12:26 / 02.07.2021
41933
Zelenskiy «gullab qo‘ydi»mi? Minskda qo‘lga olingan «vagnerchilar» masalasi yana kun tartibida

Bir yil oldin Belarusda Rossiyadagi «Vagner» xususiy harbiy tashkilotning 32 nafar jangarisi qo‘lga tushgani katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘tgan yil iyulida Minskdan Istanbulga ketayotgan «vagnerchilar»ni qo‘lga olish operatsiyasi haqida g‘alati gaplarni aytib, ham odamlarning e'tiborini yana o‘sha mavzuga qaratdi, ham o‘zining boshini baloga qo‘ydi.

«Xudoga shukr, u amalga oshmay qoldi», degan Zelenskiy operatsiya haqida gapirar ekan. Rasmiy Kiyev bu operatsiyaga tayyorlanganini hozirgacha rasman rad etadi. Zelenskiyning tanqidchilari prezident bu gapi bilan Ukraina maxsus xizmati tarixidagi eng katta operatsiya haqida «gullab qo‘ygan».

Nima bo‘lgandi o‘zi?

2020 yil 29 iyulda Minsk yaqinidagi sanatoriyada Rossiya fuqarolari bo‘lgan 32 kishi qo‘lga olinadi.

O‘shanda Belarusda prezidentlik saylovlari boshlanishiga 10 kun qolgan va siyosiy holat tarang edi. Lukashenko rossiyaliklar qo‘lga olingach, Xavfsizlik kengashini chaqirib, yig‘ilish o‘tkazadi. Yig‘ilishda Belarus Xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Valeriy Vakulchik qo‘lga olinganlar Rossiyadagi «Vagner» xususiy harbiy tashkilot a'zolari ekanini aytadi.

Bu operatsiyadan sal oldin Lukashenko saylov ko‘chalardagi namoyishlar sabab barbod bo‘lishi mumkinligi, bu provokatsiyalarda xususiy harbiy tashkilotlar zobitlari ham qatnashishi mumkinligini aytgandi. «Professional harbiy ko‘rinishidagi banditlar butun dunyoda provokatsiya orqali pul ishlashadi», degandi Lukashenko.

Rossiyaning Belarusdagi elchisi Dmitriy Mezensev qo‘lga tushganlar xususiy qo‘riqlash kompaniyasi vakillari bo‘lgani va ular Minskdan Istanbulga uchayotib, reysga kechikkanini aytadi. Biroq keyinroq Lukashenko qo‘lga tushganlar manzil Belarus bo‘lganini tan olganini aytdi. «Istanbul, Venesuela, Liviya haqidagi gaplar – safsata. Ular Minsk markazida tartibsizlik uyushtirish uchun kelgani aniq», dedi Lukashenko.

Sahnada Ukraina paydo bo‘ldi

Keyinchalik qo‘lga olinganlarning ro‘yxati Ukrainaga yuborilgani haqida ma'lumot paydo bo‘ldi. Belarus xavfsizlik kengashi bosh kotibi Andrey Ravkov qo‘lga olinganlarning 14 nafari Donbassda ro‘yxatga olinganini aytadi. Ukraina esa ularning 28 nafarini berishlarini so‘raydi. 5 avgust kuni Lukashenko hamda Zelenskiy o‘rtasida telefon suhbati o‘tkaziladi. Ular qo‘lga olinganlarni muhokama qilishadi. «Umid qilaman, bizning hududimizda jinoyat sodir qilganlar xalqaro huquq normalariga muvofiq bizga qaytariladi va tegishli tartibda jazolanadi», degandi Zelenskiy.

Aynan o‘sha kuni Lukashenko ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordonga intervyu berib, qo‘lga olinganlar hech kimga berilmasligini aytadi. «Kimnidir so‘rashdan avval uning aybini isbotlab berishi kerak», degandi Lukashenko. Ukraina tomoni esa Belarus ularga Donbassda tan olinmagan respublika tomonidan jang qilgan askarlarni qaytarishiga shubha qilmasligi haqida gapirayotgandi.

