11:05 / 13.07.2021
14318

Toshkentning 11 tumanida koronavirus bo‘yicha maxsus poliklinikalar tashkil etildi

Toshkent shahrining 11 tumanida koronavirusga gumon qilingan shaxslar va infeksiya tasdiqlangan bemorlar qabul qilinadigan maxsus poliklinika tashkil etildi. Poytaxtdagi barcha oilaviy poliklinikalar ushbu poliklinikalar bilan integratsiya asosida faoliyat yuritadi, koronavirus poliklinikalariga 3tadan tibbiy brigada biriktirilgan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

«Koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan shaxslar hamda ushbu infeksiya tasdiqlangan bemorlarga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatish, zarur laborator hamda instrumental tekshiruvlar o‘tkazish, tekshiruv natijalaridan kelib chiqqan holda ularga davo muolajalarini tavsiya qilish va ambulator davolashni yo‘lga qo‘yish maqsadida poytaxtimizning 11ta tumanida 1tadan maxsus poliklinikalar tashkil etildi.

Tibbiy-sanitariya muassasalari va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishi yaqin bo‘lgan dispanserlar binosida faoliyat boshlagan mazkur poliklinikalar aholiga kun-u tun xizmat ko‘rsatishi belgilangan bo‘lib, har bir markazga 3tadan tibbiy brigada biriktirilgan va ular tarkibidan 2 nafar shifokor hamda 2 nafar o‘rta tibbiyot xodimi o‘rin olgan.
 
Shuningdek, bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida ushbu poliklinikalar rentgen, kislorod konsentratorlari, pulsoksimetr, zarur dori-darmonlar, sarflov materiallari, dezinfeksiyalovchi eritma va reaktivlar, shuningdek, maxsus tibbiyot vositalari bilan ta'minlangan.

Ta'kidlash lozimki, ayni paytda poytaxtdagi barcha oilaviy poliklinikalar ushbu poliklinikalar bilan integratsiya asosida faoliyat yuritayotgan bo‘lib, u yerga koronavirus infeksiyasiga gumondor hamda infeksiya tasdiqlangan shaxslar oilaviy poliklinikalar yo‘llanmasi va «103» xizmati orqali yoki o‘zlari mustaqil ravishda ham murojaat qilishlari mumkin.

Agar tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilgan fuqaroning shikoyatlariga ko‘ra, unda koronavirus kasalligi gumon qilinsa, bemorga o‘zi yashaydigan tumandagi maxsus poliklinikaga borish tavsiya etiladi. Biroq uning holat va imkoniyati bunga monelik qilsa, bemorning uy manzili yozib olinadi va u haqidagi ma'lumot maxsus poliklinikaga taqdim etiladi. So‘ng, bemor maxsus poliklinika uchun ajratilgan avtotransport vositasi yordamida u yerga olib kelinadi va belgilangan standartlar bo‘yicha tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatiladi.

Maxsus poliklinikaga murojaat qilgan bemorlar uchun maxsus karta yuritilib, unda fuqaroning dinamik holati, tekshiruv va davolash natijalari qayd etib boriladi.

Murojaat qilganlar orasida COVID-19 infeksiyasi tasdiqlanmagan bemorlar bo‘lsa, ulardan kerakli tahlillar olinadi va tezkor ravishda hududiy sanitariya xizmati laboratoriyalariga yetkaziladi. Shu bilan birga, bemorlar og‘irlik darajasiga ko‘ra saralanib, ahvoli yengil fuqarolarga uyda davolanishlari uchun zarur tavsiyalar beriladi. Biroq agar bemorning ahvoli og‘ir bo‘lsa, u zudlik bilan maxsus shifoxonaga yuboriladi va bu haqida fuqaro istiqomat qiladigan hududdagi oilaviy poliklinikaga xabar qilinadi.

Ma'lumot o‘rnida aytish lozimki, bugungi kunda poytaxtimiz aholisiga yanada qulaylik yaratish va har bir tumanda koronavirus kasalligiga qarshi emlash ishlarini samarali olib borish maqsadida maxsus mobil avtobuslar faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top