22:34 / 13.07.2021
32424
Afg‘onistondagi eski davr qo‘mondonlari toliblarga qarshi kurashmoqchi - OAV

Toliblarga qarshi turishga tayyorligini e'lon qilganlar orasida 1980-yillarda SSSR ishtirokidagi qurolli to‘qnashuv ishtirokchilari, masalan, marshal Abdul-Rashid Do‘stum ham bor.

Abdul-Rashid Do‘stum / Foto: AFP/Getty Images

Afg‘onistonning turli viloyatlaridagi dala komandirlari «Tolibon» harakatiga qarshi kurashda ishtirok etishni boshladi, deb yozadi Financial Times.

Markaziy hukumat kuchsizlanib borgani sari dala komandirlarining siyosiy ta'siri kuchaymoqda, deya tahlilchilar so‘zlaridan iqtibos keltiradi FT.

Toliblar hujumi sababli rasmiy Kobul mahalliy qurolli guruhlarga katta ahamiyat bermoqda. Hukumat ko‘ngillilarni qurollantirishni ko‘zda tutuvchi «Milliy safarbarlik» dasturini yo‘lga qo‘ydi.

«Afg‘oniston tahlilchilari tarmog‘i» nodavlat tashkiloti xodimi Keyt Klarkning ta'kidlashicha, toliblar hozirda «Tolibon»ga qarshi chiquvchi guruhlar hukmron bo‘lgan shimoliy hududlarga ko‘z tikkan. Shu bilan birga, Klarkning qayd etishicha, mahalliy qo‘mondonlarning keng ko‘lamli safarbarlikni amalga oshirishi va toliblarga samarali qarshilik ko‘rsata olishi noaniq.

FT «Tolibon»ga qarshi turishga tayyor dala komandirlari orasida Abdul-Rashid Do‘stumni eslatib o‘tmoqda. U 1980-yillar boshlarida sobiq SSSRda o‘qigan, keyinchalik hukumat kuchlarining asosan o‘zbeklardan iborat 53-bo‘linmasi komandiri bo‘lgan. Sovet qo‘shinlari mamlakatdan chiqib ketganidan so‘ng u Afg‘onistonni federallashtirish sharti bilan hukumatni qo‘llab-quvvatlagan. Do‘stum 1990-yillarda mamlakat shimolida markazi Mozori Sharif bo‘lgan muxtoriyatni tashkil qilgan. «Tolibon»ning qo‘li baland kelganidan keyin u biroz vaqt hijrat qildi, ammo ko‘p o‘tmay AQSh qo‘shinlari Afg‘onistonga kirib kelgach, u yurtiga qaytib keldi. Do‘stum hukumat tarkibiga kirdi va Afg‘oniston mudofaa kuchlari shtabiga qo‘mondonlik qildi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Do‘stum hozirda Turkiyada yashaydi. Iyun oyida u o‘z vataniga qaytishga tayyorligini e'lon qildi.

Toliblarga qarshi kurashni qo‘llab-quvvatlovchi dala komandirlari orasida Ahmad Shoh Mas'udning o‘g‘li Ahmad Mas'ud ham bor. Uning otasi 1980-yillarda etnik tojiklar qo‘llab-quvvatlagan mujohidlar tarafida sovet qo‘shinlariga qarshi kurashgan. Ahmad Shoh urush davrida Panjsher sheri laqabini olgan. 1990-yillarda u toliblarga qarshi kurashgan «Shimoliy alyans»ni boshqargan va 2001 yilda suiqasd natijasida o‘ldirilgan. O‘g‘li otasining ishini davom ettirdi va bir necha yildan buyon «Tolibon»ga qarshi koalitsiyani shakllantirmoqda.

Toliblarga qarshi kurashning yana bir a'zosi — Balx viloyatining sobiq gubernatori, etnik tojik Atto Muhammadi Nur. U 1980-yillarda mujohidlarni qo‘llab-quvvatlagan. Nur AQShning Afg‘onistondan chiqib ketishini qoraladi va uni mas'uliyatsiz deb atadi. 

10 iyul kuni Pokistonning The News nashri afg‘on urushi davridagi dala komandiri va Hirot sheri nomi bilan tanilgan «Shimoliy alyans» rahbarlaridan biri Muhammad Ismoil Xon o‘z tarafdorlarini safarbarlikka chaqirgani to‘g‘risida xabar qildi. U Hirot shahri atrofida xavfsizlik hududini ta'minlagandan so‘ng viloyatning boshqa hududlarini toliblardan qaytarib olish uchun harakat boshlashga va'da berdi.

Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqishni yakunlamoqda. Mamlakatda AQSh armiyasining bir nechta bo‘linmasi qolgan, ammo ular ham avgust oyida chiqib ketadi. AQSh kuchlarining aksariyati mamlakatni tark etganidan so‘ng «Tolibon» keng ko‘lamli hujumlarni boshladi va Afg‘onistonning katta qismini, jumladan, O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaradosh hududlarni o‘z nazorati ostiga oldi.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top