15:59 / 02.07.2021
12950

Endi ular ishsiz: Messi, Ramos, Luiz va boshqa erkin agentlar

30 iyun kuni bir qator taniqli futbolchilarning shartnomalari muddati yakunlandi. Quyida ayni vaqtda rasman ishsiz bo‘lgan o‘n futbolchi haqida.

Foto: Getty Images

Janluiji Donnarumma
Yoshi: 22
Amplua: darvozabon
Transfer qiymati: 60 million yevro*
So‘nggi klubi: «Milan»
Ehtimoliy marshrut: «PSJ»
* transfermarkt.com.

Italiya termasi darvozaboni mavsum yakunida «Milan» bilan xayrlashgandi va endi «PSJ»ga o‘tishi kutilmoqda. Barcha narsani biluvchi insayder Fabritsio Romano bir necha marta shartnoma tafsilotlarini ochiqladi — tuzilajak shartnoma 2026 yilga qadar amal qiladi, darvozabon hatto tibbiy ko‘rikdan o‘tib bo‘lgan. Ammo kelishuv haqida hali ham rasman e'lon qilinmadi, bu esa Donnarumma hamon erkin agentligini anglatadi.

Janluiji Donnarumma. Foto Getty Images

Serxio Ramos
Yoshi: 35
Amplua: himoyachi
Transfer qiymati: 10 million yevro
So‘nggi klubi: «Real»
Ehtimoliy marshrut: «PSJ», «Yuventus»

Ispan futbolidagi eng obro‘li himoyachi bo‘lgan Ramos Madrid superklubiga 16 yilini bag‘ishladi, ammo baribir klubdan ketishiga to‘g‘ri keldi. So‘nggi mavsumda «Real» sardori jarohatlardan jabr chekdi va klubi bilan shartnoma shartlari bo‘yicha kelisha olmadi. Endi Ramos erkin agent, ammo unda takliflar bor. Hozircha eng ehtimoliy variant — «PSJ».

Serxio Ramos. Foto Getty Images

Alsaid Hyusay
Yoshi: 27
Amplua: himoyachi
Transfer qiymati: 13 million yevro
So‘nggi klubi: «Napoli»
Ehtimoliy marshrut: «Latsio»

Ushbu albaniyalik himoyachiga qishda Moskvaning «Spartak» klubi qiziqayotgandi, bahordayoq Hyusayning o‘zi mavsum yakunida «Napoli»dan ketishini e'lon qilgandi. U Moskvaga yo‘l olishi ehtimoldan yiroq — qizil-oqlar jamoasida o‘ng qanot himoyasiga futbolchilar yetarli. Katta ehtimol bilan, Hyusay Mauritsio Sarri boshchiligida yangi mavsumni boshlaydigan «Latsio»ga o‘tadi.

Alsaid Hyusay. Foto Getty Images

Nikola Maksimovich
Yoshi: 29
Amplua: himoyachi
Transfer qiymati: 10 million yevro
So‘nggi klubi: «Napoli»
Ehtimoliy marshrut: «Roma»

Serbiyalik himoyachi so‘nggi mavsumda «Napoli»ning asosiy tarkibidan tushib qoldi va shartnomasi tugashi bilan klubni tark etdi. Italiyadagi nashrlar uning keyingi manzili Joze Mourino «Roma»si bo‘lishi haqida yozishmoqda.

Nikola Maksimovich. Foto Getty Images

David Luiz
Yoshi: 34
Amplua: himoyachi
Transfer qiymati: 4 million yevro
So‘nggi klub: «Arsenal»
Ehtimoliy marshrut: «Marsel»

Braziliyalik bu futbolchi ancha vaqtdan buyon avvalgidek o‘ynay olmayapti va «Arsenal»ning ko‘plab muxlislari David Luiz klubni tark etishi haqidagi xabarni xursandchilik bilan kutib olishgandi. Londonliklar undan tashqari darvozabon Metyu Rayan, havbeklar Martin Edegor va Dani Sebalos bilan kelishuv muddati tugagani va ular bilan xayrlashilganini e'lon qilgan. OAVda tarqalgan mish-mishlarga ko‘ra, Luiz «Marsel» bilan kelishib bo‘lgan va tez orada Xorxe Sampaoli jamoasiga kelib qo‘shiladi.

