravishda qo‘llab-quvvatlabgina qolmasdan, argumentlar ham keltirdi: u Leo klubga o‘ziga sarflanayotganidan ancha ko‘p mablag‘ keltirishini aytib o‘tdi.

Prezidentlik postiga qaytgach Laporte sardorni Chempionlar ligasi g‘olibligi ko‘zlangan yangi jiddiy loyihada ishtirok etishga ko‘ndirdi. Messi uchun bu prinsipial ahamiyatga ega edi va rahbariyat o‘z so‘zini amalda ham ko‘rsatdi. Ha, Jorjino Vaynaldum transferi barbod bo‘ldi (u «PSJ»ni tanladi), ammo «Barsa» Erika Garsiya, Emerson, Memfis Depay va Serxio Agueroni safga qo‘shib oldi. Taklif etilganlarning so‘nggisi — Messi tomonga personal reverans vazifasini ham o‘tadi, u ko‘p vaqtlardan buyon o‘rtog‘i bilan faqat terma jamoada emas, klubda ham birga o‘ynashni orzu qilardi.

Agueroning «Manchester Siti»dagi so‘nggi mavsumi muvaffaqiyatsiz kechgani ushbu transfer to‘g‘ri bo‘lganiga savollar uyg‘otadi. Ammo Amerika Kubogi vaqtida ushbu forvard nafaqat Leoning Boliviyaga parashyut uslubida gol urishini tashkillashtirib berdi, balki, Laportaning so‘zlariga ko‘ra, do‘stiga doimiy ravishda yangi shartnoma haqida eslatib kelmoqda. Umuman olganda, ramziy xayrlashuv ro‘y berdi, lekin «Barselona» va Messi umumiy tarix davom etishi uchun barcha ishni qilib qo‘yishdi. Bu tarixda yozilmagan sahifalar hali ko‘p.

Manba: Sport-Ekspress

Top