12:15 / 07.07.2021
50398

Afg‘onistonning so‘nggi 40 yili: qaysi kuchlar mamlakatni bugungi holga solib qo‘ydi?

«Al-Qoida» yetakchisi Usama bin Lodinning odamlari 2001 yil 11 sentyabrda AQShga hujum uyushtirgan payt Pokiston razvedkasi (ISI) boshlig‘i general Mahmud Ahmad Senat va vakillar palatasining razvedka qo‘mitasi a'zolari bilan Kapitoliy tepaligida nonushta qilayotgandi. Uning kayfiyati yaxshi edi. U Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jorj Tenetni toliblar yetakchisi mulla Umar ishonchli shaxs ekani va Usama bin Lodin bilan aloqalarini uzishi mumkinligiga ishontirgandi.

Foto: EPA

Ertasi kuni u shoshilinch qo‘ng‘iroq bilan davlat departamentiga borganida davlat kotibining o‘rinbosari Richard Armitij «Bugun yangi tarix boshlanadi», deydi. Keyin esa prezident Parvez Musharrafga topshirilishi kerak bo‘lgan eslatmani beradi.

Hamma narsa amr qilingandi:

  • «Al-Qoida»ni moddiy-texnik qo‘llab-quvvatlash to‘xtatiladi;
  • terrorizmga qarshi operatsiyalar uchun havo maydoni ochiladi va razvedka ma'lumotlari beriladi;
  • «Tolibon»ga neft yetkazib berish to‘xtatiladi;
  • Afg‘oniston-Pokiston chegaralaridagi jangarilar oqimi cheklanadi;
  • basharti «Tolibon» «Al-Qoida»ga boshpana berishni davom ettirsa, u bilan aloqalar uziladi.

Keyinchalik Armitij «Yo biz bilansiz yoki yo‘q. Sizni tosh asriga qaytaramiz», deya Musharrafga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid ham qilishi mumkin edi.

Holbuki ular Afg‘onistondagi vakillik urushida sherik edilar. Bu – safi keskin o‘zgargan, uzoq va murakkab sherikchilik edi. Pokiston bu ikki tarafda keng tarqalgan «Birlashgan Pashtun mintaqasi»ning idealizmi va Kobulning sovetparast siyosati bois 1975 yildan boshlab Afg‘onistondagi radikal kuchlarni qo‘llash orqali vakillik urushini boshlaydi.

1979 yildan saudiyaliklarning pullari, Markaziy razvedka boshqarmasi koordinatsiyasi va Pokistonning moddiy-texnik ko‘magi bilan sovetlar aralashuviga qarshi «global safarbarlik» boshlanadi. AQShning o‘sha vaqtdagi prezidenti Jimmi Karter 1979 yil 3 iyulda, ya'ni sovetlar kelishidan 5 oy 21 kun oldin muxolifatni qo‘llab-quvvatlash uchun yashirin «Tsiklon» operatsiyasini tasdiqlagandi.

«Jamoati islomiy»ning yetakchisi Burhoniddin Rabboniy, «Islomiy ittifoq»ning yetakchisi Abdurasul Sayyaf, «Hizb-i Islomiy»ning yetakchisi Gulbuddin Hikmatyor va keyinchalik Shimoliy alyansning yetakchisiga aylangan Ahmad Shoh Mas'ud ushbu vakillik urushining oldingi safidan joy olishdi.

1979 yildan keyingi davr

1979 yildan beri Pokistonda boshpana topgan 2 milliondan ortiq afg‘on qochqinlari «mujohidlar hovuzi»ga aylanadi. Ikkinchi «hovuz» Pokistondagi 13 mingga yetgan madrasalar edi. U yerga minglab qochqin bolalar joylashtiriladi.

Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) 1989 yilga kelib, 35 ming nafari arab bo‘lgan qariyb 80 ming nafar mujohidni tayyorlash uchun 3,2 milliard dollar sarflagan edi. Saudiya va Xitoyning hissasi bilan ushbu ko‘rsatkich 6-12 milliard dollarga yetadi.

1989 yilda sovetlar chiqib ketadi, Afg‘oniston Demokratik Respublikasi yana uch yil hukm suradi va uning o‘rnida tashkil etilgan Afg‘oniston Islom davlati rahbarligiga ikki oyga Sibg‘atulloh Mujaddid, keyinchalik esa Rabboniy keltiriladi.

