20:26 / 02.07.2021
25536
Rossiya NATO mashg‘ulotlari sababli Qora dengiz flotining barcha kemalarini dengizga chiqardi – Ukraina razvedkasi

Ukraina mudofaa vazirligi razvedkasida ta'kidlanishicha, Rossiya Qora dengizda Ukraina va NATOning qo‘shma mashg‘ulotlari Sea Breeze-2021 o‘tayotgani sababli butun Qora dengiz floti kemalarini dengizga chiqardi.

Foto: TASS

«Rossiya mashg‘ulotlar ortidan kuzatish uchun dengizga deyarli butun kemalar tarkibini chiqardi. Tajovuzkor davlat harbiy kuch qo‘llagan holda o‘z manfaatlarini himoyalashga tayyorligini ko‘rsatishga urinmoqda. Biroq Rossiyaga Qora dengizda kuch va vositalar yaqqol yetishmayapti», deb aytgan  Ukraina razvedkasi vakili Vadim Skibitskiy.

U Rossiyaning bu xatti-harakatlarini uning Qora dengiz shimolida ustunlikni yo‘qotishdan qo‘rqayotgani bilan tushuntirgan.

Skibitskiyning ta'kidlashicha, Rossiya dengizda qo‘llashga tayyor bo‘lgan kuchni mashg‘ulotlarda ishtirok etayotgan davlatlar salohiyatiga tenglashtirib bo‘lmaydi.

Uning aytishicha, Rossiya xalqaro hamjamiyat Ukrainaga ko‘rsatayotgan qo‘llab-quvvatlovdan qo‘rqadi.

Hozirda Qora dengizda NATOning Sea Breeze-2021 mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tmoqda. Bu bilan parallel ravishda Rossiya ham Qora dengizda o‘z mashg‘ulotlarini o‘tkazmoqda.

Rossiya tashqi ishlar vazirligida ta'kidlanishicha, AQSh va uning NATO bo‘yicha ittifoqdoshlari Qora dengizni qarama-qarshilik maydoniga aylantirishga intilmoqda, Sea Breeze mashg‘ulotlari esa Rossiyaga qarshi qaratilgan.

Top