03:09 / 12.07.2021
7430
BAA yana ikkita davlat bilan aviaaloqani to‘xtatdi
Foto: Reuters

BAA 11 iyul soat 11:59dan boshlab Indoneziya va Afg‘onistondan aviareyslarni qabul qilishni to‘xtatdi. Ushbu cheklovlar koronavirus tarqalishi bilan bog‘langan bo‘lib, ham mahalliy, ham xorijiy aviakompaniyalar reyslariga taalluqli bo‘ladi.

BAAning fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi (GCAA) va favqulodda vaziyatlar, tabiiy ofatlar bo‘yicha milliy boshqarmasining ma'lum qilishicha, yuqorida tilga olingan ikki davlatda oxirgi 14 kun ichida bo‘lgan yo‘lovchilar ham BAAga kiritilmaydi.

Ushbu davlatlardan tranzit va yuk reyslari odatdagi jadval bo‘yicha amalga oshirilaveradi. Shu bilan birga, BAA fuqarolari va ularning yaqin qarindoshlari, diplomatlar va rasmiy delegatsiyalar a'zolari, biznesmenlar hamda amirliklarning “oltin” va “kumush” vizalari sohiblari oldindan ruxsat olgan holda BAAga safarlarni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.

Ushbu toifalarga kiruvchi yo‘lovchilar samolyotga chiqishdan oldin oxirgi 48 soat ichida topshirilgan manfiy PsR-test taqdim qilishlari hamda BAAdagi aeroportga kelgach yana bitta PsR-test topshirishlari kerak bo‘ladi. Ular, shuningdek, 10 kunlik karantin o‘tashlariga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, BAA fuqarolariga Indoneziya va Afg‘onistonga uchish taqiqlanadi. Ushbu taqiqlov qoldirib bo‘lmaydigan xizmat safarlari, diplomatik safarlar, rasmiy va ilmiy delegatsiyalar, biznes-missiyalar safarlariga taalluqli bo‘lmaydi.   

Avvalroq BAAda dunyoning bir qator davlatlaridan, jumladan Liberiya, Namibiya, Serra-Leone, Kongo, Uganda, Zambiya, Vetnam, Pokiston, Bangladesh, Nepal, Nigeriya va JARdan yo‘lovchi reyslarni qabul qilishga cheklov 21 iyulgacha uzaytirilgandi. Biroq ushbu davlatlardan va ularga yuk reyslarini amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Top