15:43 / 12.07.2021
19456

Dilshod Eshnayev xususiy diniy ta'lim masalasida izoh berdi

O‘zbekistonda yetarli darajada diniy bilimga va buni tasdiqlovchi hujjatlarga ega ulamolar, o‘z o‘quv dasturlarini oldindan tasdiqlatgan holda, fuqarolarga diniy ta'lim berishni yo‘lga qo‘ya olmaydi, yangi qonunda ham bunga ruxsat berilmadi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilshod Eshnayev shu masalada izoh berdi.

Hatto rasmiy diniy soha vakillari tomonidan aytilayotgan ayrim fikrlar ham ixtiloflarni keltirib chiqarayotgani – ularga diniy ta'lim berish huquqini berishga hali erta, degan xulosaga olib kelgan.

Bu haqda jurnalist savoliga javoban 10 iyul kungi matbuot anjumanida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilshod Eshnayev ma'lum qildi.

“Diniy ta'lim deganda nima nazarda tutiladi? Aynan shu nuqtada ko‘pchilikda tushunmovchilik kelib chiqadi. Aksariyat aholi xususiy tartibda diniy ta'limga ruxsat berilmaydi deyilganda, keskin muhokamalar bo‘lgan vaqtda ham aytildiki, muayyan bir shaxs o‘zining shaxsiy qarashidan kelib chiqib, boshqa bir shaxsga diniy ta'lim berishi taqiqlanyapti.

Hozirgi kunda yurtimizda 10ta madrasa va 3ta oliy diniy ta'lim muassasasi mavjud. Bularning hech biri davlatniki emas, barchasi xususiy. Ya'ni birorta diniy ta'lim muassasasi davlatniki hisoblanmaydi.

Diniy ta'lim muassasasini tashkil qilish huquqi diniy tashkilotning o‘ziga berilgan. Agar islom dini nuqtayi nazaridan qaraganimizda, Musulmonlar idorasi muayyan hududlarda qo‘shimcha diniy ta'lim muassasalari ochish huquqiga ega. Oxirgi 4 yilda Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Samarqandda hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy madrasasi ochildi. Bundan tashqari maktablar ham ochilyapti; masalan, fiqh maktabi, hadis maktabi, kalom maktabi, tasavvuf maktabi kabi ilmiy maktablar ochildi. Demak, [xususiy] diniy ta'lim mumkin emas deyish biryoqlama qarash bo‘ladi.

Aholi [xususiy] diniy ta'lim deb qarayotgan narsa – Qur'on o‘rganish, namoz o‘qish va boshqa ibodat bilan, tarbiya bilan bog‘liq masalalarga qaratilgan. Chunki [“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida” yangi tahrirdagi] qonun muhokamalarida ham, fuqarolarning murojaatlarida ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham, maktablarda diniy ta'limni kiritish masalasi ko‘tarilganda ham asosiy so‘ralayotgan masala – yaxshi-yomonni, halol-haromni ajratsin, axloqli bo‘lsin. Lekin diniy ta'lim bu faqat odob-axloq bilan bog‘liq masala emas. Qonun nuqtayi nazaridan, diniy ta'lim – professional yondashuv bilan, diniy ta'lim muassasalarida, ma'lum bir konfessiyaning o‘zi to‘g‘ri deb bilgan bilimlarni berish jarayonidir.

Shuningdek, madrasa va ma'had domlalariga shunday huquq berish masalasini ko‘tardingiz. Takror aytaman, rasmiy diniy soha vakillari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda aytilayotgan fikrlar ham juda katta ixtilofga sabab bo‘lyapti.

Masalan, (hozir ismlarini aytmayman), ilmiy jihatdan yaxshi tayyorlangan, masjidda imom bo‘lib ishlaydigan yetuk mutaxassisimiz ijtimoiy tarmoqda aytayotgan ma'ruzalarida: “Shialar – adashgan firqa” deb yubordilar. Juda katta ixtilof bo‘ldi.

Respublikada sunniy va shia yo‘nalishlari birdek tan olinadi. O‘zbekiston Respublikasida shia yo‘nalishidagi 4ta masjid bor, ular faoliyat ko‘rsatadi va ular boshqalar bilan teng huquqqa ega. Ularni adashgan yoki qonundan tashqari deyish noqonuniy bo‘ladi.

Aytmoqchimanki, hozirgi kundagi diniy soha vakillarimizning har biriga diniy ta'lim berish huquqini berishga aynan mana shu davr hali tayyor emasligimizni ko‘rsatib turibdi.

Lekin, Qur'on kurslari ochilyapti. Hozirgi kunda respublika bo‘yicha 17ta shunday kurs faoliyat yurityapti. Shundan 13tasi diniy ta'lim muassasasi huzurida va 4tasi diniy ta'lim muassasasi bo‘lmagan hududlarda, maktablar huzurida ochilgan. Bundan tashqari, yana qo‘shimcha Qur'on kurslari ochish masalasi ko‘rib chiqilyapti.

Yana bir masalaga to‘xtalib o‘tishimiz kerak: aholi mustaqil ravishda diniy ta'lim olishi uchun juda katta adadlarda diniy mazmundagi adabiyotlar chiqyapti. Ularda xususan zaruriy kundalik ibodatlarni qanday amalga oshirish ham ko‘rsatib o‘tilgan.

Aholida diniy masalalar bo‘yicha savollar bo‘ladigan bo‘lsa, Musulmonlar idorasining koll-markazi yoki Muslim.uz sayti orqali javob olish imkoniyatiga ega.

Bolalar mustaqil o‘rgana olmaydi-ku, deyiladigan bo‘lsa, Muslim.uz saytida onlayn telekanal doirasida virtual shaklda diniy ta'lim berilyapti. Bunda haftasiga 6 marta sof diniy ta'lim amalga oshirilyapti, xususan islom tarixi, qiroat va tajvid, hadis sharhi darslari va onlayn diniy savol-javoblar efirga uzatilmoqda.

Bu darslarni saytda yozib olingan holda ham ko‘rish mumkin. Videodarslar ketma-ket joylashtirilgan. Agarda fuqaroning o‘zida xohish, istak, intilish bo‘lsa, mustaqil ravishda boshlang‘ich diniy bilimni olishi mumkin”, – deya Dilshod Eshnayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, yangi tahrirda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunda ham xususiy diniy ta'limga qo‘yilgan cheklovlar saqlanib qolayotgani bir necha jamoatchilik faollari va diniy ulamolar tomonidan norozilikka sabab bo‘lgan edi.

Shu orada diniy ulamo Mubashshir Ahmad o‘zi va bir guruh faol fuqarolar nomidan prezident Shavkat Mirziyoyev va Oliy Majlis Senatiga murojaat qildi. Ulamo o‘z videomurojaatida so‘nggi yillarda diniy sohada bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlarni e'tirof etgan holda, O‘zbekiston qonunchiligidagi xususiy tartibda diniy ta'limga qo‘yilgan taqiq qayta ko‘rib chiqilib, ta'lim yoshini kichraytirish va diniy ta'limga ruxsat berish zaruriyati haqida gapirgan edi.

Ushbu murojaat fonida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita diniy ta'lim mavzusida bo‘layotgan muhokamalarga rasmiy munosabat bildirdi.

Bundan tashqari, xalqaro tashkilotlar ham vijdon erkinligiga doir yangi tahrirdagi qonunda diniy ta'limga qo‘yilgan cheklov jiddiy qayta ko‘rib chiqilishi kerakligini bildirgan.

Top