09:27 / 02.07.2021
4940
AQShda o‘lim jazosiga moratoriy kiritildi

AQSh bosh prokurori Merrik Garlend federal darajada chiqarilgan o‘lim jazosi hukmlarining ijro etilishini taqiqlab qo‘ydi. Ushbu qaror adliya vazirligi o‘lim jazosiga yondashuvini tahlil qilib olguncha amal qiladi.   

«Bugun adliya vaziri federal darajadagi o‘lim jazosiga moratoriy kiritish haqidagi memorandumni e'lon qildi. Tegishli tahlillar o‘tkazilib bo‘lmaguncha federal darajada o‘lim jazolari tayinlanmaydi», deb aytilgan adliya vazirligi xabarida.

Garland senatda bosh prokuror lavozimiga o‘z nomzodining tasdiqlanishi vaqtida aybsiz odamlar qatl etilishi mumkinligidan xavotir bildirgandi.

Prezident Jo Bayden o‘z saylovoldi kampaniyasi vaqtida o‘lim jazosini bekor qilishga qaratilgan qonunni qo‘llab-quvvatlashga va'da bergandi. Uning ma'muriyati hokimiyat tepasiga kelgach, ushbu va'daning bajarilishini talab qiluvchi huquq himoyachilarining tobora kuchliroq bosimiga uchragan.

AQShda o‘lim jazosi 28ta shtatda tatbiq qilinadi. U, shuningdek, federal darajada ham qonunlashtirilgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, avvalgi prezident Donald Tramp muddatining oxirgi oylarida AQShda 13ta o‘lim jazosi ijrosi amalga oshirilgan. Bungacha mamlakatda 2020 yil iyulgacha 17 yil davomida federal darajada o‘lim jazolari ijro etilmay kelingan.   

Joriy yilda AQShda 3 nafar, 2020 yilda esa 17 nafar mahbus qatl etilgan. O‘lim jazosi haqidagi axborot markazi ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yil oktyabrda AQShda o‘lim jazosi ijrosini kutayotgan 2,5 mingdan ko‘proq mahbus bo‘lgan.

Top