20:48 / 11.07.2021
10689
Bu hali boshlanishi. Angliya futbolidagi islohotlar, Sautgeytning roli va keyingi o‘n yil favoriti haqida

Qiziq paradoks, bugun finalda o‘ynaydigan Angliya milliy jamoasi turnir davomida eng ko‘p tanqidga uchragan jamoalardan biri. Hatto yulduzli Belgiya yoki Germaniya turnirni ancha avval tark etgan bo‘lsa-da, u qadar bosimni his qilishmadi. Garet Sautgeyt shogirdlari potensialidan to‘liq foydalana olmayapti, juda ko‘p iqtidorli futbolchilar bo‘lsa-da, jamoa ancha pragmatik, ehtiyotkor va xunuk futbol namoyish etmoqda, deyishdi neytral muxlislar.

Foto: AFP

Chindan ham, Sancho, Grilish, Maunt, Reshford, Sterling kabi o‘tgan mavsum qahramonlari bir tarkibda nimalarga qodir ekanini ko‘rish qiziq, lekin yana bir boshqa savol o‘ylantiradi – 55 yilda ilk bor yirik turnir finaliga chiqqan Angliya nimalar qildi-ki, shu darajaga keldi? Axir murabbiylar tarkib yig‘ish uchun «Sauthempton» yoki «Everton»dan o‘yinchi izlab yurganiga ko‘p bo‘lmadi-ku? Yaqin yaqingacha ham APL top-klublarida ingliz futbolchilari yo‘q edi.

Hozir vaziyat boshqacha. Angliya nafaqat Yevrodagi eng yulduzli va qimmatbaho tarkibga ega, balki bu futbolchilar ancha yosh ham. Har bir top-klubda muntazam ravishda to‘p surayotgan «tineyjyerlar» ham bor – «Siti»da Foden, «Yunayted»da Grinvud, «Chelsi»da Maunt kabi futbolchilar hali o‘z so‘zlarini aytishgani ham yo‘q. Angliya qanday qilib bu darajaga kelib qoldi?

Asrning dastlabki o‘n yili, avvalgi avlodning yakunini eslang: avvaliga Stiv Maklaren boshchiligida Angliya Yevro-2008 yo‘llanmasidan quruq qoldi. Keyin Fabio Kapello ham davri o‘tgan faxriylar bilan hech narsa qilib bo‘lmasligini ko‘rsatib berdi – JCh-2010da guruhdan zo‘rg‘a chiqqan inglizlar nimchorak finalda Germaniyaga yirik hisobda yutqazdi.

Koul, Terri, Lempard, Jyerard va Ferdinand kabilarning davri o‘tib borar, ularning o‘rni Denni Uelbek va Fil Jons kabilarga qolayotgandi. 2013/14 yilgi Chempionlar Ligasi guruh bosqichida 78 ispan, 55 nemis va atigi 23 nafar ingliz futbolchisi to‘p surgan. Angliya milliy jamoasi murabbiyiga qanchalik qiyin bo‘lganini tasavvur qilavering. O‘sha davrlar fonida Garet Sautgeyt bugungi avlod jallodi o‘laroq, tayyor oshni pishira olmayotgan oshpazdek ko‘rinishi mumkin, lekin aslida aynan Sautgeyt Angliyadagi futbol islohotlarining bosh ijrochilaridan biri ekanini ko‘pchilik bilmasa kerak.

2010 yilda AFA katta o‘zgarishlar amalga oshirishga kirishdi. Islohotlar bilan «Mildsbro»dan iste'foga chiqib, FAda rivojlanish bo‘yicha direktor lavozimiga o‘tirgan Garet Sautgeyt, shuningdek, Trevor Bruking (hozirgi direktor), futbolchilar va murabbiylarni rivojlantirish departamenti rahbari Mett Kroker, hamda FA texnik direktori Den Eshfortlar shug‘ullanishni boshladi. Tabiiyki, mamlakat futboli bilan eng tepadan boshlab qayg‘urildi: APL prezidenti Richar Skademordan tortib Buyuk Britaniya sport vazirigacha bir yoqadan bosh chiqarishdi.

