20:32 / 07.07.2021
10536

Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy strategiya tasdiqlandi

1 iyul kuni «2021-2026 yillarga mo‘ljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan «2021-2026 yillarga mo‘ljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi» va «Milliy strategiyasini amalga oshirish yuzasidan «yo‘l xaritasi»ga ko‘ra, quyidagilar strategiyaning ustuvor yo‘nalish va maqsadlari etib belgilandi:

  • ekstremizm va terrorizm g‘oyalari tarqalishining oldini olish maqsadida vatanparvarlik, an'anaviy qadriyatlar va bag‘rikenglik mafkurasini targ‘ib qilish;
  • voyaga yetmaganlar va yoshlar orasida ekstremizm va terrorizm g‘oyalari tarqalishining oldini olish;
  • ayollar huquqlarini himoya qilish hamda ularning ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishdagi rolini kuchaytirish;
  • uzoq muddat xorijda bo‘lgan fuqarolarni ekstremizm va terrorizm g‘oyalari ta'siridan himoya qilish;
  •  Internet jahon axborot tarmog‘idan ekstremistik va terrorchilik maqsadlarida foydalanishga qarshi kurashish;
  •  fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarini ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishga keng jalb qilish;
  • ekstremistik va terrorchilik harakatlarini sodir etganlik hamda ularni moliyalashtirganlik uchun huquqiy ta'qib va javobgarlikka tortish choralarini takomillashtirish;
  • ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;
  •  ushbu sohadagi xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish.

Hujjatda ma'lum qilinishicha, hukumat bundan keyin ham diniy sabablarga ko‘ra buzg‘unchi mafkuralar ta'siridan jabr ko‘rgan shaxslarga har tomonlama yordam ko‘rsatishda davom etadi.

Shuningdek, hujjatda aholining huquqiy madaniyati va ma'rifatini oshirib borish, diniy sohada diniy va dunyoviy bilimlarni egallagan, fuqarolar orasida diniy asosdagi ekstremizm mafkurasiga qarshi immunitetni shakllantira oladigan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va ommaviy axborot vositalarini ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish ishlariga faol jalb etish belgilangan.

Vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimliklar «Yo‘l xaritasi»da belgilangan tadbirlar ijrosi bo‘yicha har yarim yillik yakunida Davlat xavfsizlik xizmatiga ma'lumotlarni taqdim etishi, DXX raisi (Abdusalom Azizov) esa umumlashtirilgan ma'lumotlar va aniq takliflarni Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparatiga taqdim etib borishga mas'ul qilib belgilangan.

Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati strategiya ijrosining ahvoli to‘g‘risida har yarim yillikda O‘zbekiston prezidentiga axborot berib boradi.

Ushbu Strategiyani uch bosqich - 2021-2026 yillarda amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Top