23:41 / 10.07.2021
9045
1-sinfga onlayn qabulning 2-bosqichiga o‘tildi

Umumta'lim maktablarining 1-sinfiga o‘quvchilarni onlayn qabul qilish jarayonlarining 2-bosqichi boshlandi, deya ma'lum qildi Xalq ta'limi vazirligi.

Bunda ota-onalarning yashash manzili bo‘yicha (doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxat asosida) biriktirilgan mikrohududidagi maktabiga yuborilgan arizalari qabul qilinadi.

“Hurmatli ota-onalar! Buning uchun my.maktab.uz platformasi yoki tizimning mobil ilovasi yordamida shaxsiy kabinetingizga kirib, “Mening arizalarim” bo‘limida maktabga (mikrohududdagi) borish kuni va vaqtini belgilashingiz mumkin. Navbat belgilash bo‘yicha yo‘riqnoma quyidagi ilovada.

Maktabga borganingizda farzandlaringiz sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma'lumotnomaning asl nusxasini olishni unutmang.

Maktab ma'muriyati zaruriyatga ko‘ra elektron platforma orqali yuborilgan ma'lumotlarning haqqoniyligini o‘rganish uchun ota-onalardan shaxsini tasdiqlovchi hujjat va tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaning asl nusxasini talab etishga haqli”, – deyiladi XTV axborotida.

Eslatib o‘tamiz, mikrohudud bo‘yicha qabul joriy yilning 31 iyuliga qadar amalga oshiriladi.

Ota-onalar mikrohududdan tashqari ixtiyoriy tanlangan ikkinchi va uchinchi maktablar uchun qabul jarayoni 1-15 avgust kunlari o‘tkaziladi.

Maktablarda mikrohudud bo‘yicha qabul komissiyasi haftaning dushanba-juma kunlari soat 10:00 dan 16:00 ga qadar (13:00-14:00 tushlik vaqti) amalga oshiriladi.

Avvalroq 1-sinfga onlayn qabul muddati uzaytirilgan, xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari texnik muammolar yuzasidan Kun.uz orqali izoh bergandi.

Top