Birinchi qadam – Bolalar futbolidagi mashg‘ulotlar mazmuni o‘zgardi

Avvalo, FA asosiy muammoni tan oldi – yosh ingliz futbolchilari APL klublari asosiy tarkibiga kira olmayapti va raqobatda nafaqat xorijiy yulduzlarga, balki o‘rtamiyona futbolchilarga ham boy bermoqdalar. Qayg‘uli fakt – 2012/13 yilgi mavsumda 21 yoshdan kichik ingliz futbolchilarining APLdagi vaqti atigi 2,28 foizni tashkil qiladi. «Siti», «Chelsi», «Suonsi», «Stok Siti» va «Uigan» klublari safida bu yoshdagi birorta ingliz maydonga tushirilmadi. CIES (FIFA tadqiqot markazi) ma'lumotiga ko‘ra, o‘sha mavsumda atigi 35 nafar 21 yoshdan kichik bo‘lgan ingliz futbolchisi maydonga tushgan – 2005 yildan buyon eng past ko‘rsatkich. 2005-yillarda ingliz jamoalari Yevropada ancha yetakchi o‘rinlarda bo‘lishgani, biz qarayotgan mavsumda esa, APL yevrokuboklarda Bundesliga va La Ligadan ancha ortda qolib ketganini hisobga olsak, vaziyat yanada og‘ir bo‘lganini tan olishga majburmiz.

Avvaliga hammasi oson yo‘ldan ketayotgandek edi, masalan APL klublariga qaydnomada o‘z tarbiyalanuvchilariga ega bo‘lishi kerakligi borasidagi limit haqida so‘z bordi. Lekin keyinchalik barcha e'tibor bolalar futboliga qaratildi va limit ancha yumshadi: hozirda klublar o‘z tizimida uch yildan ortiq shug‘ullangan yosh futbolchini tarbiyalanuvchi sifatida qaydnomaga kirita oladi.

2012-14 yillarda Angliyada yoshlarni tarbiyalash borasida radikal islohotlar ro‘y berdi. Bu o‘zgarishlar ikki asosiy hujjat poydevori ustiga qurildi.

Premer Liga elita toifadagi futbolchilarni rivojlantirish rejasi (Premier League Elite Player Performance Plan)

Angliya DNKsi (England DNA)

FA tadqiqotlariga ko‘ra, ingliz futbolchilari haddan tashqari kam shug‘ullanishi ma'lum bo‘ldi. 21 yoshga borib, 7 yoshdan boshlagan futbolchi o‘rtacha 3760 soat mashg‘ulot o‘tasa, ispanlarda bu ko‘rsatkich 4880 soatga, fransuzlarda 5740, niderlandiyalik o‘smirda 5940 soatga teng. Boshqa solishtiruv ham bor: Angliyada o‘rtacha 15 yoshli suzuvchi haftasiga 15 soat shug‘ullanadi, shu yoshdagi futbolchi esa, atigi besh soat.

Muammo turnirlarning sifatida: ingliz yoshlari juda kam chetga chiqishadi, xalqaro o‘yinlar kam, umuman FA fikriga ko‘ra, ular bosim ostida o‘ynashga tayyor emas. Futbol Assotsiatsiyasi bu muammoni mashg‘ulotlar sonini oshirish hamda yangi turnirlar tashkil qilish bilan yechishga harakat qildi. Qiziq tomoni, turli yosh toifalaridagi umumiy soni 212dan ortiq bo‘lgan bu turnirlar nihoyatda xilma-xil bo‘lib, go‘yoki, FIFA simulatsiyasi rejimlariga o‘xshaydi – futbolchilarga nafaqat o‘yin vaqti taqdim etiladi, balki muayyan jabhalarda mahoratni oshirish imkonini beradi.

Masalan, FA tomonidan eng muhim va o‘tish davri hisoblangan 12-16 yosh toifasidagi turnirlarga e'tibor qarataylik:

  • U-13 milliy kubogi – uy va safar tizimida o‘ynash imkoniyati bor.
  • Futzal turnirlari – mini formatdagi musobaqalar yordamida futbolchi texnik tomondan rivojlanishi va yakka-yakka holatlarda tez qaror qabul qilishni o‘rganishi mumkin.
  • U-15lar uchun Floodlit Cup turniri – turli og‘ir sharoitlar ta'minlanadi. Bolalar noqulay ob-havoda va o‘ta yorug‘ projyektorlar ostida o‘ynaydilar.
  • Power Play – xuddi futzal turniri kabi, ammo baland musiqa ham qo‘yiladi. O‘yin paytida kutilmaganda baland musiqa yangray boshlab, futbolchilarning diqqatini bo‘lishga harakat qilinadi. Musiqa paytida urilgan gollar ikkita hisoblanadi. Bunday o‘yinlar futbolchilarning konsentratsiyasini oshirishda yordam beradi.

