13:35 / 06.07.2021
19340

Babariko 2020 yilgi saylovlarda Lukashenkoning asosiy raqibi sifatida ko‘rilgandi. Endi u 14 yilga qamaldi

Belarus oliy sudi mamlakat prezidentligi uchun sobiq nomzod va bankir Viktor Babarikoni 14 yilga ozodlikdan mahrum qildi va katta jarima belgiladi. U jazoni kuchaytirilgan rejimdagi koloniyada o‘taydi.

Foto: Ramil Nasibulin / BelTA / AP / Scanpix / LETA

Jarima - bazaviy hisoblash miqdorining 5 ming baravariga teng (145 ming belarus rubli yoki 4,2 mln rus rubli). U besh yil muddatda rahbarlik lavozimlarida ishlashi ham taqiqlanadi.

Minskning Moskva tumanida o‘tgan sudda Babariko juda katta miqdorda pora olish, jinoiy yo‘l bilan pul ishlash va pul «yuvish»da ayblandi.

Hukm Oliy sud tomonidan o‘qilgani bois, apellyatsiya kiritib bo‘lmaydi.

Sud shuningdek «Belgazprombank ishi» doirasida boshqa figuralarga ham korrupsiya va pul yuvish jinoyatlari bo‘yicha hukm chiqargan.

Viktor Babariko 2020 yil may oyida Belarus prezidentligi uchun nomzodini ilgari surganini e'lon qilgandi. O‘shanda u Lukashenkoga asosiy raqobatchi sifatida qaralayotgandi. 2020 yil iyunida esa Babarikoning ofisida va uyida tintuv olib borilib, o‘zi qamoqqa olinadi.

Ayblovchi tomon unga 15 yillik qamoq jazosi so‘ragandi.

Babariko - korrupsiya va pul yuvish bo‘yicha ayblovlarni tan olmagan yagona ayblanuvchi bo‘ldi. Qolgan figurantlar - Babarikoning sobiq xodimlari - tergov bilan hamkorlik qilishga rozilik bildirgan.

Babariko va uning jamoasi 430 million dollarni Latviya banklariga chiqarib yuborishda ayblangan va bu ayblovning asosiy punktidir.

Shuningdek, ayblovda Babariko va yordamchilari 2004 yildan buyon doimiy pora olib kelgani aytilgan. Mahalliy nashrlarda 16 yil davomida Babariko rahbarligidagi bankning top-menejyerlari umumiy hisobda 11,8 million dollar pora olgani, Babariko Minskda 394 ming dollarga ko‘chmas mulk xarid qilganda «pul yuvgani» keltirilgan.

Uning sobiq hamkasblariga, tergov bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lganlarga prokuror 3 yildan 6,5 yilgacha qamoq jazosi so‘ragan.

Amnesty International tashkiloti Babariko va «Belgazprombank ishi» doirasidagi boshqa sudlanuvchilarni «vijdon mahbuslari» deya tan olgan.

Saylovda qatnashmasligi uchun qamoqqa tashlanganmidi?

Viktor Babariko Belarusda o‘zining xayriya faoliyati bilan ham tanilgandi. Uning rahbarligida 20 yil davomida Belgazprombank bemor bolalar davolanishi va madaniy sohalarni qo‘llab-quvvatlash uchun kattagina mablag‘ ajratgan.

2020 yil 12 mayida Babariko o‘z nomzodini Belarus prezidentligi uchun qo‘yadi. Mamlakatdagi mustaqil nashrlar o‘tkazgan so‘rovlarga ko‘ra, uning birinchi turda ishonchli g‘alabaga erishishi taxmin qilinadi.

Belarusda rasmiy so‘rovlar faqat hukumat ruxsati bilan o‘tkazilishi mumkin, shu tufayli Lukashenkoning asosiy muxolifining imkoniyatlari bo‘yicha rasmiy so‘rov o‘tkazilmagan.

18 iyunga kelib Babariko soliqlardan qochish, pul yuvish va poraxo‘rlikda ayblanib qo‘lga olinadi.

Muzokaralar chog‘ida sobiq bankirning advokati Natalya Matskevich sud jarayoni cho‘zilishidan asosiy maqsad - asosiy raqibni saylov jarayonidan chetda olib turish bo‘lganini aytgandi.

Hozirda Viktor Babariko 57 yoshda. U 20 yil mobaynida boshqargan Belgazprombank Rossiyaning Gazprombanki filiali hisoblanadi.

Mavzu
Belarus-2020
2020 yilning 9 avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. 26 yildan buyon mamlakatni boshqarayotgan Lukashenko bu safar ham nomzodini qo‘ygan.
Barchasi
Mavzuga oid
Top