7 avgust kuni Lukashenko Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefonda gaplashadi. Kreml rasmiy saytida bu muammo «ikki tomon uchun manfaatli yechim topishi gaplashilgani haqida» ma'lumot bergandi. 14 avgustda qo‘lga olingan 32 rossiyalik Rossiyaga qaytariladi. Ma'lum bo‘lishicha, ular bilan uchrashgan Lukashenkoning xavfsizlik masalalari bo‘yicha yordamchisi va o‘g‘li Viktor qo‘lga olingan Rossiya fuqarolaridan kechirim so‘ragan.

«Vagnerchilar»ni bir yerga yig‘ib, ulardan kechirim so‘rashgani va mashinaga ortib Rossiyaga yuborishganini ularning manfaatini himoya qilgan Anton Gashinskiy ham tasdiqladi. Vaholanki ularni topshirish bo‘yicha Ukrainadan so‘rov bo‘lgandi.

«Bu harakatni yumshoq qilib adolatsizlik deb atay qolamiz. Uning oqibati esa ayanchli bo‘ladi. Biroq o‘sha «vagnerchilar» ham anglab yetishi kerakki, ular qachondir javob berishadi. Qonun oldida va Xudo oldida. Hammasini vaqt ko‘rsatadi», degandi o‘shanda Zelenskiy «vagnerchilar»ning Rossiyaga berib yuborilgani haqida.

Maxsus operatsiya

Rossiyaliklarning qo‘lga olinishi, keyin ularning ozod qilinishi butun boshli detektiv uchun arzirli holat aslida. O‘tgan yil 7 avgust kuni bu voqea haqida «Komsomolskaya pravda» nashrida qiziq ma'lumot paydo bo‘ldi. Unga ko‘ra, Minskda rossiyalik sobiq harbiylarning qo‘lga tushishi Ukraina maxsus xizmatlarining provokatsiyasi bo‘lgan. Ya'ni, go‘yoki Ukraina maxsus xizmati tashkil qilgan operatsiyaga ko‘ra maxsus tayyorlangan odamlar telefon orqali sobiq xususiy harbiy tashkilot zobitlarini Suriya va Rossiyadagi neft kompaniyalariga qo‘riqchi sifatida taklif qiladi. Ularga Ukrainada joylashgan agentlik orqali chipta buyurtma qilishgan. Keyin 32 nafar rossiyalikning Belarusga borishi haqida mamlakat xavfsizlik xizmati vakillariga ukrainalik hamkasblari xabar berishgan. Nashrning yozishicha, shu orqali Ukraina Belarusdagi saylov oldidagi Minsk va Moskva o‘rtasiga nifoq solishni maqsad qilgan.

O‘shanda Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova rossiyaliklarning Minskda qo‘lga tushishini uchinchi tomonning provokatsiyasi deb aytgandi. Lukashenko esa bu variantni fantastika sifatida baholagan. Ukrainada bu holat juda jiddiy muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mahalliy «Tsenzor» nashri bosh muharriri Yuriy Butusov aslida Minskda Ukraina, Amerika va Turkiya maxsus kuchlari ishtirok etishi kutilgan katta maxsus operatsiyaning oldi olinganini aytdi.

Butusovning versiyasiga ko‘ra, Ukraina maxsus xizmatlari bir yildan oshiq vaqt davomida katta tayyorgarlik ko‘rib, aslida mavjud bo‘lmagan Venesueladagi neft konlari uchun qo‘riqchilar qidirishadi. Ular asosan sobiq «vagnerchilar» orasidan izlanadi. Shuningdek, tanlab olinganlar orasida Donetsk osmonida 2014 yil MH-17 samolyotini urib tushirishda qatnashgan harbiylar ham bo‘lgan. Ular 2020 yil 25 iyul kuni Minsk-Istanbul reysi bo‘ylab uchishi kerak bo‘lgan. «Rejaga ko‘ra ularni olib uchgan samolyot biror sabab bilan Ukrainaga qo‘nishi, ichidan terrorchilar qo‘lga olinishi va samolyot parvozni davom ettirishi kerak bo‘lgan», deydi jurnalist.