APL ham bu jarayonlarda faol qatnashdi. Liga Bio-Banding dasturini ishga tushirdi, unga ko‘ra har yili bolalarning biologik yoshiga ko‘ra tanlab olish imkonini beruvchi turnirlar tashkil qilinadi. Shunchaki, ma'lum yosh toifalari jamlanmasdan, bolalarning jismoniy rivojlanishiga qarab, biologik yoshi e'tiborga olinadi. Bu ayniqsa, yilning ikkinchi yarmida tug‘ilib, yilning boshida tug‘ilgan tengqurlariga nisbatan qiynaladigan bolalar uchun muhim. Kichik yoshlarda yarim-bir yosh ham katta ahamiyat kasb etishi turgan gap.

Bundan tashqari, Premer Liga EPPP (Premier League Elite Player Performance Plan) loyihalari uchun har to‘rt yilda 320 million funt ajratishga va'da berdi va rezerv jamoalari chempionati o‘rniga APL U-21ni tuzish taklifini berdi. 2012 yildan beri o‘ynalayotgan bu turnir avvalgisidan farq qiladi. Birinchidan, bu endi hududiy emas, milliy, butun Angliya uchun turnir, ikkinchidan, faqat uch nafar 21 yoshdan o‘tgan futbolchini tushirish mumkin, xolos. Ilgari klublar zaxirada qolib ketgan futbolchilarni formada ushlab turish uchun o‘ynatishardi. Uchinchidan, o‘yinlar asosiy stadionlarda, muxlislar ko‘z o‘ngida bo‘lib o‘tmoqda – tabiiyki, yosh futbolchilar uchun kerakli tajriba.

Ikkinchi qadam – barcha terma jamoalar o‘rtasidagi bog‘liqlik yuqori bosqichga olib chiqildi

2014 yildan islohotlarning keyingi bosqichiga o‘tildi. Eshfort, Sautgeyt (u paytda yoshlar milliy jamoasi murabbiyi) va Kroker DNA England (Ingliz DNKsi) rejasini ishlab chiqishdi. EPPP asosan klublar darajasi va futbolchining 16 yoshgacha rivojlanib borishini qamrasa, DNA England uning mantiqiy davomi bo‘lib, U-15dan boshlab, barcha yosh toifalardagi terma jamoalar nomzodlarini o‘z ichiga oladi. Bu yerda asosiy besh savol muhim:

  1. Biz kimmiz? (Ingliz futbolchilarida Angliya milliy jamoasida o‘ynashga ehtiros uyg‘otish)
  2. Qanday o‘ynaymiz? (Barcha jamoalar amal qiladigan o‘yin uslubi)
  3. Angliya milliy jamoasining bo‘lajak futbolchisi qanday bo‘lishi kerak? (Yangi o‘yin modeliga mos bo‘lgan futbolchilarni izlash)
  4. Qanday shug‘ullanamiz? (barcha yosh toifalar mashg‘ulotlari uchun umumiy falsafa o‘rnatish)
  5. Jamoani qanday quvvatlaymiz? (sport ilmi va tibbiyotni rivojlantirish)

Bu yerda eng muhimi, o‘yin uslubi. Inglizlar o‘z tizimlarining mukammal emasligini tushunib yetdilar: kuchli va tezkor atletlar yetishtirish mumkin, ammo...

«Agar Xavi va Inesta ingliz futbol tizimida ulg‘aygan bo‘lishganida, mana shunday buyuk futbolchilar bo‘lib yetisharmidi? Men bunga ishonmayman», – degandi Sautgeyt.

Tahlilchilar yetti asosiy futbol mamlakatlarini o‘rganib chiqib, tayyorlanish metodlari va terma jamoa muvaffaqiyatlaridagi bog‘liqlikni topishga urindi. Ma'lum bo‘lishicha, tarkibida texnikasi yuqori futbolchilar ko‘p bo‘lgan jamoalar ko‘proq sovrindor bo‘lar ekan. Ispaniya, Belgiya kabi mamlakatlarga ergashib, inglizlar ham bolalar futbolida 11ga 11 o‘yinlardan voz kechdilar va maydon o‘lchamlarini kichraytirdilar. Endi har bir bola ko‘proq to‘p bilan muomala qiladi. Umumiy mashg‘ulotning ham kamida 70 foizi to‘p bilan kechadi – bu ham majburiy talab.

