10:37 / 06.07.2021
6620
Davlat kompaniyalariga xaridlarni tendersiz amalga oshirish taqiqlandi

O‘zbekiston prezidentining «Shaffoflikni ta'minlash va davlat xaridlari samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, 2021 yil 5 iyuldan boshlab Davlat kompaniyalari uchun individual tarzda davlat xaridlarini tendersiz o‘tkazishning mavjud talablari bekor qilindi. Ularga davlat xaridlari o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e'lonlar va davlat xaridlari natijalari to‘g‘risidagi axborotni maxsus axborot portali va OAVda e'lon qilish majburiyati yuklatildi.

Agar tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati 25 000 BHMdan yuqori bo‘lsa, texnik shartlar va sotib olish uchun tender hujjatlari Iqtisodiy rivojlanish vazirligi huzuridagi «Loyihalar va import shartnomalarini kompleks ekspertizadan o‘tkazish markazi»ga taqdim etiladi.

Bundan tashqari, Kuzatuv kengashi yig‘ilishida korporativ buyurtmachilar xaridlarning muvofiqligini belgilash uchun yillik va choraklik davlat xaridlari jadvallari, shuningdek, import qilinishi rejalashtirilgan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) ro‘yxatlari ko‘rib chiqiladi.

Davlat xaridlarining ochiq va oshkora amalga oshirilishini ta'minlash uchun Respublika komissiyasi tuzildi. Uning ishchi organi - Moliya vazirligi tomonidan shakllantiriladi.

Top