10:20 / 12.07.2021
9018

Xalq ta'limi vazirligi 6 oyda xizmat safarlari uchun 395,5 mln so‘m sarflanganini bildirdi

Xalq ta'limi vazirligi xodimlari 6 oyda 267 marotaba hududlarda xizmat safarlarida bo‘lib 395,5 mln so‘m xarajat qildi.

Xalq ta'limi vazirligi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta'minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonga muvofiq rasmiy saytida xodimlarning xizmat safarlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni e'lon qildi.

Ma'lum qilinishicha, Xalq ta'limi vazirligi rahbariyati hamda markaziy apparatining mutaxassis xodimlari 2021 yilning o‘tgan 6 oyi mobaynida respublikaning turli hududlariga 267 marta xizmat safarlarida bo‘lishgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur safarlar uchun 395,5 mln so‘m miqdorida xarajat qilingan.

“Aytish joizki, xizmat safarlari doirasida maktablarda yaratilgan sharoitlar, ta'lim sifati, maktablarda ta'lim darajasini oshirish, ta'lim muassasalarining yer maydonlari va daxlsizligi, ulardan unumli foydalanish, maktab binolarini soz holatda saqlash kabi masalalarga e'tibor qaratilgan” deyiladi xabarda.

Top