«Aslida barcha yosh toifalaridagi terma jamoalar yagona uslubda tayyorlanishi kerak. Ularni faqat futbolka razmerlari farqlab tursin», – deydi ko‘pincha Eshfort.

Dastlabki davrlarda g‘oyaviy yo‘lboshchi Garet Sautgeyt edi. U darhol o‘zining U-21 jamoasini milliy jamoa uslubiga moslashtirib, tarkibga to‘p bilan ishlashda mahoratli bo‘lgan ijrochilarni jalb etdi. Jyessi Lingard, Tom Kerrol va Uill Hyuzni. Shuningdek, Sautgeyt kichik yoshdagi jamoalarga ham yordam berdi. «Garet bizning turnirlarimizga kelib, tomosha qilardi», – deb eslaydi U-16 murabbiyi Den Mikkishe, - «aynan shunday turnirlarning birida u ilk bor Trent bilan tanishgandi».

Mevalarni 2016 yilgacha kutishga to‘g‘ri keldi. Mayda Sautgeyt jamoasi Pikford va Loftus Chiklar bilan Tulondagi turnirda g‘alaba qozondi, dekabrda esa, U-16 Floridada Braziliya va AQSh jamoalarini yutib, Nike sovrinini qo‘lga kiritdi. Bu g‘alabalar yangi tizimdagi ilk yutuqlar bo‘lib, shundan so‘ng inglizlar tanlagan yo‘llariga yanada amin bo‘la boshladilar.

Uchinchi qadam – Infratuzilmani yaxshilash

Infratuzilmadagi o‘zgarishlar bolalar futbolidan ham ko‘ra kengroq va kattaroq. Shartli ravishda ularni uchga bo‘lish mumkin:

  • Ommaviy sport sharoitlarini yaxshilash;
  • Akademiyalarni modernizatsiyalash;
  • Angliya terma jamoasi uchun Milliy markazni tashkil qilish.

FA 2012 yilda so‘rovnoma yordamida aniqladiki, futbol bilan shug‘ullanadigan insonlarning 84 foizi asosiy muammo sifatida sharoitlarni aytar ekan. Londonda mamlakat aholisining 16 foizi istiqomat qiladi, ammo jami futbol obektlarining atigi 3 foizi Londonda joylashgan. Butun Liverpulda faqatgina bir dona yuqori sifatli to‘liq futbol maydoni bor va u ham «Liverpul» futbol klubiga tegishli. FAning baholashicha, 1,5 million ingliz futbol o‘ynashni istaydi, lekin maydon yo‘q. «Aksariyat bolalar chang va loydan iborat bo‘lgan, notekis yerlarda o‘ynashadi va u sharoitlarda texnikani rivojlantirib bo‘lmaydi», – deb yozgandi BBC Sport o‘z tadqiqotlarining birida.

2013 yilda FA va APLning qo‘shma fondi ishga tushdi va keyingi uch yilda 102 million funt «eng quyi qatlamlar»dagi infratuzilmani yaxshilashga yo‘naltirildi. Aslida shu kabi fond (Football Foundation) avvaldan bo‘lgan, lekin klublar bu yo‘nalishda pul sarflagisi kelmas, doim qisqartirish payida bo‘lardilar. Qarang, bir qaraganda, umuman klublar uchun havoga pul sovurishdek tuyuladi, ammo uzoq istiqbolda mevalarini bermoqda. «Siti», «Chelsi», «Yunayted», «Liverpul», «Arsenal» kabi klublar Foden, Maunt, Abraham, Grinvud, Trent, Saka kabi iqtidorlarga ega bo‘ldi, endi ular Ispaniya yoki Fransiyadan katta summalarga futbolchi sotib olishga o‘n yil oldingi qadar muhtoj emas.

Yangi fond klublarning xayriya dasturlari bilan ham hamkorlik qilib, eng qashshoq xududlarga eng yuqori sifatli chim bilan qoplangan, har biri 500 ming funt turadigan stadionlar qura boshladi.

«Bu pullar mamlakatga katta naf keltiradi», – degandi sport vaziri Elen Grant fondning ochilish marosimida, - «endi sportga oldingidan ko‘proq pul sarflanmoqda va avvalgidan ko‘proq inglizlar sport bilan shug‘ullanishmoqda».

«Fond shaharlarimiz uchun foydali» – deydi Richard Skademor, - «u yerlarda qashshoq oilalarning sportga qiziqadigan lekin bunga sharoit topa olmagan juda ko‘p bolalari bor. Aynan shu kabi loyihalardan bo‘lgan Kickz bizga Rahim Sterling va Uilfrid Zaa kabi futbolchilarni taqdim etgandi».

