12:42 / 09.07.2021
10881

Ariza kamida 30 kun oldin topshirilishi kerak – Singapur viza tartibi haqida

UzbekLife vizalar mavzusidagi navbatdagi maqolani taqdim etadi. Siz Singapurga borishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, ushbu kontent orqali bu haqida zarur va qiziqarli bo‘lgan bir qancha ma'lumotlarga ega bo‘lasiz.

 

Singapur vizasining umumiy tasnifi

Singapur vizasi sizga Singapur kirish punktida hozir bo‘lishga imkon beradi. U yerda viza egalari Immigratsiya va nazorat punktlari idorasi (ISA) xodimlari tomonidan tekshiriladi. Aynan ushbu tashkilot tashrif buyuruvchilarning mamlakatga kirish talablariga javob berish-bermasligini hal qiladi.

Singapur vizasini olish uchun ariza Singapurga kelishdan kamida 30 kun oldin topshirilishi kerak. Shuni yodda tutingki, sizning Singapur vizasini olishingiz bu mamlakatga erkin kirishingiz kafolati emas, chunki Singapur vizasi faqatgina kirisholdi ruxsatnoma hisoblanadi. Ya'ni viza olgandan so‘ng ham javob berilishi kerak bo‘lgan bir qancha talablar mavjud.

Agar siz ushbu talablarga javob bersangiz, sizga Singapurga kirish uchun maxsus ruxsatnoma beriladi. Siz ushbu ruxsatnoma muddati bitgunga qadar mamlakatda qolishingiz mumkin bo‘ladi. Masalan, Singapur turistik vizasi uchun, 90 kunlik umumiy muddatda eng ko‘pi bilan 30 kun davomida amal qiladigan Tashrif ruxsatnomasini olasiz.

Viza rejimi xususiyatlari

Dunyo davlatlarining aksariyati Singapurga vizasiz erkin kirishlari mumkin. Buning ustiga viza olishlari shart bo‘lgan davlatlar uchun ham ariza berish jarayoni anchagina soddalashtirilgan. Siz istalgan vaqtda onlayn tarzda Singapur vizasiga ariza topshirishingiz mumkin. Chunki Singapur elektron viza (eVisa) tizimini joriy qilgan.

Fuqarolari Singapurga kirish uchun viza olishi shart bo‘lgan mamlakatlar ikki toifaga bo‘lingan.

1)   Baholash darajasi I bo‘lgan mamlakatlar;

2)   Baholash darajasi II bo‘lgan mamlakatlar.

Mamlakatingiz qay toifaga mansubligi ariza berish jarayonining bir qismini hamda vizalarni ko‘rib chiqish vaqtini belgilaydi. Shu o‘rinda ta'kidlab o‘tish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi 1-toifa mamlakatlar qatoriga kiradi.

Singapur vizasiga qanday ariza topshirish mumkin?

Har ikkala toifaga mansub mamlakatlar Singapur vizasi uchun quyidagi usullardan biri orqali murojaat qilishlari mumkin:

§ Onlayn tarzda. ICA elektron xizmatidan foydalangan holda Singapur mahalliy fuqarosi bilan aloqa qilish yoki strategik sherik topish orqali;

§ Singapur diplomatik vakolatxonasida.

Viza anketasini to‘ldirish, hujjatlarni to‘plash kabi harakatlarni o‘zingiz amalga oshirsangiz ham, Singapur vizasiga arizani o‘zingiz topshira olmaysiz. Siz uchun Singapur vizasiga ariza topshiradigan vakolatli viza agenti, strategik sherik yoki Singapurda mahalliy aholi vakilini topishingiz kerak.

Viza bo‘yicha vakolatli agentlar va strategik sheriklar – Singapur hukumati viza uchun ariza topshirishga ruxsat bergan sayyohlik agentliklari hisoblanadi. Ular sizning nomingizdan Immigratsiya va nazorat punktlari idorasi (ICA) veb-saytida Viza uchun arizani elektron shaklda topshirish (SAVE) platformasi orqali ariza topshirishlari mumkin.

Vakolatli agentlar va strategik sheriklar haqida batafsil ma'lumotni eng yaqin Singapur diplomatik vakolatxonasidan olishingiz mumkin.

Eslatma, O‘zbekiston Respublikasida Singapur davlatining rasmiy elchixonasi mavjud emas.

 Singapurlik mahalliy aholi (fuqaro yoki doimiy yashovchi) vakili orqali vizaga ariza topshirish jarayoni bevosita o‘zingiz tanigan, ishonadigan shaxsning siz uchun vizaga ariza topshirishi bilan kechadi. Ushbu shaxs kamida 21 yoshda bo‘lishi kerak. Agar siz Singapur diplomatik vakolatxonasi orqali murojaat qilsangiz, viza talablari va ariza berish jarayoni to‘g‘risida ular bilan bog‘lanishingiz lozim. Shuningdek, Singapur vizasini rasmiylashtirish uchun to‘lovni to‘lashingiz kerak bo‘ladi.

