16:01 / 07.07.2021
23706

Daraxtlar «qirg‘in»i davom etmoqda, bayroq bu gal Ishtixonda

7 iyul kuni Samarqand viloyati Ishtixon tumani markazida yarim asrlik qimmatbaho daraxtlar kesib tashlandi. Tuman markaziga kirib boruvchi yo‘lning ikki yonidagi mazkur manzarali daraxtlar ko‘p yillardan buyon yo‘l va atrofini soyalab turardi.

Kun.uz muxbirlari holatni o‘rganish uchun borganida tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish xodimlari kesilgan daraxtlarni sanayotgani ustidan chiqdi. Tuman ekologiya vakillariga ko‘ra, daraxtlarni kesish uchun ruxsat olinmagan.

Tuman hokimligi vakillari avvaliga bu daraxtlar o‘zi chirib qolgani, yo‘lni kengaytirishga xalal bergani, shu sababdan olinganini ma'lum qildi. Keyinroq esa, kuchli shamolda daraxtlar sinib odamlar hayotiga xavf solgani uchun kesishga majbur bo‘lishganini aytishdi.

Tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Ishtixon tuman inspektori Safarboy Abdullayev daraxtlarni kesishga ruxsatnoma berilmaganini tasdiqladi.

«Bundan ikki kun oldin tuman obodonlashtirish tuman bo‘limi xodimlari kelib mazkur daraxtlar shoxlari kuchli shamolda egilib, sinib, odamlar hayotiga, mashinalarga xavf solayotgani haqida murojaat qilgandi. Biz mas'ullarga daraxtlarni kesish tartib qoidalarini tushuntirdik. Ammo ruxsat berilgan emas, bizda bu vakolat ham yo‘q. Hozirgi hisob-kitobimizga ko‘ra, ikkita shumtol daraxti va oltita zarang daraxti kesilgani aniqlandi. Bu daraxtlar qimmatbaho daraxt turlariga kiradi. Hozirda jarima qo‘llash uchun hujjatlar tayyorlanmoqda», dedi u.

Aytish lozimki, holatni o‘rganish davomida bir necha tushunmovchilik holatlari ham uchramoqda. Aytaylik, hokimlik qurilish bo‘limi vakili holat yuzasidan bu ishga aloqador tuman yo‘l qurilishi bo‘limi tomonidan rasman izoh berilishini ma'lum qildi. Oradan biroz vaqt o‘tib bu ish obodonlashtirish bo‘limi aybi bilan sodir bo‘lgani aytildi.

Tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi vakillari ham daraxtlarni obodonlashtirish bo‘limi kesganini aytmoqda. Obodonlashtirish bo‘limi boshlig‘i esa daraxtlarni kesishga bu tashkilotning mutlaqo aloqasi bo‘lmagani haqida aytib, daraxtlarni kim kesgani yuzasidan mutasaddilar surishtiruv o‘tkazib, xolis xulosa berishiga umid qilib qolishini bildirdi.

Qiziq. Shu bugun kesilgan daraxtlarning allaqachon «egasi» yo‘q. Haqiqatan ham, holat tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganilishi va baho berilishi lozim.

Ikkinchi tomondan, tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi ayrim daraxtlar qarib qurt tushganini ma'lum qilishmoqda. Kesilgan daraxtlarning yoshini so‘raganimizda, 35-50 yoshgacha ekani aytildi. Bu daraxt turlarining biologik yoshi esa 100 yoshgacha. Bu ma'lumotni ham aynan ekologiya vakillari aytmoqda!

«Qarigan, qurt tushgan va chirib qolgan» daraxtlar

Yana bir holat shuki, tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi daraxtlar kasallangani va qariganini aytayotgan bo‘lsa, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi vakili daraxtlar sog‘lom ekani va bu holatga huquqiy baho berish kerakligini ta'kidlamoqda. Tasvirlardan ham kesilgan daraxtlarning yam-yashil barglariga guvoh bo‘lish mumkin. Qolaversa, o‘rganish jarayonida kesish boshlangan, ammo nima sababdandir qulatish darajasiga yetmay qolgan, «omon qolgan» daraxtlar ham uchradi.

Fikrimizcha, aravani turli tomonga tortishning ham, holatni xaspo‘shlashning ham hojati yo‘q. Daraxtlarni kesishni bas qilish, aybdorlarga esa huquqiy baho berish shart.

Anvar Mustafoqulov, Kun.uz muxbiri,
Faxriddin Hotamov, tasvirchi.

Top