Pokiston esa Hikmatyorning prezidentligi uchun «o‘ynagandi». XVIII asrdan beri hokimiyat tepasida bo‘lgan pushtunlar asli tojik bo‘lgan Rabboniyni «hazm» qila olishmaydi. Holbuki, Rabboniy boshqalarga qaraganda ko‘proq birlashtiruvchi edi. Islomobod Hikmatyorni qo‘llab-quvvatlagani sababli Rabboniy va Mas'ud Pokistonga qarshi edi.

1994 yil mujohidlar o‘rtasida hokimiyat uchun kurashlar avj olgan payt talabalar harakati sifatida paydo bo‘lgan «Tolibon» harakati pushtunlar ko‘magi bilan tez yoyiladi. Deoband madrasalari «Tolibon»ga sadoqat izhor qilishadi. Endi Pokiston Kobulda hokimiyat tepasida ko‘rishni istagan harakat «Tolibon» edi.

Musharrafning e'tirofiga ko‘ra, «Tolibon» jangarilari Pokistonda o‘qitilgan va qurollangan. Toliblar Pokiston harbiylari va Saudiya Arabistonining moliyaviy ko‘magi bilan 1996 yilda Kobulni egallab oladi. Mahalliy manbalarga ko‘ra, 1996-1991 yillarda «Tolibon» safiga 80-100 ming nafar jangchi qo‘shilgan. AQSh davlat departamenti ma'lumotlariga ko‘ra, ularning 20-40 foizi pokistonliklar bo‘lgan.

Mujohid rahbarlar Ahmad Shoh Mas'ud 2001 yil 9 yanvarda mamlakatdan chiqib ketayotgan payt suiqasd bilan o‘ldirilguniga qadar qarshilik ko‘rsatadi. Mas'udning tojik qo‘shinlariga o‘zbek generali Abdulrashid Do‘stumning odamlari, shia hazoralari va toliblarga qarshi bo‘lgan pushtunlar qo‘shiladi. Hokimiyat uchun qonli kurashda 15 qatliom qayd etiladi.

Qandahorda bir ziyoratgohda yashiringan va Hazrati Payg‘ambarga tegishli, deb aytilgan hirqani kiyib, ulamoning oldiga chiqqan mulla Umar «mo‘minlar amiri» deb e'lon qilinadi. Taniqli vahobiy ulamolar, jumladan, Saudiya Arabistoni bosh muftiysi Abdulaziz Abdulloh ibn Baz fatvo bilan «Tolibon» hokimiyatini qonuniy, deb e'lon qilishadi.

«Tolibon» hukumatini tan olgan uchta mamlakat bor edi: Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Pokiston. Agar toliblar Bomiyan shahridagi IV va V asrlardan qolgan Budda haykallarini portlatmaganda, Xitoy ham ularni tan olishi mumkin edi.

«Tolibon»dagi o‘zgarish

«Tolibon»ning episentri Qandahor edi. «Tolibon» rasmiy Kobulga qarshi qishloqlarning g‘azabi edi. Ularning nazdida Kobul korrupsiya, buzuqlik va gunohlar shahri edi. Pokistonda o‘qigan mulla Umar o‘zining yetti yillik hukmronligi davrida Kobulda ikki marta bo‘ladi, u yerda «Tolibon» o‘z qamchisi bilan gaplashadi. Ammo uning shafqatsizligi hayotga quvonch keltiradigan har qanday narsaga dushman bo‘lib qoldi.

«Tolibon» qizlar maktablarini yopadi, ishlayotgan ayollarni uyga qamab qo‘yadi, ayollarga mahramlarsiz ko‘chaga chiqish taqiqlanadi. Xotin-qizlar burqa kiyishlari, erkaklar soqol o‘stirishi va do‘kon egalari azon chaqirilganda do‘konlarini yopishi shart edi. Kobul radiosining nomi ham endi Shariat radiosi bo‘ladi.

Musiqiy eshittirishlarga barham beriladi. Salafiy oqimlar singari «Tolibon» ham shialarga dushmanlik qiladi. Sunniylikka o‘tish majburiyati ostida qolgan hazoralar qirg‘in qilinadi. 400 nafar ayol joriya sifatida o‘g‘irlab ketiladi. Afyunga cheklov yo‘q edi, spirtli ichimliklar esa taqiqlanadi.