Butusovning aytishicha, samolyot uchishidan biroz avval Ukraina prezidentining ofisida yig‘ilish bo‘ladi. Unda Ukraina harbiy razvedkasi rahbari Vasiliy Burba va Xavfsizlik xizmati rahbari Ruslan Baranetskiy operatsiyaning hal qiluvchi bosqichi haqida ma'lumot berishadi. Prezident administratsiyasi rahbari, Kiyev hamda Moskva o‘rtasidagi asosiy aloqachi Andrey Yermak esa operatsiyani bekor qilish kerakligini, ular Donbassda 27 iyul kuni imzolanishi kutilgan katta tinchlik shartnomasini bekor qilishga qodir ekanini aytadi.

Shundan keyin operatsiyani go‘yoki 30 iyulga qoldirishadi, barcha rossiyaliklarga chiptalar qaytadan bron qilinadi. Biroq parvozdan bir kun oldin 32 «vagnerchi» qo‘lga olinadi. Bu boradagi Zelenskiy qabulida o‘tgan keyingi yig‘ilishda janjal bo‘lib ketadi. Unda harbiy razvedka rahbari Burba operatsiya barbod bo‘lganini tekshirishni, oldingi majlisda qatnashganlarning barchasini so‘roq qilishni talab qiladi. Uning fikricha, ichkarida xoin bo‘lgan. Biroq bu qarshilik Burbaning iste'fosi bilan yakunlanadi. U 2020 yil 5 avgustda Zelenskiy tomonidan iste'foga chiqarilgan.

Keyingi bir hafta davomida Yuriy Butusov bu holat bo‘yicha bir qator hujjatlarni e'lon qiladi. Xususan, qo‘lga olinganlarning samolyotda qanday o‘tirishi sxemasi, maxsus operatsiya o‘tkazilishini isbotlaydigan «vagnerchilar» bilan telefon suhbatlari shular jumlasidan. Ukraina harbiy razvedkasi sobiq rahbari Vasiliy Burba jurnalistlar bilan bu borada gaplashishni rad etadi. Yangi rahbar Kirill Budanov va mamlakat xavfsizlik xizmati Ukraina tomoni qandaydir operatsiyada qatnashganini inkor qiladi.

VVS bilan suhbatda Ukraina Xavfsizlik kengashining sobiq bosh kotibi Aleksandr Turchinov bu operatsiyada Ukraina va boshqa xorijiy maxsus xizmatlarning ishtirokini tasdiqlaydi. U oldingi prezident Petro Poroshenko vaqtida mamlakat harbiy blokni nazorat qilgan. Uning gaplaridan ma'lum bo‘ladiki, Ukraina bu operatsiyaga sobiq prezident Poroshenko davridanoq tayyorlanib kelgan.

Bu borada ko‘pchilik uchun eng ishonarli gapni Rossiya prezidenti Vladimir Putin aytgandi: «Bu Ukraina va Amerika maxsus xizmatlarining qo‘shma operatsiyasi bo‘lgan. Bu aniq ma'lumot».

Ukraina tomoni esa bunday operatsiyada qatnashgani, prezident qabulidagi yashirin uchrashuv haqidagi ma'lumotlarni ko‘p marta rad etgan. Kiyev operatsiyada Ukrainaning ishtiroki ilk marta Rossiya matbuotida chiqqaniga e'tibor qaratib, bu agressor davlat tomonidan qilingan ig‘vo ekanini iddao qildi. Shuningdek, Kiyevning izohida zamonaviy dunyoda samolyotni to‘xtatish, garchi uning ichida terrorchi bo‘lsa ham, imkonsiz ekanini ma'lum qilgan (ular Protasevichning Belarus osmonida qo‘lga olingach, bu fikrlarini o‘zgartirishgan bo‘lsa kerak).

