07:20 / 08.07.2021
4696

Navoiyda chaqaloq o‘limiga sabab bo‘lgan shifokorga sud hukmi o‘qildi

Nurota tumani tibbiyot birlashmasining tug‘ruq bo‘limida ishlovchi oliy toifali akusher-ginekolog vrach M.D. tug‘ruq paytida mas'uliyatsizlik qilib, chaqaloq o‘limiga sabab bo‘lgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Kun.uz'ga jinoyat ishlari bo‘yicha Nurota tumani sudi sudya yordamchisi Muhsin Egamov xabar berdi. 

Ma'lum qilinishicha, fuqaro D.X. 2020 yil 1 noyabr kuni tongi soat 7:00larda tuman tibbiyot birlashmasining tug‘ruq bo‘limiga olib kelingan. Shifokor M.D. navbatchi akusher-ginekolog sifatida ayolni ko‘rikdan o‘tkazib, uning egizak homilasi tirik ekanligini bilgani holda umumiy ahvolni baholash uchun standartlar asosida zarur tekshiruvlarni o‘tkazish choralarini ko‘rmaydi. Hatto shifokorlar ishtirokida konsilium chaqirib, bemorning ahvolini va tibbiy tashxisni muhokama qilishga erinadi.

M.D. ayolning birinchi chaqalog‘ini asossiz ravishda «vakuum-ekstraksiya» amaliyotini qo‘llagan holda tabiiy yo‘l bilan tug‘dirgan. Ikkinchi, o‘g‘il jinsli chaqaloqni tug‘dirishda esa o‘z vaqtida kesarcha-kesish amaliyotini o‘tkazmay, bolani qariyb ikki soat davomida o‘z holiga tashlab qo‘ygan. Buning oqibatida chaqaloq uzoq yashamay, vafot etgan.

M.D. sodir qilgan jinoiy qilmishini yashirish maqsadida tug‘ruq bo‘limida doya sifatida ishlovchi sherigi bilan jinoiy til biriktirib, tug‘ruq tarixiga o‘zi amalga oshirmagan, biroq amalga oshirishi shart bo‘lgan tibbiy harakat va muolajalarni qayd etib qo‘ygan. Shuningdek, qalbaki ma'lumot va yozuvlar kiritib, tug‘ruq tarixini soxtalashtirgan.

Sud hukmi bilan shifokorga 3 yil 6 oy ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan.

Top