EPPP’ning yana bir bandlaridan biri klub akademiyalariga tegishli. Bu borada Germaniyadan namuna olgan FA akademiyalarni kategoriyalashtirdi. Akademiyalar o‘nlab punktlar asosida 1dan 4 kategoriyagacha tasniflanadi. Yuqori baho olish juda muhim, chunki yuqori kategoriyadagi akademiya pastki akademiyadan iqtidorli futbolchini osonlik bilan qo‘lga kirita oladi. Buning uchun klub bilan kelishishi shart emas, FA tomonidan belgilangan narxni to‘laydi, tamom. Shu tariqa, eng iqtidorli futbolchilarning kategoriyasi, ya'ni sharoiti yaxshiroq bo‘lgan akademiyalarga o‘tishi yengillashtirilgan bo‘lsa-da, aynan shu qoidaga qarshilar ko‘p. Zero, top-klublar akademiyalari o‘z moliyaviy imkoniyatlaridan foydalanib, osonlik bilan eng yaxshi futbolchilarni olib qo‘yishlari oson bo‘lib qolgan. To‘g‘ri, yana bir qoida bor – bolaning yangi akademiyasining uyidan uzoqligi bir soatlik yo‘ldan ortib ketmasligi kerak.

Ammo teskari misollar ham ko‘p. Masalan, endi kichikroq klublar ham kategoriyada yuqoriga chiqish uchun akademiyani yaxshilashga kirishdilar. «Kristal Pelas» rekonstruksiya uchun 20 million funt sarfladi, «Byornli» 10,6 millionga o‘quv markazi ochdi, hatto Liga 2dagi «Mensfild Taun» yangi akademiya uchun 2,5 million funt ishlatdi. Klublar bu investitsiyalar yordamida kelajakda millionlab foyda qilish yoki katta transfer xarajatlarini kamaytirish mumkinligini tushunib qoldi.

Islohotlar 2012 yildan boshlandi, 2014 yilda ikkinchi bosqichga start berildi. Inglizlarning JCh-2018 va Yevro -2020dagi muvaffaqiyatlarini faqat bolalar futboli bilan bog‘lash to‘g‘ri bo‘lmaydi, albatta. Lekin quyidagi raqamlar e'tirofga loyiq:

So‘nggi yillarda Angliya barcha yosh toifalarda Yevropada yetakchilik qilmoqda. 2017 yilda Angliya ikki jahon chempionatini yutdi: 17 va 20 yoshlilar toifasida. 19 yoshlilar toifasida Yevropa chempioni bo‘ldi. U17 Yevro finaliga chiqib, faqat penaltilar seriyasida yutqazdi. U-21 Yevropa chempionatida yarimfinalda faqat penaltilar seriyasida yutqazdi. U-18 jamoasi Tulonda nufuzli turnir g‘olibi bo‘ldi. Butun futbol tarixida faqat ikki mamlakat bir yilda ham 17 ham 20 yosh toifasida chempion bo‘lgan. 2017 yilda Angliya va 2003 yilda Braziliya.

Avvalgi avlodlardan farqli o‘laroq, bugungi o‘smir yulduzlar yuqori darajada ham davom etmoqdalar. U-17dan Sancho, Foden, Hadson Odoi va Eynjyel Gomes (Portugaliya chempionatida yaxshi o‘ynamoqda), U-19 Yevropa chempionlaridan Maunt, Ris Jyeyms, Sessenon, U-20 jahon chempioni bo‘lganlardan Tomori, Kelvert-Lyuin, Lukman, Henderson va Meytlend-Naylz.

APL ham o‘zgarmoqda. 2020/21 mavsumida har 10 futbolchidan 4 nafari Angliya terma jamoasiga nomzod bo‘la olishadi. So‘nggi 12 yildagi eng yaxshi ko‘rsatkich. 2019/20 mavsumidan buyon U-23 ingliz futbolchilari umumiy vaqtning 15 foizini olmoqda, so‘nggi besh yildagi eng yaxshi ko‘rsatkich. CIES ta'kidlashicha, Ligada yosh futbolchilarning umumiy soni sezilarli oshmagan bo‘lsa-da, ularning ahamiyati oshgan. Buni biz aynan yuqori o‘rinlardagi klublar safida inglizlar soni oshganidan ham ko‘rishimiz mumkin.

