20:40 / 12.07.2021
33596
Afg‘oniston: toliblar uch viloyat markazini egallashga urinmoqda, AQSh harbiylari qo‘mondoni postni topshirdi

AQSh Afg‘onistondagi amaliyotlarini to‘xtatishi bilan, toliblar hukumat kuchlariga qarshi harakatlarini kuchaytirmoqda: dushanba kuni ular muhim markazlardan biri bo‘lmish G‘aznini o‘rab olgani va uning atrofidagi hududlarga kirgani ma'lum bo‘ldi, bu vaqtda AQShning Afg‘onistondagi qurolli kuchlariga qo‘mondonlik qilib kelgan general Ostin Millerning postini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Reuters

Dushanba kuni dunyo agentliklari mahalliy rasmiylarga asoslangan holda «Tolibon» harakati vakillari G‘azni viloyati markazi - Kobuldan janubi-g‘arbda joylashgan G‘azni shahrini o‘rab olgani, shahar atrofidagi hududlarda janglar ketayotgani haqida xabar tarqatdi.

«G‘aznidagi vaziyat juda og‘ir. Toliblar turar joylarga yashirinib olib hukumat kuchlarini o‘qqa tutishmoqda, bu esa hukumat kuchlarining toliblarga qarshi harakatlarini juda qiyinlashtirmoqda», deya G‘azni viloyati kengashi a'zosi Hasan Rizoiyning so‘zlarini keltiradi Reuters agentligi.

G‘azni Kobuldan janubga, Qandahor va Pokiston chegarasiga eltuvchi yo‘l bo‘yida joylashgan. Bu yo‘lda Qandahor shahri uchun ham jang olib borilmoqda.

«So‘nggi to‘rt kun davomida toliblar g‘arbdan Qandahorga hujum qilmoqda. Afg‘on xavfsizlik xizmati kuchlari, maxsus bo‘linmalar ularni ortga qaytarishga urinmoqda», deya parlamentning sobiq deputati, hozirda janglarda ishtirok etayotgan Hamidzay Lalayning so‘zlarini keltiradi Reuters. Afg‘oniston mudofaa vazirligi toliblarga aviazarbalar berilgani va quruqlikda ham harbiy amaliyot o‘tkazilayotganini ma'lum qilgan. Vazirlik Qandahordagi vaziyat hukumat nazoratida ekaniga ishontirgan.

Yakshanba kuni hukumat kuchlari aviatsiya yordamida Tojikiston bilan chegaradagi Tohar viloyati markazi Toluqon shahrida toliblarga hujum uyushtirgandi.

Bir necha kun oldin toliblar Turkmaniston bilan chegaradagi Bodg‘is viloyati markazi Qal'ai Navga kirishgan, ammo hukumat harbiylari ularni bu yerdan ham siqib chiqarishgan.

Hozircha toliblar biror viloyat markazini qo‘lga olishning uddasidan chiqishmadi, ammo viloyat markazlari atrofi shiddat bilan o‘rab olinmoqda, shuningdek, nisbatan kichik shaharlar, qishloqlar va butun tumanlar ularning nazoratiga o‘tmoqda.

BMT Xavfsizlik kengashining iyun oyidagi hisobotida «Tolibon» Afg‘oniston hududining yirik shaharlardan tashqaridagi 50-70 foiz qismini va tumanlar markazlarining 57 foiz qismini nazorat qilayotgani aytilgandi.

Aprel oyi oxirida AQSh prezidenti Jo Bayden Amerika harbiylari 11 sentyabrga qadar Afg‘onistondan to‘liq olib chiqilishini ma'lum qilgach, toliblar mamlakatning turli nuqtalarida hujum boshlagandi.

Dushanba kuni Kobulda AQShning Afg‘onistondagi 20 yillik urushining yakunini ifodalovchi marosim o‘tkazildi: Amerikaning ushbu mamlakatdagi kontingentiga qo‘mondonlik qilgan general Ostin Miller rasman bu lavozimni bo‘shatdi.

AQShning Afg‘onistondagi kuchlari qo‘mondogi general Ostin Miller va Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani general Miller postni topshirishidan bir necha kun oldin

Amerika kuchlarining katta qismi Afg‘onistonni yozning oxirigacha tark etadi, ammo kontr-admiral Piter Veysli boshqaruvidagi kichik kontingent baribir qoladi: bu qism AQSh elchixonasi va Kobul aeroportini qo‘riqlaydi.

Afg‘on hukumat kuchlarini texnik qo‘llab-quvvtlash, shu jumladan, aviatsiyaga xizmat ko‘rsatilishini Qatardagi bazada joylashadigan brigada generali Kyortis Bazzard ta'minlaydi.

Bundan tashqari, AQSh ketganidan keyin ham Afg‘onistondagi terrorchi tuzilmalarga qarshi kurashda qolib, ularning pozitsiyalariga aviazarbalar berishni davom ettirishni rejalashtirmoqda.

O‘tgan yil boshida AQSh toliblar bilan tinchlik sulhi tuzgan, unga ko‘ra «Tolibon» «Al-Qoida» va IShID ushbu mintaqada ta'sirini yoymasligini, Afg‘onistondan AQSh va uning ittifoqchilariga qarshi baza sifatida foydalanmasligini ta'minlashga va'da bergan. Lekin bu kelishuvga to‘liq rioya etilmayapti.

9 iyul kuni «Tolibon» vakillari (chapdan o‘ngga) Abdul Latif Mansur, Shahobuddin Dilovar va Suhayl Shahin Moskvada muzokaralar o‘tkazib, matbuot anjumanida qatnashishdi

O‘tgan haftada «Tolibon» vakillari bilan Rossiya hukumati nomidan rossiyaliklar prezidentining Afg‘oniston masalalari bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov muzokara o‘tkazdi. Rossiya TIV bayonotiga ko‘ra, harakat rasmiylari Markaziy Osiyo davlatlari chegaralarini buzmaslikka va'da bergan hamda Afg‘oniston hududidagi diplomatik va konsullik missiyalari xavfsizligini kafolatlagan. Shuningdek, uchrashuvda ushbu guruh IShID tomonidan keladigan xavfga qarshi kurashga va «mamlakat hududida narkotiklar ishlab chiqarishni tag-tubi bilan yo‘q qilishga» qat'iy kirishishga so‘z bergan.

Ammo AQSh toliblar amalda «Al-Qoida» va shu kabi tashkilotlarga Afg‘onistondan turib teraktlar tayyorlashga xalaqit berishiga ishonmayapti.

BMT ekspertlarining baholariga ko‘ra, Afg‘onistonda 10 minggacha xorijlik jangarilar, radikal guruhlar a'zolari qo‘nim topishgan va toliblar ularning ko‘pchiligi bilan do‘stona aloqalar o‘rnatib, yaqindan hamkorlik qiladi.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top