09:25 / 05.07.2021
18675
«Rasm va videolari internetda yuribdi» – Odob-axloq qoidalarini buzgan sudyalar ishdan bo‘shatilgani ma'lum qilindi

Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov Toshkent viloyati sudlarining sudyalari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda hududdagi ayrim sudyalar lavozimidan chetlatilgani haqida ma'lum qildi.

Uning aytishicha, mas'uliyatsizlik va odob-axloq qoidalarini buzgani uchun so‘nggi bir oyda viloyatdagi to‘rt nafar sudya – Olmaliq shahar sudi raisi, Bekobod va Yuqori Chirchiq tuman sudlari sudyalari hamda Toshkent viloyat ma'muriy sudi sudyasi o‘z lavozimidan chetlatilgan.

«Yaxshi sudyalar edi, bilimli edi, sudya bo‘lib ishlashga layoqati bor edi. Lekin faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchilik bo‘yicha uni sudya qilib ishlatib bo‘lmaydi. Bu Kengashning xulosasi, mening xulosam emas.

Boshqa kasb egalari faqat ish joyida ma'lum cheklovlar va tartib-qoidaga rioya qilishi kerak. Sudya esa ko‘chani qo‘ying, uyida ham nimalardir mumkin, nimalardir mumkinmas», deydi Xolmo‘min Yodgorov.

Kengash raisi ishdan bo‘shatilgan bir sudya misolida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni so‘zlab berdi.

«Bir sudyamizni maqtab, ikki marta menga olib kirishdi. “Maktabga o‘qituvchi qilib olaylik, bu juda zo‘r” deb. Men hayron qolyapman, bu o‘zi 3 yilgina ishlagan bo‘lsa, boshqa ko‘p yil ishlagan sudyalar bor, nima qilib zo‘r bo‘lib qoldi bu, deb.

Oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan, 4-5 kun ichida ayoli kelib o‘tiribdi. “Ikki farzand bilan meni tashlab ketdi, na yordam beradi, na holing qanday deb so‘raydi. Bolalarim bilan kasal bo‘lib qoldik. Nomiga so‘rab qo‘ygani yo‘q. Sudya shunday bo‘lishi mumkinmi?” deb menga savol berdi.

Soy bo‘yida yarimyalang‘och bir qiz bilan rasmga tushibdi. Youtube’da yuribdi o‘sha rasm-videolar.

Surishtirdik. O‘sha keyingi yetaklab yurgani 4 marta turmushga chiqib-ajrashgan ayol ekan. Shunga ikkita gulday voyaga yetib qolgan farzand bilan ayolini almashtiribdi.

Faoliyatini o‘rgansak, umuman toqat qilib bo‘lmaydigan. Keyin nima qildik – javobini berib yubordik boshqa joydan ish izla deb», deya kengash raisining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top