14:15 / 08.07.2021
11251

Serxio Ramos «PSJ»ga o‘tdi

Parijliklar klubi «Real» afsonasini tarkibga qo‘shib olganini e'lon qildi. Kelishuv ikki yilga mo‘ljallangan. Endi Serxio Neymar va Mbappe bilan bir jamoada to‘p suradi.

Foto: PSG.FR

Ispaniyalik himoyachi Serxio Ramos «PSJ» bilan shartnoma imzoladi. Futbolchi va klubning shartnomasi 2023 yil yoziga qadar mo‘ljallangan. Himoyachi yangi klubiga erkin agent sifatida kelib qo‘shildi.

U yangi klubida 4-raqamli futbolkada to‘p surishi ma'lum bo‘lgan.

35 yoshli Ramos «Real»ni iyun oyi oxirida shartnomasi muddati yakunlangani munosabati bilan tark etgandi. U «Qirollik klubi» safida 2005 yildan buyon to‘p surib kelgandi. «Qaymoqranglilar» bilan Ramos besh bor Ispaniya chempioni bo‘lgan, ikki marta Ispaniya Kubogida va to‘rt marta Superkubokda, to‘rt marta Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan, uch marta UYeFA Superkubogi va to‘rt marta klublar o‘rtasidagi jahon chempionati bosh sovrinini qo‘lga kiritgan.

Ispaniya chempionatining o‘tgan mavsumida u jarohat tufayli to‘liq ishtirok eta olmadi, jami 15 o‘yinda maydonga tushib, ikki gol urdi. Transfermarkt portali uning transfer qiymatini 10 mln yevroga baholagan.

Bundan oldinroq «PSJ» safiga «Liverpul»dan Jorjino Veynaldum va «Inter» safidan Ashraf Hakimi kelib qo‘shilgandi. Yevropa chempionati yakunlangach «Milan» darvozaboni Janluiji Donnarummaning ham transferi e'lon qilinishi kutilmoqda.

Top