14:37 / 11.07.2021
12178
Rekordni yangilagan neft narxi, taksichilikka soliqlar, pillachilik va uzumchilikka subsidiyalar – haftaning «pullik» xabarlari

Iyul oyining birinchi 10 kunligini yakunlagan haftada jahon va O‘zbekiston iqtisodiyotida muhim yangiliklar sodir bo‘ldi. Kun.uz haftaning «pullik» xabarlarini to‘pladi.

Neft narxi 3 yillik rekordni yangiladi

Hafta neft uchun omadli keldi: Londonning ICE birjasida Brent nefti narxi 1,3 foizga ko‘tarildi. Bu neft narxi uch yillik rekordni yangilaganini ko‘rsatadi. 2018 yil 30 oktyabrdan beri ilk bor neft bir barreli uchun 77 dollardan oshdi.

WTI nefti narxi esa 1,6 foizga oshib, 76,32 dollarga yetgan.

Xitoy O‘zbekiston importi va eksportida yetakchilik qilmoqda

Joriy yilning besh oyida Xitoy O‘zbekiston eksportida 0,8 mlrd dollarlik eksport bilan yetakchilikni qo‘lga olgan. U 1,8 mlrd dollarlik import bilan ham yetakchilik qilmoqda.

Ya'ni yilning besh oyida Xitoydan import eksportga nisbatan 2 barobarga ko‘proqni tashkil qilgan: saldo manfiy 1 milliard dollarga teng.

Davlat kompaniyalariga xaridlarni tendersiz amalga oshirish taqiqlandi

Prezident qaroriga muvofiq, 2021 yil 5 iyuldan boshlab davlat kompaniyalari uchun individual tarzda davlat xaridlarini tendersiz o‘tkazishning mavjud talablari bekor qilindi.

Ularga davlat xaridlari o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e'lonlar va davlat xaridlari natijalari to‘g‘risidagi axborotni maxsus axborot portali va OAVda e'lon qilish majburiyati yuklatildi. Hujjatda yana boshqa o‘zgarishlar aks etgan.

Uzum plantatsiyalari uchun subsidiyalar ajratiladi

Yangi tokzorlar uchun bir dona artezian quduq yoki nasos stansiyasi qurishga har 10 gektarga 120 mln so‘mgacha subsidiya beriladi, ya'ni subsidiya beriladigan maydon hajmi 3 barobarga kamayadi (hozir eng kam maydon 35 gektar qilib belgilangan).

Sertifikatlangan uzum plantatsiyalarini tashkil etishni moliyalashtirish uchun banklarga 100 mln dollar resurs ajratiladi.

Shuningdek, uzumchilikda ishlatiladigan asbob-uskunalar va texnikalar bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.

Jismoniy shaxslar YaTT sifatida taksichilik qilganda qancha soliq to‘lashi ma'lum qilindi

Yengil avtomobilda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi YaTTlar 2021 yilda oyiga 150 ming so‘m soliq to‘laydi. Shuningdek, litsenziya varaqasi uchun yiliga 245 ming so‘m davlat boji undiriladi.

2021 yil 1 centyabrgacha YaTT sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganlik uchun davlat boji undirilmaydi.

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari kamaydi

2021 yil 1 iyul holatiga, O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 34,1 milliard dollarni tashkil etmoqda. 

1 iyun holatida respublikaning rasmiy zaxira aktivlari 35,5 milliard dollarni tashkil qilgan.

Zaxiralarning keskin kamayishiga jahon bozorida oltin narxi pasayishi asosiy sabab bo‘lganini taxmin qilish mumkin.

O‘zbekistonda yilning birinchi yarmida naqd pul aylanmasi hajmi oshdi

2021 yil yanvar—iyun oylarida banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 231,9 trln so‘mni tashkil etib, 2020 yilning mos davriga nisbatan 47 foizga oshgan.

Aholi bank kartalariga kelib tushgan mablag‘ning 33 foizi naqdlashtirilgan.

Qorako‘lchilikni rivojlantirishga 200 mlrd so‘m ajratiladi, pillachilikka subsidiyalar beriladi

2022 yil 1 yanvardan 2025 yil 1 yanvargacha:

  • har yili yetishtiriladigan pilla (ho‘l pilla) hosilining 1 kilogrammi uchun 5 ming so‘m miqdorida xonadonlarda pilla yetishtiruvchilarga respublika budjeti hisobidan subsidiya ajratiladi;
  • tutzorlarni sug‘orish uchun foydalanilgan suv hajmiga suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorda qo‘llanadi.

Qorako‘lchilikni yanada rivojlantirish maqsadida 200 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

O‘zbekiston ikki trenshda 870 mln dollar ekvivalentida yevrobondlar chiqaradi

Moliya vazirligi London fond birjasiga qiymati 870 million dollar bo‘lgan ikkita xalqaro obligatsiya joylashtirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Dollar trensh 10 yil muddatga, so‘mda ko‘rsatilgan yevrobondlar esa 3 yoki 5 yil muddatga beriladi.

Top