14:51 / 04.07.2021
20820

Daraxtlarga qo‘shib, yana nimalarni yo‘qotyapmiz?

Toshkentdagi keng ko‘lamli qurilishlar daraxtlarning ayovsiz kesilishi va shahardagi chang miqdori keskin ortishiga sabab bo‘layotgani afsuslanarli. Qurilishlarni tartibga solish va tiyib turish uchun poytaxt bosh rejasini ishlab chiqish esa yildan yilga kechikyapti.

Kun.uz ro‘y berayotgan bu jarayonlar haqida ekofaol, arxitektor, gidrometeorolog va xalqaro mutaxassis fikri bilan qiziqdi.

“Soya beruvchi daraxtlar – zanjirning muhim qismi”

Temurbek Ahmedov, xalqaro ekspert:

— Harorat ko‘tarilganda binolarda konditsionerlar yoqiladi. Konditsionerlar ishlashi uchun elektr energiyasi kerak. Buning uchun elektrostansiya ishlashi kerak. Elektrostansiyada elektr ishlab chiqarish uchun esa ko‘mir yoki gaz yoqiladi. Ya'ni buning hammasi – bir-biriga ulangan zanjir.

Harorat ko‘tarilgach, mashinalar ham konditsionerni yoqadi. Natijada ko‘proq benzin yoqiladi. Bu – havo sifati yomonlashishiga olib keladi...

Agar daraxtlar bo‘lsa, ular soya beradi. Soya esa haroratni tushiradi. Temperatura pasaysa, demak, konditsionerni sal kamroq ishlatasiz.

Bino yonida daraxt tursa, u 10-20 foiz kamroq elektr ishlatishi mumkin.

“Sog‘lom daraxtni kesish uchun uni atayin kasal qilishgacha borishyapti”

Nargis Qosimova, ekofaol:

— Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra, inson erkin nafas olishi, kayfiyati yaxshi bo‘lishi, umuman olganda normal hayot kechirishi uchun 60 kv.m. yashillik kerak. Bu faqatgina daraxtlar emas, balki butalar, maysazor bo‘lishi ham mumkin. Nima uchun butalar? Chunki katta yo‘lning chetiga ekilgan butalar avtomobillar shovqinini kamaytiradi, avtomobildan chiqadigan is gazi va boshqa zararli moddalarni o‘zida ushlab qoladi.

Hozirgi kunda archa (mojjyevelnik) ko‘p ekilyapti. Ammo issiq iqlimli mamlakat bo‘lganimiz sabab sathi keng bargli daraxtlar ko‘proq bo‘lishi kerak. Bunday daraxtlar soya beradi, changni, zaharli moddalarni o‘zida ushlab qoladi.

Archalarni, birinchidan, doimiy sug‘orib turish kerak, issiqqa chidamaydi; ikkinchidan, ular – ignabargli daraxt, ya'ni ularga qush qo‘na olmaydi, in ham qura olmaydi. Bu degani shaharda yashayotgan hayvonot dunyosi yo‘qotilishiga o‘zimiz zamin yaratib beryapmiz.

Daraxtlar orasida O‘zbekiston uchun chinorning muqobili yo‘q. Biologlarning aytishicha, birinchidan, chinor bargining kengligi uchun yetarlicha soya beradi, ikkinchidan, tomirlari sizot suvlarini ushlab turadi, chunki O‘zbekistonda sizot suvlari yer sathiga yaqin joylashgan. Ozroq yomg‘ir yog‘sa, sizot suvlar tepaga chiqadigan bo‘lsa, sho‘rni yuvib chiqadi va sho‘rlanish paydo bo‘ladi. Sho‘rlanishni yuvish uchun esa suvning o‘zi tanqis.

Uchinchidan, chinor turli zararkunandalarga chidamli, uzoq yil yashaydi, mustahkam daraxt. Afsuski, chinor hozir “Qizil kitob”ga kiritilgan.

Noqonuniy qurilishlar ko‘p. Eng achinarlisi, o‘sha yerdagi daraxtlar kesib tashlanyapti. Qurilish qilayotgan tadbirkorlar juda "aqlli" bo‘lib ketishgan: daraxtlar tagiga kerosin yoki benzin quyishadi, daraxt o‘z-o‘zidan quriydi va ekologiya inspektori daraxtni kesib tashlash haqida xulosa berishiga to‘g‘ri keladi. Yoki daraxtlarni yarmigacha chopib qo‘yishyapti, tabiiyki, daraxt qurib qoladi.

“Chang ko‘tarilishini baland-baland daraxtlar ushlab turardi, bunday daraxtlar esa kamayib ketyapti”

Gidrometeorologiya xizmati boshqarma boshlig‘i Doniyor Turg‘unov bu haqda batafsil ma'lumot berdi:

— Changli bo‘ronlar atmosfera hodisasi sanaladi. Asosan bahor oylarida, yoz boshida kuzatiladi. Bu hodisa Markaziy Osiyo hududi uchun begona emas. Changli bo‘ronlar cho‘l va chala cho‘l hududlarida sodir bo‘ladi. Toshkent cho‘l va chala cho‘l hududlariga kirmaydi.

Toshkentdagi chiroyli binolarimizni qurish jarayonlari tufayli shahrimizda changlar nisbatan ko‘proq to‘planmoqda. Shamol esganda ular yuqoriga ko‘tariladi, ularni ushlab turuvchi baland-baland daraxtlarimiz kamayib ketdi. Hozir ular o‘rniga kichik manzarali daraxtlar ekilyapti.

