22:55 / 10.07.2021
26677
Voqea-hodisalar haqidagi yangiliklar qanday qilib diniy material bo‘lishi mumkin? Dilshod Eshnayev javobi

Isroildagi zavodda portlash bo‘lgani, Turkiya va Rossiya munosabatlari sovuqlashgani, Bashar Asad yana Suriya prezidentligiga nomzodini qo‘ygani kabi yangiliklar Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan diniy material deb topilgan; natijada OAV bu materiallarni ekspertizadan o‘tkazmay tarqatgani uchun jarimaga tortilgan edi. Qo‘mita raisi o‘rinbosari shu haqdagi savolga javob berdi.

Dilshod Eshnayev

21 iyun kuni Kun.uz va Azon.uz saytlari diniy materiallarni dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazmasdan tarqatishda ayblanib, jarimaga tortilgan edi.

Jarimaga sabab bo‘lgan materiallar orasida, xususan, quyidagilar ham bor:

– “Yangi Zelandiya politsiyasi hijob uslubidagi formani tanishtirdi” sarlavhali xabar (Kun.uz);
– “Isroil raketa texnologiyalari zavodida portlash sodir bo‘ldi” sarlavhali xabar (Azon.uz);
– “Turkiya va Rossiyaning munosabatlari yomonlashdi” sarlavhali xabar (Azon.uz);
– “Suriya hukumati kimyoviy qurollar qo‘llagani bois cheklovga uchradi” sarlavhali xabar (Azon.uz);
– “Chad: o‘ldirilgan prezidentning o‘rnini o‘g‘li egalladi” sarlavhali xabar (Azon.uz);
– “Bashar Asad yana prezident bo‘lmoqchi” sarlavhali xabar (Azon.uz).

Kun.uz muxbiri yuqorida ro‘yxati keltirilgan va ikki sayt javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lgan xabar-yangiliklarning hammasida ham diniy mazmun yo‘qligi haqidagi savol bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilshod Eshnayevga yuzlandi.

“Siz aytib o‘tgan yangilik-maqolalar haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, bu dinshunoslik ekspertizasi tomonidan diniy mazmundagi material sifatida tan olingan.

Agarda diniy mazmundagi material sifatida tan olinmasa, bu materiallar dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazilishi shart emas, degan xulosa beriladi. Bizda bunaqa murojaatlar juda ko‘p bo‘ladi, kitoblar keladi, boshqalar keladi, agar ular diniy mazmundagi material bo‘lmasa, demak, bu material diniy mazmundagi material hisoblanmaydi, degan xulosa beriladi.

Bu senzura emas. Tsenzura – umuman cheklab qo‘yish. Ekspertiza o‘tkazishdan maqsad – ixtiloflar kelib chiqishining oldini olish. Agar muayyan bir masalalar bo‘lsa, munosabat bildiriladi; agar xulosadan norozilik bo‘ladigan bo‘lsa, hamma bu bo‘yicha o‘z e'tirozini bildirish huquqiga ega”, – deya javob berdi Dilshod Eshnayev 10 iyul kungi matbuot anjumanida.

Ma'lumot uchun, hukumat tasdiqlagan nizomga ko‘ra, diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatishga dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi asosidagina ruxsat etiladi.

Nizomda “diniy mazmundagi material” tushunchasiga quyidagicha ta'rif berilgan:

Diniy mazmundagi material – dunyodagi turli dinlarning asoslari, tarixi, mafkurasi, ta'limoti va sharhlari hamda marosimlarini o‘tkazish amaliyotini aks ettiruvchi kitoblar, risolalar, jurnallar, gazetalar, varaqalar va boshqa bosma nashrlar, audiovizual asarlar (tele-, kino- va videofilmlar, kliplar, konsert dasturlarining yozmalari, multfilmlar, anime, xentay va shu kabilar), axborot tashuvchi elektron jismlar (disketlar, CD, DVD disklari, internet tarmog‘ida joylashtirilgan materiallar va shu kabilar).

Top