11:29 / 12.07.2021
8980
Toshkent konferensiyasi kun tartibi bo‘yicha ma'lumot berildi

Toshkentda 15-16 iyul kunlari o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyada 600dan ortiq ishtirokchilar qatnashishi kutilmoqda.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov OAV uchun o‘tkazilgan an'anaviy brifingda boshlangan haftada davlat rahbari ishtirokida qanday tadbirlar rejalashtirilgani to‘g‘risida ma'lumot taqdim etdi. 

«15-16 iyul kunlari Afg‘oniston Islom Respublikasi prezidenti Ashraf G‘ani va Pokiston Islom Respublikasi bosh vaziri Imron Xon tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Pokiston yetakchisi rasmiy tashrif bilan, Afg‘oniston rahbari esa Toshkent shahrida o‘tkaziladigan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida amaliy tashrif bilan kelmoqda.

Bu konferensiya, shubhasiz, joriy haftaning eng muhim tadbiri bo‘ladi. Uning ishida, avval qayd etilganidek, Afg‘oniston va Pokiston prezidentlari, shuningdek, Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Jozep Borrel, 20dan ziyod mamlakat tashqi ishlar vazirlari, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Ishtirokchilarning umumiy soni 600dan ortiq. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirokchilarga videomurojaat yo‘llaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan konferensiya Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalar, ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan.

Yalpi va shuba majlislarida mintaqaviy bog‘liqlikni yanada chuqurlashtirish imkoniyatlari, shu jumladan, savdo va transport sohalaridagi hamkorlikning barqaror o‘sishni ta'minlashdagi o‘rni, madaniy-gumanitar aloqalarni qayta tiklash orqali do‘stlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi tahdid va xatarlar muhokama qilinadi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari Afg‘oniston va Pokiston prezidentlari, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Bangladesh, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, AQSh prezidentining Ichki xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Elizabet Shervud-Rendall va Yevropa Ittifoqi tashqi siyosiy idorasi rahbari Jozep Borrel bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan», deya Sherzod Asadovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Toshkent konferensiyasi
15-16 iyul kunlari Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Barchasi
Top