Zelenskiy «gullab qo‘ydi»mi?

Roman Protasevichning Afinadan Vilnyusga uchayotgan samolyotdan bosmachilarcha tushirib olinishi ukrainaliklarning «vagnerchilar» masalasiga yana qaytishiga sabab bo‘ldi.

«Bunaqa ishlardan eng ko‘p foydani Rossiya oladi. Aynan o‘sha yerda Ukraina uchun shunga o‘xshagan ssenariylar tayyorlanadi. Bu orqali Ukraina osmoni xavfli degan taassurot uyg‘otmoqchi bo‘lishadi», degan Ukraina prezidenti maslahatchisi Mixail Podolyak.

Bir necha kun oldin «vagnerchilar» mavzusiga Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning o‘zi ham qaytdi. «Belarusda nimalar bo‘lganini, samolyotni qanday qo‘ndirishganini, bunday maxsus operatsiyalar nima bilan tugashini ko‘rdik», dedi Zelenskiy «1+1» telekanaliga bergan intervyusida.

Prezident «vagnerchilar» haqida shunday dedi: «Bu aniq bizning operatsiya emasdi. Bu operatsiyaning g‘oyasi mavjud bo‘lsa ham u bizniki emas. Yagona haqiqat shuki, bizni bu ishga imkon qadar aloqador qilishga urinishdi».

U oldinroq «vagnerchilar» haqidagi operatsiyani safsata deb atagandi.

Zelenskiy qo‘lga olingan rossiyaliklar haqida Lukashenko bilan telefonda gaplashganini yodga oldi. «U telefonda meni tushunishini aytdi. «Vladimir Aleksandrovich, men senga qanday munosabatda ekanimni, Ukrainani qanchalik yaxshi ko‘rishimni bilasan, seni uyaltirib qo‘ymayman, hammasi joyida bo‘ladi», deb aytdi. Lukashenko u qotillarni bizga topshirishiga shubham yo‘q edi. Biroq nima bo‘lsa bo‘ldi», dedi Ukraina yetakchisi.

Uning aytishicha, Lukashenko bilan suhbatda qo‘lga olinganlarning qanday ish bilan shug‘ullangani, qanday o‘tmishga ega ekani haqida alohida ogohlantirgan. Biroq ogohlantirish operatsiyadan oldin bo‘lganmi yoki keyin – bunga aniqlik kiritmadi. Bu esa jiddiy muammolar keltirib chiqardi.

«Bu davlatga xiyonatmi?»

Ko‘pchilikning fikricha, Zelenskiy o‘z intervyusida «vagnerchilar» haqida Lukashenkoni ogohlantirish haqida gapirgani uning «gullab qo‘ygani» hisoblanadi. Bunday fikrdagilarning qarashiga ko‘ra, Belarus tomonini operatsiya haqida qandaydir oddiy odam emas, Ukraina prezidentining o‘zginasi xabardor qilgan.

«Hozir Zelenskiyning intervyusidan tushunishim bo‘yicha, u «vagnerchilar» haqida ma'lumot sizdirganini tan oldi, shundaymi?» deb yozadi Petro Poroshenkoning «Yevropacha birdamlik» partiyasidan Radaga saylangan deputat Vladimir Arev.

Bu borada Zelenskiyning vakillari tezda tuzatish kiritib, prezident Lukashenko bilan «vagnerchilar» qo‘lga olinishidan oldin emas, keyinroq 5 avgustda gaplashganini aytishdi. Biroq Zelenskiyning tanqidchilarini bu izoh qanoatlantirmadi. Ular prezident bu gapi bilan kamida operatsiya bo‘lganini tan olganini aytishmoqda.