Singapur vizasini olishdagi talablar

Barcha mamlakatlar singari Singapur vizasini olish uchun ham bir qancha talablar mavjud. Ular quyidagilardir:

1.    Singapur vizasi uchun to‘ldiriladigan ariza shakli. Ushbu ariza formasida shaxsiy ma'lumotlaringiz, oilaviy ahvolingiz, Singapurda qayerda yashashingiz, o‘z mamlakatingizdagi manzilingiz, tashrifingiz maqsadi, yashash joyingiz va boshqalar bilan bog‘liq savollarga javob berishingiz kerak. Hujjatga o‘zingiz imzo chekishingiz zarur.

2.    Pasportingiz / sayohat hujjatingiz. Viza muddati tugaganidan keyin kamida olti oy davomida amal qilishi shart.

3.    Pasport ma'lumotlarining fotonusxasi. A4 formatida bo‘lishi kerak.

4.    Oldindan band qilingan aviachipta yoki sayohat marshrutining fotonusxasi. A4 formatda.

5.    Pasport o‘lchamidagi rasmingiz. Ushbu rasm so‘nggi uch oy ichida olingan bo‘lishi, oq fonga ega bo‘lishi va oldinga qarab turgan, neytral yuz ifodasini aks ettirishi kerak. Agar diniy sabablarga ko‘ra bo‘lmasa, sizga bosh kiyim kiyishga ruxsat berilmaydi. Shunga qaramay, bosh kiyim yuzga to‘sqinlik qilmasligi zarur.

6.    Tanishtiruv xati. Ushbu hujjat siz aloqa bog‘lagan mahalliy aholi vakili yoki strategik sherigingiz tomonidan imzolanishi va arizangizga ilova qilinishi kerak. Tanishtiruv xati orqali sizning shaxsiy ma'lumotlaringiz, Singapurga tashrif sababingiz, qancha vaqt turishingiz, shuningdek, siz va ular o‘rtasidagi munosabatlar ta'minlanadi.

7.    Kredit karta. Siz kartadan Singapur vizasini rasmiylashtirish uchun to‘lovni amalga oshirishda foydalanasiz. Karta VISA yoki MasterCard bo‘lishi kerak.

8.    Sariq bezgakka (agar mavjud bo‘lsa) qarshi vaksinatsiya. Agar siz Singapurga borishdan olti kun oldin bir qator (qirqqa yaqin) Afrika va Janubiy Amerika mamlakatlarida bo‘lgan bo‘lsangiz, ICA zobitlariga kirish punktida sariq bezgakka qarshi xalqaro emlash sertifikatini taqdim qilishingiz lozim.

 

Singapur vizasini olgandan keyingi harakatlar

Agar siz baholash darajasi I bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirsangiz, viza uchun ariza ko‘rib chiqilishi odatda bir kun davom etadi. Ikkinchi toifa mamlakat fuqarosi bo‘lsangiz, vizangiz uch kun ichida rasmiylashtiriladi. Ikkala holatda ham ba'zi ilovalarni ko‘rib chiqish odatdagidan ko‘proq vaqt talab qilishi mumkin.

Vizani olganingizdan so‘ng Singapurga borishingiz mumkin, u yerda Immigratsiya va nazorat punktlari idorasi xodimlari sizga kirish huquqini yoki ruxsatnomani berishni belgilaydilar.

Singapur turistik vizasi

Agar siz Singapurga sayyohlik maqsadida tashrif buyurishni istasangiz, Singapur sayyohlik vizasiga murojaat qilishingiz kerak. Murojaat jarayoni yuqorida keltirib o‘tilgan bosqichlarda amalga oshiriladi.

Immigratsiya nazorat punktiga yetib kelganingizdan so‘ng punkt zobitlari sizni kirish uchun mos, deb topsalar, sizga Kirish ruxsatnomasini berishadi.

Sayyohlik maqsadida kirishga imkon beruvchi ushbu ruxsatnoma Tashrif ruxsatnomasi deb nomlanadi va u 14-30 kun davomida amal qiladi. Agar siz ushbu muddatni oshirib yuborsangiz, sizga tegishli tartibda jazo beriladi. Buning oldini olish uchun siz viza muddatini uzaytirishni xohlasangiz, amaldagi vizangiz tugashidan oldin Singapur turistik vizasini uzaytirish uchun ariza berishingiz kerak bo‘ladi. Vizani uzaytirish to‘g‘risidagi ariza onlayn tarzda ICA veb-saytida yoki uning Singapurdagi ofislarida shaxsan borib topshirilishi mumkin.