Natijada Toshkent havosi tarkibidagi chang miqdori sezilarli oshmoqda. Masalan, 2020 yil may oyida shahar atmosfera havosida chang miqdori oshib ketishi 13 kunni tashkil qilgan bo‘lsa, 2021 yil esa bu muddat 20 kunni tashkil qilgan. Ammo ta'kidlash kerak, bu ko‘rsatkich vahima qiladigan holat emas.

“Toshkent shahrining yagona qiyofasi yo‘q, ommaviy qurilishlar qanday oqibatlarga olib kelishini hisobga olmaganmiz”

Taxmina Turdialiyeva, arxitektor:

— Nafaqat Toshkent, balki butun O‘zbekiston shaharsozlik siyosatisiz rivojlanyapti. Bu degani shaharlarimizning umumiy obrazi yo‘q. Qanday obrazga intilib qadam bosayotganimizni o‘zimiz bilmaymiz.

Toshkent deganda umumiy tasvir ko‘z oldingizga kelmaydi. Shaharning umumiy kompleks yechimi yo‘q. Toshkentni tasvirlaydigan “O‘zbekiston” mehmonxonasi, “Interkontinental” kompleksi, teleminora kabi alohida binolarni tasavvur qilasiz. Lekin umumiy shahar sifatida oladigan bo‘lsangiz, yagona obraz yo‘q.

Zamonaviy, namunali shaharlardan biri Nyu-Yorkda Manhettenni ko‘z oldingizga keltira olasiz. U umumiylashib ketgan shaharcha, u yerda bitta osmono‘par bino hech nimani hal qilmaydi. Kompleks binolar birlashib, yagona Manhettenni tashkil qiladi va o‘ziga xos qiyofa yuzaga keladi. Mana shu shahar obrazi deyiladi.

Toshkent misolidan aytadigan bo‘lsak, shahar yagona obrazsiz rivojlanyapti. Hozirgi qurilayotgan binolar keyinchalik bizning umumiy obrazimizga qanchalik to‘g‘ri kelishi hisobga olinmayapti, ya'ni yagona strategiya yo‘q. Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent Markaziy Osiyoning biznes markaziga aylanishi kerak, degan fikrni bergandi. Prezidentimiz shunday yo‘nalishni aniqlab berdi deylik, lekin Markaziy Osiyoning biznes markazi qanday qiyofada bo‘lishi kerak, degan savolga javob mas'ullarimizda bor-yo‘qligini bilmayman.

Shaharning umumiy-ijtimoiy konsepsiyasini aniqlash va uning yagona qiyofasini yaratish – alohida-alohida tushunchalar. Prezidentimiz yo‘nalish bergan bo‘lsa, uni qanday amalga oshirishni bilmaymiz. Ko‘p narsa arxitektorlarga bog‘liq. Shaharsoz-arxitektorlar yig‘ilib, shaharning umumiy qiyofasi haqida g‘oyalarni ishlab chiqishlari kerak.

Bu narsa shaharning bosh rejasiga borib taqaladi. Toshkentning bosh rejasi adashmasam o‘tgan asrning 70-yillarida, 1966 yilgi Toshkent zilzilasidan keyin ishlab chiqilgan. Odatda, bosh reja 20-30 yilga mo‘ljallab tuziladi. 2000-yillarda bu bosh reja eskirganini hisobga olsak, o‘shandan beri hozirgacha Toshkent bosh rejasiz rivojlanyapti.

Buning sabablarini o‘zim uchun topishga harakat qildim va javoblarni topdim. Hukumat a'zolari, mas'ullar tez amalga oshiriladigan loyihalarga ishqiboz. Loyihani tez amalga oshirsa, natijasini olsa, rahbarining ko‘nglini topsa bo‘ldi. Bu umuman olganda, yomon emas, lekin shaharni rivojlantirishda qandaydir balans bo‘lishi kerak. Yuzaki ishlar ko‘payib ketyapti, muhim jarayonlar esa keyinga qoldirilyapti. Mas'ullar bu haqda o‘ylashyapti, lekin ortga surishyapti. Yillar ketidan yillar o‘tib ketyapti.

Shahar bosh rejasi ham xuddi shunday ko‘p vaqt talab qiladigan jarayon. Bunga 3-4 yil vaqt va katta xarajat talab qilinadi. Hukumatga hozir shahar bosh rejasi kerakmas, chunki bosh reja bor degani ommaviy qurilishlarga nisbatan cheklovlar borligini anglatadi.

Yaqinda qurilgan “Magic City”ni olaylik. Bunday majmua balki bizga kerakdir, lekin ular mavjud infrastruktura ustiga qurilishi kerak emas. Bor infrastrukturani yo‘q qilib, yangisini yaratishga harakat qilmasligimiz kerak. Bir sohaga zarar keltirib, ikkinchisini yurgizishga harakat qilyapmiz. Bu – muvozanatni yo‘qotayotganimizni anglatadi.

Xitoyda ishlaganimda guvoh bo‘lgandim, u yerdagi normativlarga ko‘ra, shaharlar umumiy hududining 70 foizi yashillikdan iborat bo‘lishi kerak. Bino qurilayotgan maydonning 55 foizi binoning o‘zi uchun, 45 foizi esa yashil hududdan iborat bo‘lishi kerak, degan talab qo‘yiladi. Binolar atrofidagi yashil zonalardan tashqari, shaharda parklar ham bo‘ladi, hammasi hisobga olinadigan bo‘lsa, 70 foizga aylanadi.

Muhabbat Ma'mirova, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

P.S. Kun.uz ekologiya mavzusidagi turkum materiallari bilan ushbu global muammoga jamoatchilik e'tiborini qaratishda davom etadi.

Top