09:00 / 07.07.2021
6460

SANTO kompaniyasi: Pandemiya O‘zbekiston farmatsevtik bozoriga qanday ta'sir ko‘rsatdi?

Koronavirus infeksiyasi pandemiyasi va yuzaga kelgan epidemiologik vaziyat zamonaviy dori vositalari bozorini mustahkamlash va rivojlantirishning strategik ahamiyatini namoyon etdi. Bugun jamoatchilik e'tiboridagi dolzarb masala – ijtimoiy ahamiyatga molik dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojning qondirilishi va bozorni samarali, xavfsiz, sifatli va hamyonbop narxdagi dorilar bilan ta'minlashdan iborat.

Mamlakatimiz farmatsevtika bozori koronavirus pandemiyasi davrida birmuncha o‘zgardi – bir qator farmmahsulotlarga bo‘lgan talab tabiiy ravishda o‘sdi.

Shu tariqa, epidemiologik vaziyat taqozosi bilan antiseptiklar, niqoblar, dori vositalari aylanmasi oshdi. Ehtiyojning ortishi eng talabgir farmatsevtik mahsulotlar tanqisligiga olib keldi. Aholi uchun tanqislik dorixonalardagi navbatlar hamda eng zarur dorilar va tibbiy anjomlarni yetkazib berishdagi uzilishlar ko‘rinishida bo‘ldi.

Bozor tabiiy ravishda yuzaga kelgan tanqislikni bartaraf etdi, dori vositalari aylanmasining yangi ishtirokchilari paydo bo‘ldi, dorilar nomenklaturasi oshdi, avvalroq O‘zbekistonda topilmagan chet el dorilari paydo bo‘la boshladi.

O‘zbekiston bozoriga kirib kelgan zamonaviy, samarali va sifatli preparatlar o‘ziga xos raqobat muhitini yuzaga keltirdi. Yangi o‘yinchilarning ko‘payishi – dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojning to‘liqroq qondirilishi, narxlar xilma-xilligi va mijozlarning tanlash imkoniyatini oshirdi.

Dori bozoridagi halol raqobat ijtimoiy ahamiyatga ega xastaliklarni davolashda aholining turli dorilarga bo‘lgan talabini qondirishga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. O‘zbekistondagi zamonaviy tendensiya – bu bozorga yangi dori shakllari, faol moddalarning yangi kombinatsiyalari, davolashning zamonaviy yo‘nalishlariga oid preparatlarning chiqarilishidir.

Yaxshi xalqaro amaliyot va yondashuvlarni namoyon etayotgan yangi o‘yinchilardan biri Polpharma («Ximfarm» AJ, Qozog‘iston Respublikasi) xalqaro guruhiga kiruvchi SANTO kompaniyasidir. Ushbu kompaniya O‘zbekiston hududida ham o‘z vakilligiga ega, u 2020 yilda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Vakillikning asosiy vazifasi – SANTO kompaniyasi manfaatlarini aks ettirish va ularni himoya qilishdan iborat. SANTO kompaniyasi dori vositalarining distribyutor orqali realizatsiya qilinishi tufayli O‘zbekistondagi iste'molchilari keng turdagi yangi dorilardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Kompaniya ishlab chiqarish samaradorligi, xavfsizligi va sifati masalasiga jiddiy yondashadi, bu o‘z navbatida iste'molchilar orasida ishonch va yuqori talabni vujudga keltirmoqda. Kompaniya doimiy tarzda bozor monitoringini olib boradi va bu zarur preparatlarning o‘z vaqtida yetkazib berilishiga imkon yaratadi.

SANTO zamonaviy ishlab chiqarishining xalqaro amaliyot va standartlari O‘zbekiston aholisiga ishonchli va hamyonbop narxdagi SANTO dorilarini taklif etish imkonini beradi.

Pandemiya, shubhasiz, O‘zbekiston farmatsevtika bozoriga o‘z ta'sirini ko‘rsatdi, yangi dorilar, zamonaviy dori shakllari, dozirovkalarga ega ishlab chiqaruvchilar paydo bo‘ldi. Farmatsevtik kompaniyalar respublikamiz bozorini talabgir va zamonaviy dorilar bilan boyitmoqda.

SANTO kompaniyasi

Mavzuga oid
Top