«Tolibon»ning shariati afyun yetishtirishga imkon beradigan darajada pragmatik edi. U ko‘knordan ushr (10 foiz soliq) olardi. Uning fatvosiga ko‘ra, ko‘knor ishlab chiqarish halol, undan giyohvandlik vositasi sifatida foydalanish esa harom edi.

Masalan, «Hizb-i Islomiy» Qunduzda o‘z geroin laboratoriyalariga ega edi.

«Tolibon» tuzumi qarshisida ba'zilar Afg‘onistonning Naqshi, Qodiriy va Chishti urf-odatlaridan oziqlangan so‘fiy o‘tmishni, ba'zilar 1928 yilda Turkiyaga tashrif buyurganidan so‘ng o‘z mamlakatini zamonaviy yo‘lga solish uchun kurashgan Omonulloh Xonning islohotchilarini, ba'zilar qiz talabalar uchun Kobul universiteti eshiklarini ochgan 1947 yilni, ba'zilar esa ayollar va erkaklar tengligini kafolatlagan 1964 yilgi konstitutsiyani yodga oladi. Qishloq va shaharlar o‘rtasidagi tafovutlar o‘tmishdan to hozirgi kungacha saqlanib qolgan bo‘lsa-da, urushdan oldin ayollar jamoat sohasida ko‘proq ko‘rinib turardi.

Pokiston omili

Toliblar dastlab noqulay «Al-Qoida» bilan ittifoqchiga aylanadi, shu tariqa, Amerika va Pokistonning Afg‘oniston bo‘yicha uyg‘unligi ham buziladi. AQSh davlat departamentining maxfiy yozishmalariga ko‘ra, Pokiston razvedkasi 1996 yilda Kobulda hokimiyatni qo‘lga kiritgandan so‘ng «Tolibon»ga o‘q-dorilar, yonilg‘i va oziq-ovqat yetkazib berishni davom ettiradi.

Pokiston 1997 va 1998 yillarda toliblarga davlat xizmatchilarining ish haqini to‘lash borasida yordam beradi. Garchi AQSh ushbu holatga e'tibor qaratgan bo‘lsa-da, bezovtalanmaydi. Aksincha, 1997 yilda AQSh davlat departamenti rasmiylari toliblar bilan urushni davom ettirayotgan Mas'udga «Endi voz kech», deydi. Mas'ud o‘sha paytlar mamlakatning 10 foizini nazorat qilayotgandi. Biroq 1998 yilda «Al-Qoida» Afrikadagi elchixonalarga hujum uyushtira boshlagach, AQSh Pokistonga bosim o‘tkaza boshlaydi.

AQSh davlat departamentining 2000 yil 26 sentyabrdagi maxfiy yozishmalariga ko‘ra, Islomobod hanuz toliblarni qo‘llab-quvvatlashda davom etayotgandi. Amerikaliklar bir tomondan bin Lodinni qo‘lga olish uchun Islomobodga bosim o‘tkazar, boshqa tomondan esa toliblar bilan muzokaralar olib borardi. Ushbu davrda Saudiya razvedkasi boshlig‘i shahzoda Turki al-Feysal bin Lodinni olish uchun ikki marta Qandahorga parvoz qiladi. Ammo mulla Umar bilan savdolashish ish bermagach, quruq qo‘l bilan qaytadi.

Keyinchalik Bush ma'muriyati agar Lodindan voz kechmasa, toliblarni ag‘darish uchun Mas'udni qo‘llab-quvvatlashga qaror qiladi. Mas'ud 2001 yil 11 sentyabr hujumlaridan bir necha oy oldin Yevropa parlamentida «Urush Amerika tuprog‘iga kelyapti», deb ogohlantiradi, ammo unga hech kim jiddiy e'tibor qaratmaydi. Toliblar 11 sentabr voqealaridan keyin ham Lodinni topshirishni xohlamaydi. Ularning javobi quyidagicha edi: «Agar aniq dalillar mavjud bo‘lsa, Lodin islomiy mamlakatda shariat mahkamasida sud qilinadi».