«Prezident vakillari o‘tkazilgan maxsus operatsiya uchun javobgarlikni xalqaro hamkorlarga to‘nkashmoqchi. Bizning dushmanlarni ushlab bermoqchi bo‘lganlar endilikda bizdan foydalanishda ayblanmoqda», deb yozadi yana bir muxolif deputat Roman Kostenko.

«Bu yerda huquqshunoslar bormi: aytingchi Zelenkiyning qilgan ishi davlatga xiyonat hisoblanadimi, yo‘qmi? Endilikda AQSh bilan munosabatlar nima bo‘ladi?» deb yozdi jurnalist Ivan Solovey. U Zelenskiy go‘yoki tilidan «gullab qo‘ygani» uchun AQSh bilan munosabatlar va NATOga kirishda muammoga duch kelishiga ishora qilgan. «Agar bunday operatsiya o‘tkazilgan va unda chindan amerikaliklar qatnashgan bo‘lsa», deb qo‘shimcha qilgan jurnalist.

Bellingcat surishtiruvini kutib

Agar ishga jiddiy qaraydigan bo‘lsak, Zelenskiy chindan «Bu ishga Ukrainani aralashtirishga urinishdi», «Bu Ukrainaning foydasiga ishlamasdi» degan gaplari bilan nimani nazarda tutayotganini aniq tushuntirmagan. VVS vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Zelenskiyning maslahatchisi Mixail Podolyak bilan bog‘landi. U holat haqida gapirar ekan, prezident Rossiyani nazarda tutganini aytdi.

«Shubhasiz, «vagnerchilar»ning Belarusda paydo bo‘lib qolishi Rossiya maxsus xizmatlarining aralashuvisiz amalga oshmagan bo‘lardi. Bu ishni qilganlar o‘zining geosiyosiy vazifalarini [xususan Belarusdagi] bajarishda Ukrainadan foydalanishga uringan. Ukraina maxsus operatsiya haqida ertak to‘qiyotgan Rossiyaning gaplariga laqqa tushmaydi, havoda qaroqchilik bilan shug‘ullanmaydi va belgilangan huquq normalaridan chetga chiqmaydi. Bunday gaplarni aytish uchun juda ko‘p isbot ko‘rsatish kerak bo‘ladi. Bunday ma'lumotlarni esa o‘sha Moskvadan turib ham topib bo‘lmaydi.

«Vagnerchilar»ning Belarusda paydo bo‘lib qolishi qandaydir maxsus operatsiyaning bir qismi ekaniga shubha yo‘q, lekin bu Ukrainaning rejasi bo‘lgani haqida gapirish – safsata va Rossiya propagandasidan boshqa narsa emas. Yana takrorlayman, bu xayoliy detektivda Ukraina haqida aytilayotgan har bir fakt soxtadir», degan Podolyak.

Bu operatsiya haqida faqat mish-mishlar va tasdiqlanmagan ma'lumotlar tarqalayotgan bir vaqtda ko‘pchilik ukrainaliklar Bellingcat nashrining surishtiruvini kutishmoqda. Chunki aynan shu nashr bir necha marta Rossiyaga aloqador jiddiy ishlarni surishtirdi. Bunday surishtiruv chiqishi haqida Yuriy Butusov o‘tgan yildayoq aytgandi, biroq uning nashr qilinishi bir necha marta kechiktirildi.

«Surishtiruv chiqishi aniq, 500 foiz aniq. Faqat biz o‘rganishni boshlagandan keyin ko‘p narsa bo‘lib ketdi. Navalniy va Bikov bilan bo‘lgan ishlar, Chexiyadagi portlashlar, bularning hammasiga e'tibor qaratish kerak edi. Bu uchun esa qo‘shimcha vaqt va resurslar kerak bo‘ldi», degan surishtiruv guruhi a'zosi bo‘lgan Xristo Grozev.

Bellingcat surishtiruvi «vagnerchilar» qo‘lga olinishining bir yilligi munosabati bilan e'lon qilinishi kutilgandi, biroq hozircha undan darak yo‘q.

Top