22:37 / 09.07.2021
2181
Qarshida yuz bergan mojaroda birinchi haydovchi YPX xodimini tepib kuch ishlatgani ma'lum bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahrida haydovchilardan biri YPX xodimlari tomonidan kaltaklangani aytilgan video tarqaldi. Bugun mazkur hodisaning o‘sha kuzatuv kamera tomonidan yozib olingan videosi tarqaldi. Unda tasvirlanishicha, birinchi bo‘lib haydovchi YPX xodimini tepib, unga kuch ishlatgan.

Ma'lum qilinishicha, hodisa joriy yil 5 iyul kuni sodir bo‘lgan. Viloyat IIB YPX inspektori O.Tursunov Qarshi shahar A.Temur ko‘chasidagi piyodalar yo‘lakchasi ustida qoldirilgan va piyodalar o‘tishiga xalaqit qilib turgan «Neksiya» mashinasini evakuatorga ortayotganda haydovchining o‘g‘li YPX xodimini tepib kuch ishlatgan. So‘ng u o‘zidan ketib qolgani uchun shifoxonaga olib ketilgan. Otasi esa boshqalar yordamida «Neksiya»ni evakuatordan bo‘shatib minib ketgan.

Hodisa yuzasidan IIV matbuot kotibi tomonidan izoh berildi. Unda yozilishicha, YPX xodimi piyodalar yo‘lakchasida turgan «Neksiya» mashinasi uchun qoidabuzarlikni tegishli tartibda rasmiylashtirmoqchi bo‘lganda uning haydovchisi O.O. YPX xodimining qonuniy talablariga bo‘ysunmagan. Unga hujjatlarni taqdim etmasdan, mashinada birga bo‘lgan xotini X.Sh. va o‘g‘li T.S. bilan birgalikda janjal ko‘tarib, atrofdagilarning e'tiborini jalb qilgan.

Ayol kishining baqiriqlariga to‘plangan fuqarolar, xodimlarning faoliyatiga qarshilik ko‘rsatishgan. Shu jarayonda janjaldan foydalanib, haydovchi «Neksiya»ni minib, voqea joyidan yashiringan.

Qayd etilishicha, hozirda janjal ishtirokchilarining barchasi aniqlanib, Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, YPX xodimlarining harakatlariga qonuniy baho berish uchun xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Top