11:49 / 08.07.2021
10054

Oliy Majlis deputati hukumatdan aholini sifatli kommunal xizmatlar bilan ta'minlashni talab qildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova O‘zbekistondagi asosiy kommunal xizmatlar monopol tashkilotlar tomonidan ko‘rsatilishi oqibatida ko‘pincha iste'molchilarning manfaatlari hisobga olinmasligini bildirdi.

«Sir emas, bizda asosiy kommunal xizmatlar monopol tashkilotlar tomonidan ko‘rsatiladi. Iste'molchida tanlash imkoniyati yo‘q. Agar bu tashkilotlar iste'molchining manfaatlariga hurmat nazari bilan qarasa, huquqlarini poymol qilmasa, xizmatidan rozi bo‘linsa, mayli edi. Ammo, hech qanday ogohlantirishsiz elektr soatlab emas, kunlab o‘chirilsa, tabiiy gaz yoki suyultirilgan gaz ta'minotidagi uzilishlarga izoh shart bo‘lmasa, aholi ichmagan suvi uchun pul to‘lashga majbur bo‘lsa, telefon aloqasida ham g‘azabni keltiradigan holatlar yetarli bo‘lsa-yu, ular ustidan chora ko‘rishning samarali qonuniy asosi bo‘lmasa, nima qilish kerak?» deya savol qo‘ygan deputat.

Maqsuda Vorisova, shuningdek, ko‘rsatiladigan barcha kommunal xizmatlar uchun aholi va ta'minotchi o‘rtasida tuziladigan shartnomalar to‘liq qayta ko‘rib chiqilishi shartligi bildirdi.

«Chunki unga yuridik hujjat maqomi berilishi, unda tomonlarning huquq va mas'uliyati aniq ko‘rsatilmasa, yana elektr ta'minoti uchun to‘lovni 5 kunga kechiktirgan fuqaro jarima to‘laydi yoki ta'minotdan uzib qo‘yiladi. Lekin hech qanday ogohlantirishsiz elektr ta'minoti to‘xtatilsa yoki kuchlanish ortib ketgani sababli xonadonlardagi elektr asboblar ishdan chiqsa ta'minotchiga chora ko‘rishning imkoni yo‘q.

Adolatli shartnomada albatta iste'molchi va ta'minotchining aniq manzil va bog‘lanish imkoni, ko‘rsatiladigan xizmat turi, hajmi, sifati, o‘lchov asboblarining kim tomonidan qanday tartibda, qanday muddatda nazorat qilinishi, ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov shartlari va miqdori, har ikkala tomondan shartnomaning biror moddasi bajarilmagan taqdirda ko‘riladigan chora haqida aniq ma'lumotlar kiritilishi shart», degan Oliy Majlis deputati.

Parlament vakilining so‘zlariga ko‘ra, fuqarolarga ko‘rsatilgan kommunal xizmatlar hajmi ochiqlanmas ekan, tegishli korxona mutasaddilari aholi hisob raqamlariga o‘zlari xohlagan raqamlarini kiritaveradi.

Shuningdek, yuqoridagilardan kelib chiqib Xalq demokratik partiyasi aholiga sifatli xizmatlar ko‘rsatilishini ta'minlash, eng muhimi, bu borada ijtimoiy adolat tamoyillariga qat'iy rioya qilinishini hukumatdan talab qildi.

Eslatib o‘tamiz, yoz boshidan buyon O‘zbekistonda kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo sharoitida hatto poytaxt Toshkentda ham elektr energiyasidagi uzilishlar odatiy holga aylanib qolmoqda.

Mavzuga oid
Top