13:27 / 05.07.2021
26617

Toshkent metropolitenidagi qurilish ishlarida 899 mln so‘m talon-toroj qilingani aniqlandi

Toshkent halqa yo‘li yerosti metropolitenida olib borilgan qurilish ishlarida 899 million so‘m talon-toroj qilingan. Transport prokurori Ma'rufxon Xo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, «mansabdor shaxslarning o‘z ishiga mas'uliyatsizligi oqibatida jami 650ta inson omili bilan bog‘liq kamchiliklar» aniqlandi.

Respublika transport prokuraturasi tomonidan tanqidiy-tahliliy o‘rganish ishlari olib borildi. Transport prokurori Ma'rufxon Xo‘jayev tizimda ko‘plab qonunbuzilish holatlari aniqlangani haqida ma'lumot berdi.

«Joriy yilning may-iyun oylarida olib borilgan o‘rganishlarda mansabdor shaxslarning o‘z ishiga mas'uliyatsizligi oqibatida jami 650ta inson omili bilan bog‘liq kamchiliklar aniqlandi. 2021 yilning 6 oyi mobaynida ijtimoiy tarmoqlarda metropolitendagi holatlar bilan bog‘liq 10ga yaqin videoroliklar tarqalgan. Metropolitenni qurish jarayonida ko‘plab qurilish mahsulotlari talon-toroj qilingan.

Xususan, Toshkent halqa yo‘li yerosti metropolitenida olib borilgan qurilish ishlarida 899 million so‘m mablag‘ talon-toroj qilingan. Mazkur holatlar yuzasidan tegishli tartibda jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Tergov natijalariga ko‘ra, aybdor xodimlarga jazo muqarrarligi ta'minlanadi», dedi Ma'rufxon Xo‘jayev.

Avvalroq, Transport prokuraturasi 2020 yilda yo‘l va ko‘prik qurilish sohasida budjetdan ajratilgan pullarni o‘zlashtirish holati bo‘yicha 40ga yaqin jinoyat ishi ochilgani hamda 11,5 mlrd so‘mlik davlat mulki talon-toroj qilinishi fosh etilgani haqida ma'lum qilgan edi.

Mavzuga oid
Top