Shunday qilib, Afg‘onistonda 20 yil davom etgan urush boshlanadi. 2001 yil 7 oktyabrda AQSh va Buyuk Britaniya abadiy ozodlik harakati bilan Afg‘onistonga urush e'lon qiladi. Ular Shimoliy alyansni maydon elementi sifatida o‘z yoniga oladi.

2001 yil dekabr oyida Kobulni qo‘ldan chiqargan «Tolibon» va «Al-Qoida» Pokistonning Tora Bora va Vaziriston mintaqalariga chekinadi. AQSh bosimi ostida Pokiston afg‘on urushida qatnashgan o‘z harbiylariga qarshi urush e'lon qilishga majbur bo‘ladi. Ammo bu kurashda ko‘plab «qora tuynuk»lar mavjud edi.

Oxir-oqibat, amerikaliklar 10 yildan so‘ng Lodinni Abbottabad shahridan topishadi. Lodin Pokiston tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgandi. 2001 yil 9 yanvarda Islom ulamolari jamiyati yig‘ilishida Lodin «buyuk islomiy jangchi» sifatida taqdirlangandi. O‘shanda ishtirokchilar orasida IShIDning sobiq boshlig‘i, mujohidlarni yollash dasturi asoschisi Hamid Gul va sobiq bosh shtab boshlig‘i, general Mirza Aslam Bek ham bor edi. Afg‘oniston rasmiylarining fikriga ko‘ra, Pokiston bugungi kunda ham «duet» ijro etmoqda va vakillik urushini to‘xtatmayapti.

Tramp ma'muriyati

AQSh o‘z jangovar harakatlarini 11 mamlakat bilan hamkorlikda amalga oshiradi. BMT Xavfsizlik Kengashining qarori bilan 2001 yilda tashkil etilgan Xalqaro xavfsizlikka ko‘maklashish kuchlari (ISAF) tarkibiga 34 davlat a'zo bo‘ladi. Afg‘oniston bosqini Xitoy, Rossiya va Eron tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanadi. 2006 yildan boshlab operatsiya NATO «soyaboni» ostida olib boriladi. Bonn konferensiyasining 2001 yil dekabrdagi qarorlari asosida 2002 yilda an'anaviy afg‘on assambleyasi - Loya Jirg‘a yig‘ilib, Hamid Karzay boshchiligidagi o‘tish davri hukumatini tuzadi.

Karzay 2004 yilda davlat rahbari etib saylanadi. U 2009 yilda qayta saylanadi. 2014 yildan beri mamlakatga Ashraf G‘ani rahbarlik qilmoqda. O‘tgan vaqt davomida urush rahnamolarining monopoliyasini buzib bo‘lmadi, mamlakat milliy da'vo atrofida birlashtirilmadi. Afg‘onistonning bo‘hronlar o‘lkasiga aylanib qolish xavfi arimadi.

Qayta kuchga to‘lgan «Tolibon»ning harakatlariga chet el kuchlari sonini ko‘paytirish orqali javob beriladi. 2010 yilga kelib bu kuchlar soni 150 mingdan oshadi. Ularning 100 ming nafari amerikaliklar edi. 2012 yilda Obama ma'muriyati chekinishni kun tartibiga qo‘yadi, ammo Afg‘oniston hukumatining «Tolibon» bilan muzokara olib borishga bo‘lgan urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlanadi.

Shunga qaramay, haqiqiy urush 2014 yilda rasmiy ravishda tugallanadi. Mas'uliyat afg‘on kuchlari zimmasiga yuklatilgan bo‘lsa-da, ISAF’ning o‘rnini egallagan NATO’ning qat'iyatli qo‘llab-quvvatlash amaliyoti 12 ming 500 askar bilan o‘z missiyasini davom ettirdi.

Toliblarning ochiq dushmanligidan tashqari, «Hizb-i Islomiy» ham hukumatga qo‘shilguncha tinib-tinchimaydi. Bundan tashqari, Haqqoniy guruhi kabi murosasiz tuzilmalar paydo bo‘ladi. 2015 yilda esa hatto «Tolibon»ga ham tahdid qiluvchi IShID katta sahnaga chiqadi. Amerika ma'muriyatining ma'lumoti bo‘yicha, 2019 yil yanvar holatiga ko‘ra, Afg‘oniston hukumati mamlakatning 53,8 foizini boshqargan, shu bilan birga, yerlarning 33,9 foizini nazorat qilish ziddiyatlarni keltirib chiqargan. Toliblar egallab turgan hududlarning ulushi 12,3 foizga o‘sgan.