Bundan tashqari, yosh futbolchilar britan futboli qobig‘ida o‘ralashib qolmasdan, osonlik bilan boshqa ligalarda ham o‘zlarini ko‘rsata olmoqdalar. Ijara shartnomalari yordamida Lukman (Leypsig), Nelson (Hoffenhaym), Sancho (Borussiya) kabi futbolchilar Bundesligada o‘sdilar. Himoyachi Jonjo Kenni «Shalke»da yaxshi mavsum o‘tkazdi. Rayan Sesenon Mourinodan so‘ng, «Hoffenhaym»da eski darajasiga qayta boshladi. Jud Bellinhem dortmundliklar safida YeChL pley-offlarida asosiy tarkibda tushmoqda. Tomori bir mavsumda «Milan»da o‘zini ko‘rsatib, 28 million yevroga transfer qilinyapti. Inglizlar yildan yilga raqobatbardosh bo‘lib bormoqdalar. Yaqin yillargacha yosh inglizlar niderlandiyalik yoki ispaniyalik tengqurlariga yutqazib qo‘yishardi.

Yevro-2020da Angliya eng yosh tarkiblardan biriga ega – 24,8. Faqat Ispaniya va Turkiyaning tarkiblari yoshroq edi. Milliy jamoaning asosiy yulduzlari – Sterling, Keyn, Pikford, Uoker va Maguayr 25-30 yoshlar orasida, ya'ni islohotlar boshlanayotganda bu futbolchilar kattalar futboliga kirib kelayotgan edi. Bugungi asosiy tarkib futbolchilari ichida faqat Meyson Mauntni to‘laqonli islohotlar mevasi deyishimiz mumkin.

Ammo juda ko‘p yosh iqtidor egalari ham shu safda borki, ularning ayrimlari Sautgeyt bilan Yevroda qatnashmoqda va murabbiy hozircha ulardan foydalanmayapti. Ayrimlari esa, katta ehtimol bilan keyingi sikllarda paydo bo‘lishadi. Ular – yangi asrda tug‘ilgan yulduzlar: Meyson Grinvud (islohotlar boshlanish paytida 10 yoshda bo‘lgan), Sancho (11 yosh), Foden (12 yosh), Saka (11 yosh) Bellinhem (9 yosh), Din Henderson (12), Hadson-Odoi (11), Kertis Jons (12). Yana «Bavariya»da porlayotgan 18 yoshli Jamal Musialu ham bor, u ham ingliz futbol tizimida tarbiyalandi, ammo terma jamoa sifatida Germaniyani tanladi.

Bu avlodda birorta ham sharmandali natijalar yo‘q. 2021 yilning bahorida The Athletic salohiyati eng yuqori bo‘lgan 20 nafar yosh iqtidorlar bo‘yicha hisobot tayyorladi va u yerda 13 futbolchi angliyalik.

2013 yilda FAning yangi rahbari Greg Dayk islohotlarning asosiy maqsadini e'lon qilganida, Yevro-2020 yarim finali va Qatardagi JChda g‘alaba qozonishni aytgandi.

Sautgeyt bugunoq o‘sha rejani ortig‘i bilan bajarishi mumkin. Gap unda emas. Bunday turnirlarda g‘alaba qozonishning yo‘llari, misollari ko‘p. Hamma chempionlar ham sakkiz yil kutishmagan-ku, to‘g‘rimi? Lekin yuqoridagi islohotlarning yutug‘i boshqa joyda: 55 yilda ilk marta katta turnir finaliga chiqqan Angliya tanqid ostiga olinyapti, butun salohiyatdan to‘liq foydalana olmayotgan murabbiy sifatida Sautgeyt tanqidga uchramoqda. Tasavvur qilyapsizmi? Bunday poydevor, bunday munosabat bilan endi Angliya nafaqat bu turnirda, balki kelajakda yana bir nechta yirik turnirlarda asosiy favorit bo‘lib kelaveradi, Mana bunisi kattaroq yutuq. Mana bunisi tizimli, og‘ir va halol mehnatning samarasi. Qoyil qolish kerak.

Spors.ru materiali asosida Qahramon Aslanov tayyorladi

Mavzu
Yevro-2020
Pandemiya tufayli kechiktirilgan futbol bo‘yicha Yevropa chempionati 11 iyun kuni boshlanadi. Turnir ilk marta butun Yevropa bo‘ylab 11 shahardagi stadionlarda o‘tkaziladi.
Barchasi
Top