22:49 / 05.07.2021
5268
Zarafshon milliy tabiat bog‘ida qancha daraxt yonib ketgani ma'lum qilindi. Bog‘ noziriga bayonnoma tuzilgan
Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi

Bundan ikki kun avval, 3 iyul tunda Zarafshon milliy tabiat bog‘ining Jomboy tumani hududida joylashgan qismida sodir bo‘lgan yong‘inda 1,05 gektar maydonda 200ga yaqin daraxt va butazorlar yonib ketgan. Bu haqda yong‘indan so‘ng bog‘da o‘rganish ishlarini olib borgan viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 3 iyul kuni Samarqand viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari tomonidan Zarafshon milliy tabiat bog‘ining Jomboy tumani hududida joylashgan qismida sodir bo‘lgan yong‘in asoratlari o‘rganilgan.

O‘rganish davomida Zarafshon milliy tabiat bog‘ining 4-o‘rmon bo‘limi, 9-kvartalida taxminan 1,05 gektar yer maydoni yongani aniqlangan.

Qayd etilishicha, yong‘in jami 200ga yaqin daraxt va butazorga zarar yetkazgan. Shu sababli milliy tabiat bog‘ining bo‘lim mas'ul noziriga nisbatan qonunlarda belgilangan talablar asosida bayonnoma rasmiylashtirilgan. Ayni paytda hodisa yozasidan surishtiruv va o‘rganish ishlari davom ettirilyapti.

Top