07:32 / 03.07.2021
5824
«Havo harorati tushunchasi to‘g‘risida boshqa o‘lchovlar bilan chalg‘imaslik lozim» - «O‘zgidromet»
Foto: KUN.UZ

“O‘zgidromet” ijtimoiy tarmoqlarda ob-havo ma'lumotlarining ishonchli ekani borasida tarqalgan savollar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Qayd etilishicha, 150 yildan beri havo harorati Selyaninov budkasi ichiga o‘rnatilgan termometr ko‘rsatkichlari yordamida aniqlanadi. 

Bildirilishicha, havo harorati 2 metr yuqoriga o‘rnatilgan taxta quticha ichidagi termometr ko‘rsatkichlari yordamida o‘lchanadi. Bu quticha "psixrometrik budka" yoki "meteorologik budka" ham deyiladi. Budka 1,75 metrli qo‘zg‘almas, mustahkam temir tayanchlar ustiga o‘rnatiladi. Budka ichida vertikal ko‘rinishdagi termometr (TM-4)lar havo harorati qiymatini ko‘rsatsa, gorizontal holatdagi termometr (TM-1 va TM-2) sutka davomida kuzatilgan maksimal va minimal havo harorati qiymatlarini qayd etadi. Ba'zan budka ichiga havo nisbiy namligi o‘zgarishini aniqlab boruvchi uskuna ham joylashtiriladi.

“Yoz oylarida havo haroratining inson o‘rtacha tana harorati (+36,6 daraja Tselsiy)dan yuqorilab ketishi kishilarda ob-havo xizmatlari berayotgan yoki prognoz qilayotgan havo harorati qiymatlarida shubhali raqamlar ko‘rsatayotgandek ishonqiramaslikni yuzaga keltiradi.

Havo harorati - bu aynan 2 metr yuqoridagi atmosferadagi havoning haroratidir. Qandaydir devorga ilingan yoki asfalt, temir darvoza ustidagi termometrdagi ko‘rsatkich emas. Ular ko‘rsatgan qiymat havo haroratini bermaydi. Qizib turgan qandaydir jism sirtidagi haroratni ko‘rsatadi. Havo harorati tushunchasi to‘g‘risida boshqa o‘lchovlar bilan chalg‘imaslik va yanglish fikrlar yuritmaslik lozim”, deyiladi ma'lumotda.

Top