22:01 / 04.07.2021
18297

«Avval kuzatilmagan falokat» - Kipr o‘rmon yong‘inlari domida qoldi. Hukumat yordam so‘ramoqda

O‘rta Yer dengizi bo‘yidagi davlatlar orol hududining janubiy qismini qamrab olgan kuchli o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashayotgan Kipr hukumatiga yordam yubormoqda. Mamlakat prezidenti bu yong‘inni respublika tarixidagi bemisl ofat deb atadi.

Hozirgacha Gretsiya, Italiya va Isroil o‘t o‘chirish samolyotlari, o‘t o‘chiruvchilar va maxsus texnikalar yuborgani haqida xabar bergan. Orolga joylashtirilgan britan harbiylari allaqachon olovni o‘chirish ishlarida faol ishtirok etmoqda.

Kipr Ichki ishlar vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, yong‘in hududlaridan to‘rt kishining jasadi topilgan. Bu jasadlar shanba kuni yong‘in ichida qolib ketgan avtomobil topilgach, bedarak yo‘qolgani xabar qilingan Misrdan kelgan qishloq xo‘jaligi ishchilarinikidir.

Shanba kuni kunduzi Lamasola tumanidagi Arakapas qishlog‘i yaqinida kuchli yong‘in boshlangan, yakshanbaga o‘tar kechasi qo‘shni qishloqlarga tarqalgan: Eptagoniya, Akapnos, Oras, Melini va Sikopetras.

«U bo‘ron kabi bostirib kelmoqda va barchasini yakson etmoqda», degan Arakapas qishlog‘i oqsoqoli Vassos Vasiliu.

O‘t o‘chirish xizmatlari yong‘in tog‘li hududlar va Maxeras o‘rmoni orqali keng tarqalib ketishining oldini olishga harakat qilmoqda.

Kuchli shamollar hamrohlik qilayotgan yong‘in Limasoladan shimol va sharqdagi hududlar tomon harakatlanmoqda: ko‘plab qishloqlar aholisi evakuatsiya qilingan, o‘nlab uylar butunlay yonib ketgan.

Yong‘inlar 55 kvadrat kilometrdan ko‘proq maydonni qamrab olgan. Unga qarshi 70ta o‘t o‘chirish mashinasi kurash olib bormoqda.

So‘nggi haftada Kiprda issiq havo hukm surmoqda: mamlakatning ba'zi hududlarida harorat 40 darajaga yetgan. Biroq hukumat yong‘inlarda inson qo‘li bor bo‘lishi mumkinligini gumon qilmoqda.

Hukumat yong‘in keltirib chiqarishda gumon qilinayotgan 67 yoshli erkak ushlangani haqida ma'lum qilgan. Mahalliy aholi vakillari politsiyaga olov boshlangan vaqtda Arakapas qishlog‘idan qochib ketayotgan odamni ko‘rishgani haqida aytishgan.

Limasolada yashovchi Yuliya BBC rus xizmati muxbiri bilan suhbatda ayni vaqtda shaharda vaziyat barqarorligi, kuchli yong‘inlar tog‘li hududlarda bo‘layotganini aytgan.

«Rus tilli radioda tog‘larga safar qilishdan tiyilish so‘ralmoqda, yo‘llar yopiqligidan ogohlantirishmoqda. Limasolaning o‘zida havo issiq, ammo bu yilning shu vaqti uchun odatiy holat», degan u.

Mamlakat prezidenti Nikos Anastasiadis yong‘inni bemisl va halokatli deb atagan.

«Bu avval hech kuzatilmagan fojia, faqat 1974 yilgi bosqinni [turk askarlari]  hisobga olmaganda. O‘nlab hayotlar, ko‘chmas mulk, yer va o‘rmon yo‘q bo‘lmoqda. Bu eng vayronkor yong‘in bo‘lmoqda, afsuski, o‘lim holatlari tasdiqlangan. Hukumat jabrlanganlar va halok bo‘lganlar oilalariga zudlik bilan yordam ko‘rsatadi. Biz hech kimni e'tiborsiz qoldirmaymiz», degan .

Yong‘in sezilarli darajada kuchaygach, Kipr rasmiylari xalqaro ko‘mak so‘rab murojaat qilgan.

Isroil Kiprga o‘t o‘chirish aviatsiyasi va o‘t o‘chirish vositalarini yuborgan. Gretsiya va Italiya ham o‘t o‘chirish samolyotlari bilan yordam ko‘rsatgan.

Nikos Anastasiadis ushbu mamlakatlarga yordam uchun minnatdorchilik bildirgan va birinchi navbatda insonlar hayotini saqlab qolishga e'tibor qaratilishini bildirgan.

«[Yuqori] harorat, kuchli shamol - biz uchun eng katta xavf, ayniqsa gap inson omili haqida ketsa», deya qayd etgan Anastasiadis.

U yong‘indan jabrlanganlarga va qurbonlarning oilalariga yordam ko‘rsatilishini va'da qilgan. Jurnalistning aybdorlarning javobgarlikka tortilishi masalasida berilgan savoliga javoban  prezident dastlabki hibsga olish ishlari o‘tkazilganini ma'lum qilgan.

«Men barchani ongsiz, qasddan yoki ehtiyotsizlik bilan bunday falokatlarga sabab bo‘luvchilarga nisbatan hushyor bo‘lishga chaqiraman», deya qo‘shimcha qilgan Anastasiadis.

«Bu Kipr tarixidagi eng dahshatli yong‘in», degan Omega TV telekanali muxbiriga o‘rmon xo‘jaligi departamenti rahbari Xaralambos Aleksandru.

Yevrokomissiya Copernicus sun'iy yo‘ldoshi olovning tarqalishini kuzatish va jabrlangan hududlardagi holatni baholash uchun yo‘naltirilganini ma'lum qildi.

Ayni vaqtda bir qancha vertolyot va samolyotlar Limasoladan uzoq bo‘lmagan Akrotiri bazasidagi britaniyalik harbiylar ko‘magida olovni o‘chirish ishlarida qatnashmoqda.

Top