11:12 / 12.07.2021
12622

Toshkentda PPX mashinasi YTH sodir etdi. Holat yuzasidan ma'lumot berildi

Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati

11 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida PPX mashinasi tomonidan sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi aks etgan video tarqaldi. Shahar IIBB tomonidan mazkur YTH haqida ma'lumot berildi.

Qayd etilishicha, 2021 yil 11 iyul kuni Chilonzor tumani IIO FMB patrul-post xizmati xodimi safdor 1986 yilda tug‘ilgan Asan Utarov xizmatdoshi safdor Jahongir Zokirov bilan «Nexia-2» rusumli, davlat raqami 01 546 VSF patrul avtomobilida xizmat olib borayotgan bo‘lgan.

Ular «Erkin» yo‘l-patrul xizmati maskanidan poytaxt avtovokzali tomon harakatlanayotib, Bunyodkor shohko‘chasi «Chilonzor buyum savdo kompleksi» yonida oldinda ketayotgan, 1990 yilda tug‘ilgan Elbek X. boshqaruvidagi «Nexia-1» rusumli mashina bilan to‘qnashib ketgan.

Ma'lum qilinishicha, bu YTHga qoidalarga rioya etmasdan, «Nexia-1» oldidan chiqib qolgan piyodaning xatti-harakatlari sabab bo‘lgan. «Nexia-1» piyodani urib yubormaslik uchun tezkorlik bilan to‘xtashga majbur bo‘lgan. Shu onda ortdan borayotgan PPX mashinasi u bilan to‘qnashgan.

Ta'kidlanishicha, to‘qnashuv natijasida hech kim jarohatlanmagan, har ikkala mashina jiddiy shikastlanmagan. Taraflar o‘zaro kelishib olgan va yo‘l-transport hodisasi haqida YPX inspektoriga xabar berilib, u o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan. Shundan so‘ng, har ikki tomon ham o‘z yo‘nalishida harakatni davom ettirgan. Hozirda, mazkur holat Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan o‘rganilmoqda.

P.S. Toshkent shahar IIBB bergan ma'lumotga qaralsa, mazkur yo‘l-transport hodisasi PPX xodimi o‘zidan oldinda ketayotgan mashina bilan oraliq masofani saqlamagani uchun sodir bo‘lgani tushuniladi. Bu holatda PPX mashinasini boshqargan xodim yo‘l-harakati qoidalarini buzgani uchun jarima yozilishi, fuqaro Elbek X.ga tegishli mashina esa ta'mirlab berilishi lozim.

Top