12:34 / 09.07.2021
23036
Haiti: prezidentning o‘ldirilishida 26 kolumbiyalik va ikki amerikalik qatnashgan

7 iyulga o‘tar kechasi noma'lum shaxslar Haiti prezidenti Jovenel Moizning qattiq qo‘riqlanuvchi qarorgohiga bostirib kirib, davlat rahbarini otib tashlashdi va rafiqasini og‘ir jarohatlashdi.

Voqea joyidan olingan videoda ko‘rish mumkinki, chorshanbaga o‘tar kechasi u yerda haqiqiy jang kechgan. Uy devorlari o‘qlardan ilma-teshik bo‘lib ketgan. 53 yoshli Moizning tanasidan 12ta o‘q chiqqan.

Haiti hukumati ma'lumotlariga ko‘ra, hujum yaxshi qurollangan va tashkillashtirilgan guruh tomonidan amalga oshirilgan, guruh kolumbiyalik 26 nafar iste'fodagi harbiylar va kelib chiqishiga ko‘ra Haitiga mansub bo‘lgan ikki amerikalikdan iborat bo‘lgan. Shu vaqtgacha ulardan 17 nafari, jumladan ikki amerikalik qo‘lga olingan, uch kishi xavfsizlik xizmati xodimlari bilan otishmada o‘ldirilgan, yana 8 kishi qidirilmoqda.

Hujum haqidagi xabardan keyin darhol ular bir-biri bilan ingliz va ispan tillarida gaplashishgani xabar qilindi (Haiti - fransuz tilida so‘zlashuvchi mamlakat).

«Xorijliklar prezidentni o‘ldirish uchun mamlakatimizga kelishgan», deya ma'lum qilgan politsiya rahbari Leon Sharl maxsus matbuot anjumanida. U jurnalistlarga qo‘lga olinganlar va ulardan musodara qilingan qurollarni (Kolumbiya pasportlari, ratsiyalar va boshqa turli instrumentlar, jumladan bolg‘alar va armaturani kesish uchun ishlatiladigan qaychilar) namoyish etgan.

Gumondorlarni qo‘lga olish amaliyotini mahalliy aholi vakillari kuzatib borishgan, hibsga olinganlar keltirilgan politsiya mahkamasi yaqinida g‘azablangan olomon bir qancha avtomobillarga o‘t qo‘yib yuborgan.

Kolumbiya mudofaa vaziri Diyego Molano hujumda Kolumbiya armiyasining sobiq harbiy xizmatchilari ishtirok etganini ma'lum qilgan. U rasmiy Bogota qotillikni tergov qilish jarayonida ko‘mak ko‘rsatishini va'da qilgan.

Vashingtondagilar hozircha hujumda AQSh fuqarolari ham ishtirok etgani to‘g‘risidagi ma'lumotni tasdiqlamadi. Haitida esa politsiya qotillik buyurtmachilarini qidirmoqda va Amerika hukumatidan tergov ishlarida yordam so‘ramoqda.

Tap tortmay qilingan hujum
Og‘ir qurollar bilan qurollangan qotillar Moizning Haiti poytaxtidagi qarorgohini payshanbaga o‘tar kechasi qamal qilishgan.

Hujum qiluvchilar qarorgoh hududiga qanday qilib kirib olishgani hozirgacha noma'lum

Kuzatuv kameralariga muhrlangan videoda qora kiyimlardagi qurollangan kishilar o‘zlarini AQShning Giyohvand moddalar bilan kurash boshqarmasi agentlari sifatida tanishtirib, barchaga polga yotishni buyurayotgani aks etgan.

Moiz voqea joyida jon bergan. Uning tanasidan 12ta o‘q topilgan.

Jinoyatchilar yotoqxona va prezident kabinetini tintuv qilishgan.

Jozefning ma'lum qilishicha, prezidentning bolalari qotillikdan keyin xavfsiz joyga olib ketilgan. Prezidentning rafiqasi Martin Moizni hayotini saqlab qolish uchun Floridaga olib borishgan. Xabarlarga ko‘ra, shifokorlar uning holatini barqarorlashtirishga erishishgan.

Motivlar, ijrochilar, buyurtmachilar?

Prezident halok bo‘lgach, uning nomidan hukumatni boshqarayotgan va bayonotlar berayotgan bosh vazir vazifasini bajaruvchi Klod Jozef BBC uchun bergan intervyusida prezidentni «ayrim oligarxlarga qarshi kurashgani» uchun otgan bo‘lishlari mumkinligini aytgan. «Biz bu oligarxlar va xorijlik yollanmalar o‘rtasida aloqa bor yoki yo‘qligini bilmaymiz», degan u.

Politsiya boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, o‘ldirilgan va qo‘lga olinganlarning barchasi prezidentni yo‘q qilish topshirig‘ini olgan «kommandos bo‘linmasi» a'zolari bo‘lishgan.

Sharl esa politsiya hozirda qotillik tashkilotchisini - qotillikni buyurtma bergan va rejalashtirganlarni qidirayotganini ma'lum qilgan.

Hokimiyat hozirda kimda?

Haiti konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident halok bo‘lgan, layoqatsiz holatda bo‘lgan yoki iste'foga chiqqan taqdirda uning vazifalarini vaqtincha bajarish Oliy sud raisiga o‘tadi, ammo u biroz avval koronavirusdan vafot etgandi.

Navbatda - bosh vazir. Moiz 2018 yildan buyon bosh vazirni olti marta o‘zgartirgan, o‘z o‘limidan bir kun oldin esa yettinchisini - Ariel Anrini lavozimga tayinlagandi.

Ammo u qasamyod qabul qilishga ulgurmadi, avvalgi bosh vazir Klod Jozef esa uning vakolatlarini tan olmayapti. Payshanba kuni BMTning mamlakatdagi elchisi Elen la Lim Jozefni qo‘llab va inqiroz hal bo‘lguniga qadar hokimiyatda u qolishi kerakligini ma'lum qildi.

Payshanba kuni Jo Baydenning ma'muriyati AQSh Haiti prezidenti qotilligi bo‘yicha ishni tekshirishda hamkorlik qilishini bildirdi. Bu yordam qanday shaklda bo‘lishiga hozircha aniqlik kiritilmagan.

Haitida hozir vaziyat qanday?
Payshanba kuni Port-o-Prensda nisbatan xotirjamlik hukm surgan, faqat mahalliy namoyishlar chog‘ida bir necha avtomobilga o‘t qo‘yilgan.

Shu bilan birga, mamlakatda murakkab siyosiy vaziyat yuzaga kelmoqda.

So‘nggi uch yil mobaynida Haitida deyarli har kuni ko‘chalarda turli darajadagi norozilik namoyishlari bo‘lib keladi.

2020 yil fevralida Port-o-Prens ko‘chalarida barrikadalar o‘rnatilgan, politsiyachilar esa mehnat sharoitlarini yaxshilashni talab qilgan holda armiya shtabiga bostirib kirishgan.

Siyosatchilar, sudyalar, huquq faollari va diniy guruhlar Moizga qarshi birlashishgan. Mamlakat qurolli kuchlari esa oxirigacha uning tomonida qolishgan.

Top