Ushbu muhitda Tramp ma'muriyati «abadiy urushlarni tugatish» va'dasi doirasida toliblar bilan 2020 yil 29 fevralda kelishuvga erishadi. Unga ko‘ra, mahbuslar ozod etilishi, terror harakatlari to‘xtatilishi, «Tolibon» va hukumat o‘rtasida tinchlik muzokaralari boshlanib, chet el kuchlari 2021 yil 1 maygacha Afg‘oniston hududidan chiqib ketishi kerak edi.

Foto: EPA

Tramp ketishdan oldin askarlar sonini 2 ming 500 kishiga kamaytiradi. Bundan tashqari, shartnoma bo‘yicha 7 ming 800 qo‘riqchi ham ishlaydi. Yangi prezident Jo Bayden 13 aprel kuni chiqib ketish muddatini uzaytiradi - ramziy ravishda Nyu-York teraktlariga 20 yil to‘ladigan 11 sentabr sanasi tanlanadi.

Kelishuvga qaramay, hukumat kuchlariga katta talafot yetkazgan «Tolibon» Dohadagi muzokaralardan chetlashibgina qolmay, o‘z ta'sir doirasini ham kengaytirdi.

So‘nggi ikki oy ichida viloyat markazlari hukumat qo‘lida bo‘lgan bo‘lsa-da, toliblar 133ta tumanni o‘z nazoratiga oldi. Amaldagi jadvalga ko‘ra, 407ta tumandan 190tasi «Tolibon»  qo‘lida. «Tolibon» esa yerlarning 80 foizini o‘z qo‘liga olganini da'vo qilmoqda. U Turkiyaning Kobul aeroportini muhofaza qilish haqidagi taklifiga qarshi o‘laroq «Barcha bosqinchi kuchlar chekinishi kerak»ligini aytmoqda.

20 yillik urushda 170 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan

AQSh chiqib ketayotgan bir paytda «Tolibon» qaytmoqda. Voqealar rivojiga diqqat bilan boqilsa, fuqarolik urushi sharoitlari yana bir bor pishib yetilayotganini payqash qiyin emas.

Afg‘onistonliklar bu nuqtaga juda katta yo‘qotishlar bilan kelgandi va endi ularning kelajagi yana qoraymoqda. Braun universiteti tadqiqotiga ko‘ra, 20 yillik urush 171-174 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan. Ularning 47 ming 245 nafari tinch aholi vakillari, 66-69 mingi politsiyachilar va askarlar, 51 mingi esa muxolif jangchilardir. Amerika tomonidan ham 2 ming 442 askar halok bo‘ldi, 20 ming 666 askar jarohat oldi.

NATOdagi boshqa ittifoqchilarning yo‘qotishlari – 1 ming 144 nafar. Hisob-kitoblarga ko‘ra, urush va yangi tartib uchun 2 trillion dollar sarflangan. Shundan 978 milliard dollar amerikaliklarning hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, kuzatib bo‘lmaydigan mablag‘lar ham mavjud. AQSh Kongressining hisobotiga ko‘ra, 2009-2019 yillarda qayta qurish uchun ajratilgan budjetning 19 milliard dollari yo‘qolgan.

Mamlakatning qochqinlar bilan bog‘liq manzarasi hanuz og‘ir. BMT ma'lumotlariga ko‘ra, 5,7 million qochqin «Tolibon» qulaganidan keyin mamlakatga qaytib kelgan, 2,7 million qochqin esa Pokiston va Eron kabi davlatlarda qolmoqda. 4 million ichki muhojir hamon o‘z uylaridan uzoqda.

«Afg‘onistonga erkinlik va demokratiya» da'vosi

Afg‘oniston bosqinining iddaoli tomoni bor edi: «Afg‘onistonga erkinlik va demokratiya keladi». Urush rahnamolarini yaratuvchilar yana o‘sha kuchlar bilan tartib o‘rnatishga harakat qilishdi. 2009 yilda yozuvchi, faol va deputat Malalay Joyya bosh ko‘taradi.