Singapur turistik vizasi orqali kirgan sayyohlarga biror bir pullik ish bilan shug‘ullanishga ruxsat berilmaydi.

Ko‘p martalik va bir martalik sayohat vizasi

Bir martalik sayohat vizasidan faqat bir marta foydalanish mumkin. Singapurdan ketganingizdan so‘ng, qolgan kunlaringiz bo‘lsa-da, ushbu viza bilan yana Singapurga bora olmaysiz.

Ko‘p martalik sayohat vizasi amal qilish muddati davomida bir necha marta ishlatilishi mumkin.

Singapurga kirish vizalari va ruxsatnomalar turlari

Singapur vizalari o‘z egalariga faqatgina mamlakat kirish punktiga kelish imkonini berishi haqida yuqorida to‘xtalgandik. Ushbu vizalar orasida Singapurga bir martalik va ko‘p martalik kirish vizalari asosiy viza turlari hisoblanadi. Bulardan tashqari bir qancha ruxsatnomalar ham borki, ular vizaning sabablari va maqsadlariga ko‘ra, bir qancha turlarga bo‘linadi.

a)    Qisqa muddatli tashrif ruxsatnomasi. Ushbu hujjat Singapurga qisqa muddatli ijtimoiy tashrif, turizm yoki tibbiy sabablarga ko‘ra kirishga imkon beradi.

b)   Mehnat ruxsatnomasi. Buni boshqacha tarzda Singapur ishchi vizasi deb atash mumkin. Ushbu ruxsatnoma egasi Singapurda qonuniy ravishda ish boshlashi mumkin.

c)    Mehnat vizasi egasining oila a'zolari uchun ruxsatnoma (Dependent Pass). Mazkur hujjat mehnat ruxsatnomasi olgan shaxslarning oila a'zolariga ushbu shaxs Singapurda bo‘lgan muddatda yashash imkoniyatini beradi.

d)   Uzoq muddatli tashrif ruxsatnomasi. Mehnat ruxsatnomasi olgan shaxs oila a'zolari Dependent Pass talablariga mos kelmaydigan taqdirda ushbu ruxsatnomadan foydalanishlari mumkin.

e)    Talaba ruxsatnomasi. Singapur talaba vizasi bo‘lib, Singapurda oliy ma'lumot olishni istagan chet ellik talabalarga beriladi.

f)     Tranzit mexanizmi. Singapur tranzit vizasi faqatgina ma'lum mamlakatlar fuqarolariga beriladi. Bu ularga aeroportning tranzit zonasidan chiqib ketish va ulanish reysini kutish paytida 96 soat davomida Singapurda qolish imkonini beradi.

 

Singapur vizasi uchun to‘lovlar

Singapur viza uchun to‘lovlar viza turi, murojaat qilayotgan ruxsatnoma turiga qarab o‘zgaradi. Singapur vizasi talablaridan ozod chet el fuqarolari qisqa muddatli tashrif ruxsatnomasida belgilangan vaqtdan ko‘proq muddatga qolishni xohlasalar, uzaytiriladigan vaqt uchun ham to‘lovni amalga oshirishlari kerak.

Singapur vizasi uchun to‘lovlar quyidagicha:

Singapur vizasi – 30 Singapur dollari;

Ko‘p martalik sayohat vizasi – 30 Singapur dollari;

Qisqa muddatli tashrif ruxsatnomasini uzaytirish to‘lovi – 40 Singapur dollari

Uzoq muddatli tashrif ruxsatnomasini ko‘rib chiqish va uzaytirish uchun to‘lovlar Immigratsiya va nazorat punktlari idorasi tomonidan belgilab qo‘yilgan narxlarda to‘lanadi:

-        ariza topshirish uchun – 105 Singapur dollari;

-        yangilash va uzaytirish uchun – 225 Singapur dollari.

 

 Talaba vizasi:

-        ariza topshirish uchun – 30 Singapur dollari;

-        vizani olish uchun – 60 Singapur dollari.

Viza uchun to‘lovlar qanday amalga oshiriladi?

Ko‘pgina Singapur vizalari va ruxsatnomalariga onlayn tarzda murojaat qilishingiz mumkin bo‘lganligi sababli, Singapur viza to‘lovlarini ham elektron tarzda to‘lashingiz mumkin.

Singapur vizalari va ruxsatnomalarini berish bilan shug‘ullanadigan ikkita organ mavjud: Immigratsiya va nazorat punktlari idorasi (ICA) va Singapur ishchi kuchi vazirligi (MOM). Ularning ikkalasi ham turli xil to‘lov usullarini qabul qilishadi.

 Davlatbek Asadov tayyorladi

Mavzuga oid
Top