David Luiz. Foto Getty Images

Jyerom Boateng
Yoshi: 32
Amplua: himoyachi
Transfer qiymati: 8,5 million yevro
So‘nggi klubi: «Bavariya»
Ehtimoliy marshrut: «Monako», «Herta», «Latsio», «Roma»

May oyi oxirida «Bavariya» muxlislari so‘nggi yillardagi ulkan g‘alabalar ijodkorlarining bir qanchasi bilan xayrlashishdi. Hans-Diter Flik Germaniya termasida ish boshlamoqda, Xavi Martines Qatarga yo‘l oldi, Duglas Kosta «Gremio»ga qaytdi, David Alaba «Real»ga o‘tdi, Jyerom Boateng esa hozircha o‘ziga yangi ish joyi topgani yo‘q. Kelib chiqishiga ko‘ra Ganaga mansub bo‘lgan germaniyalik himoyachi «Bavariya»ga 10 yilini bag‘ishladi, jamoa bilan barcha turnirlarda kamida bir martadan g‘olib bo‘lgan, ammo endi uning faoliyatida pasayish boshlandi.

Patrik van Anholt
Yoshi: 30
Amplua: himoyachi
Transfer qiymati: 7 million yevro
So‘nggi klub: «Kristal Pelas»
Ehtimoliy marshrut: «Arsenal», «Inter»

Niderlandiya termasi himoyachisi Yevro-2020da yomon o‘ynamadi, shunday ekan, katta klublar yaqin orada unga taklif bilan chiqib qolsa ajab emas. Van Anholt shu vaqtga qadar «Kristal Pelas» darajasidagi o‘rtamiyona klublarda qanotda hukmronlik qilib kelgan, ammo u katta klublarda ham o‘yinini yo‘qotib qo‘ymasligi tayin.

Patrik van Anholt. Foto Getty Images

Frank Riberi
Yoshi: 38 yosh
Amplua: yarimhimoyachi
Transfer qiymati: 3 million yevro
So‘nggi klubi: «Fiorentina»
Ehtimoliy marshrut: Bundesliga klublari

38 yoshli fransuz futbolchisining Italiya klubi bilan amaldagi shartnomasi yakuniga yetdi. Florensiyaliklar Frank bilan kelishuvni uzaytirishmadi. Hozirda futbolchi erkin agent sifatida jamoasiz qolgan. Mart oyida Riberi Germaniya chempionatiga qaytmoqchi ekani va unga Bundesliga klublaridan takliflar borligi haqida xabar berilgandi.

Frank Riberi / GABRIELE MALTINTI/GETTY IMAGES

Lionel Messi
Yoshi: 34
Amplua: hujumchi
Transfer qiymati: 80 million yevro
So‘nggi klubi: «Barselona»
Ehtimoliy marshrut: «Barselona»

Messining shartnomasi bilan bog‘liq epopeya bir necha yildan buyon davom etadi. O‘tgan yil yozida argentinalik «Barselona»dan ketishiga bir baxya qoldi, ammo uni baribir qolishga ko‘ndirishdi - klub rahbariyati o‘zgarishi uning qolishida muhim omil  bo‘ldi. Ammo futbolchi va klub hamon yangi shartnoma imzolashmadi, shunday ekan 1 iyul kuni Messi 2000 yildan buyon ilk marta «Barselona» bilan shartnomasiz holda qoldi. Shu bilan birga, ko‘k-anorranglilar prezidenti Joan Laporta tomonlar hamkorlikni davom ettirishni istayotgani va tez orada murosaga kelinishini aytgan.

Lionel Messi. Foto Getty Images

Stevan Yovetich
Yoshi: 31 yosh
Amplua: hujumchi
Transfer qiymati: 5 million yevro
So‘nggi klubi: «Monako»
Ehtimoliy marshrut: «Latsio»

Chernogoriyalik forvard monegaskliklar klubida to‘rt yil o‘ynadi, ammo 2019 yil aprelida og‘ir jarohat olgach, zaxira futbolchisiga aylanib qoldi. Yovetich endi klubda qolmaydi — «Monako» forvardga yangi shartnoma taklif qilmadi va u endi A Seriyaga qaytishi kutilmoqda.

Mavzuga oid
Top