«Bundan 8 yil oldin AQSh va NATO ayollar huquqlari, inson huquqlari va demokratiya bayrog‘i ostida mamlakatimizga bostirib kirdi va bizni tovadan olovga otdi. Karzayning buzuq mafiya tizimini bilish uchun sakkiz yil kifoya. Xalqim ikki kuchli dushman o‘rtasida ezildi.... Ishg‘ol hech qachon ozodlik keltirmaydi, demokratiyaga urush orqali erishib bo‘lmaydi», deydi u.

Uning g‘azabini jo‘shtiruvchi yana ko‘p voqealar ro‘y berdi. Son-sanoqsiz jinoyatlar sodir etildi. Erkinlik uchun kurash afg‘onlar uchun juda katta umidsizlikdir. Afg‘oniston 2009 yilda Transparency International indeksida korrupsiya darajasi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallaydi.

Eng ko‘p ta'kidlanayotgan masala – bu ayollar kurashidir. 2004 yil konstitutsiyasi bilan parlamentdagi 250 o‘rindan 27 foizi ayollar uchun ajratilgan edi. Bundan tashqari, ayollar mahramsiz yurmasligi, maktablarda, bozorlarda va idoralarda chet ellik erkaklar bilan aralashmasliklari to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Natijada, qurilgan rejimning nomi «Islomiy davlat» bo‘ldi. Ayollar og‘ir badal to‘lagan holda yo‘lni bosib o‘tishga harakat qilishdi.

Qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlardan biri #WhereIsMyName (#MeningIsmimQayerda?) deb nomlangan kampaniya ortidan bolalarning shaxsiy guvohnomalarida onalar ismining yozilishi bo‘ldi. 2001 yildan keyingi «birinchi ayol gubernator», «birinchi ayol politsiyachi», «birinchi ayol uchuvchi», «birinchi ayol elchi» kabi yangiliklar umid uyg‘otayotgandi. Biroq qonuniy kafolatlar yetishmasdi.

UNICEF’ning 2018 yilgi hisobotiga ko‘ra, barcha sa'y-harakatlarga qaramay, afg‘on bolalarining 44 foizi maktabda emas. Qizlarning 60 foizi maktabga bormaydi. Ushbu ko‘rsatkich Qandahor va Helmand kabi viloyatlarda 85 foizgacha ko‘tariladi.

An'anaga to‘siq bo‘lish barobarida «Tolibon» hujumlari o‘quv jarayonlariga ham putur etkazmoqda. Toliblar hokimiyatdan chetlatilganidan keyin ham qizlar maktabini yoqishda va ayol o‘qituvchilarni o‘ldirishda davom etdi.

«Fuqarolar urushi» xavotiri

Garchi koalitsiya tomonidan o‘qitilgan mahalliy xavfsizlik kuchlari soni 170 mingga yetgan bo‘lsa-da, ular «Tolibon» qarshisida «milliy armiya» yoki «milliy politsiya» kabi tura olmayapti. Hamma joyda korrupsiya va poraxo‘rlik. Mansablar sotilmoqda. Askarlar va politsiyaga ajratilgan maoshlar qo‘mondonlarning cho‘ntagiga ketmoqda. Materiallar va qurollar o‘g‘irlanmoqda.

Afg‘oniston Vakillar palatasi spikeri Mir Rahmon Rahmoniy 13 aprel kuni «Afg‘oniston fuqarolar urushi kunlariga qaytishi, yana xalqaro terrorizm o‘chog‘iga aylanishi va giyohvand moddalar savdosi bilan moliyalashtiriladigan urushlar boshlanishi»ni ta'kidladi.

Afg‘onistonning dunyo bo‘ylab afyun ishlab chiqarishdagi ulushi toliblar davrida 70 foiz atrofida edi, Amerika harbiy kampaniyasi davrida esa bu ko‘rsatkich 90 foizga yetdi. Ehtimoliy fuqarolar urushini moliyalashtiradigan manba ham afyundir.

Afg‘oniston hukumati shahar markazlarining qulash xavfiga qarshi mujohidlarni yana safarbar bo‘lishga chorlamoqda. Agar Afg‘oniston mo‘jizaviy yarashuv bilan kelisha olmasa, uning boshiga 40 yillik la'nat qaytib keladi. Bir vaqtning o‘zida 2-3 ming kishini qatl etgan tashkilotlarning qaytishi esa optimizmga o‘rin qoldirmaydi.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top