09:05 / 13.07.2021
20643
Yakkabog‘ «zamhokimi»ga o‘t qo‘yishganiga 2 yil bo‘ldi. O‘shanda buzilgan binolar uchun kompensatsiya hamon to‘liq to‘lanmagan

Bundan ikki yil oldin – 2019 yil 20 iyulda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida sodir bo‘lgan voqea butun mamlakatda «snos» masalalari islohotga muhtoj ekani, hududlarda tadbirkorlarning mulklari ogohlantirishsiz va kompensatsiyasiz buzilayotganini kun tartibiga chiqardi.

O‘sha vaqtdagi tuman hokimi o‘rinbosari M.Tuymayev tomonidan buldozerda tadbirkorning binosi buzib tashlanayotganida, tadbirkor tomonidan unga benzin sepilib, olov qo‘yib yuborilgandi. Muammo shunchalik jiddiy tus oldiki, unga prezident ham munosabat bildirdi.

«Qashqadaryoning vallomati bor, Ro‘ziyev degan, 5 yil qishloq xo‘jaligi vaziri bo‘lib ishlagan noinsof. DXX rahbari borganidan so‘ng chiqqan izohlarni o‘qi. Bitta jinning qarindoshi bilan janjal qilib, mening siyosatimni butun dunyoga sharmanda qildi. O‘zimni tumanim, u qilaman, bu qilaman, deysan. Bitta tuzukroq kadring yo‘q, yana Dehqonobodga tirmashasan. Mana, sening menga qilgan «do‘stliging». O‘zbekistondagi hozirgi oshkoralik, shaffoflikni ta'minlay, deb kecha-yu kunduz yuritayotgan siyosatimga atrofingdagilar bilan qilgan «do‘stliging».

Qo‘lingdan kelmas ekan, nima qilasan bir odamning tuppa-tuzuk turgan uyini buzib? Sen xulosa qil, uyingni birov kelib buzsa [nima qilasan]?

Noinsoflar, men sizlarning qay biringga buzgin, deb topshiriq berdim? Men sizlarga avvalo odamlarni rozi qilib, keyin janob Zokirov degan vazir bilan o‘tirib, loyiha qilib, bosh vazirga hisobot berib, keyin qilinglar, deb topshiriq berganman. Mana, sening «do‘stliging», janob Ro‘ziyev! O‘zingni o‘sha tumanga hokim qilib yuboraman, aytib qo‘yay!», deya Yakkabog‘da bo‘lib o‘tgan voqealarga o‘z munosabatini bildirgandi prezident 2019 yil 2 avgust kuni.

3 avgust kuni «Fuqarolar va tadbirkorlik sub'yektlarining mulk huquqi kafolatlanishini so‘zsiz ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni imzolandi. «Snos» masalasida e'tiborsizlikka yo‘l qo‘ygan Qashqadaryo viloyatining o‘sha vaqtdagi hokimi Zafar Ro‘ziyev internet orqali xalqdan uzr so‘radi.

Lekin, masala qanchalik muhokama qilingan, tuman va viloyat rahbarlari uzr so‘ragan, muammo qat'iy nazoratga olingan bo‘lmasin, Yakkabog‘da vaziyat hamon chigalligicha qolmoqda.

O‘sha 2019 yilda mulklari ogohlantirishsiz buzib tashlangan fuqarolardan bir nechtasi hamon kompensatsiya ololmagani yuzasidan tahririyatga murojaat qilgan. Ulardan biri Shahnoza Sodiqova. Uning o‘z oila a'zolari bilan yuritib turgan do‘koni ham ko‘cha kengaytirilishi asnosida buzilgan, do‘kon o‘rnidan piyodalar yo‘lagi tushgan va do‘kon 5 metr ichkariga olingan. Davlat ehtiyojlari uchun olingan joy evaziga na qo‘shimcha yer maydoni, na tovon puli to‘langan.

Ajablanarlisi shundaki, Shahnoza Sodiqovaning o‘nlab tashkilotlarga yo‘llagan murojaatlariga javoban tuman hokimligi tomonidan kompensatsiya to‘lab berilgani haqida ma'lumot taqdim etilgan. Hatto do‘koni buzilgan Bahodir Temirov (Sh.Sodiqovaning qarindoshi)ning o‘ziga ham bu haqda xat berilgan. Achinarli va g‘alati holat: fuqaroga kompensatsiya olgansiz, deb xat berilmoqda, ammo u hech narsa olmagan.

Yakkabog‘ tumani Eski Yakkabog‘ MFY hududidagi bino inshootlar buzilib kengaytirilgan yo‘l
Yakkabog‘ tumani Eski Yakkabog‘ MFY hududidagi bino inshootlar buzilib kengaytirilgan yo‘l

Xususan, Bahodir Temirovga 2020 yil 6 iyun kuni hokimlik tomonidan yuborilgan xatda shunday deyilgan:

«O‘rganish davomida Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risida»gi nizomga asosan tuman hokimligi huzuridagi (realizatsiya qilish) masalalari bo‘yicha doimiy komissiya tomonidan ko‘rib chiqilib, Bahodir Temirov nomidagi buzilgan savdo do‘koningiz o‘rniga tuman hokimining 2019 yil 14 iyundagi qarori bilan xususiy savdo do‘koni qurish uchun 0,0025 ga yer maydoni ajratib berilgani ma'lum bo‘ldi».

Ammo hokimlikka «ma'lum bo‘lgan» yer maydonini tadbirkor ko‘rmagan. Darvoqe, tadbirkorning barcha murojaatlari hokimlik tomonidan xuddi shu taxlit yopib kelinavergan.

«Bizga yer ajratilganini aytishdi, ammo uni ko‘rganimiz yo‘q, 2x10 metrli yo‘lak ajratilgan, deyishdi. Xo‘p, qani o‘sha yer? Ikkinchidan, o‘sha yer bizga berildi ham deylik, lekin 10 metrli yo‘lakni nima qilish mumkin? Na do‘kon, na boshqa biror faoliyat yuritib bo‘lmaydigan yo‘lak ajratishdan maqsad nima? Tadbirkorning ustidan kulishmi?», deydi Shahnoza Sodiqova.

Aftidan, hech qanday faoliyat yuritib bo‘lmaydigan yo‘lakcha ajratilganidan murod tadbirkorning yana o‘z faoliyatini boshlab, oyoqqa turishi, ro‘zg‘orini tebratishi va ish o‘rini yaratishiga erishish emas, shikoyat arizalarini yopishga o‘xshaydi.

Tuman moliya bo‘limi ma'lumotiga ko‘ra, yer maydonidan tashqari buzilgan do‘kon uchun 47 million so‘mdan ziyod mablag‘ to‘lab berish ko‘zda tutilgan. Hokimlik bu bo‘yicha garchi «to‘lab berildi» deb ma'lumot bergan bo‘lmasa-da, bu mablag‘ qachon ajratilishi aniq emas.

Gap faqat u yoki bu tadbirkorda emas. Yakkabog‘da mulklari buzib tashlangan o‘nlab fuqarolar haligacha kompensatsiya ololmay yurishibdi. Bu esa tumanda xususiy mulkka ham, tadbirkorlikka ham munosabat zarracha ijobiy tomonga o‘zgarmaganini anglatadi. Butun dunyoga vabo tarqab, millionlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan va ko‘pchilik uchun non topishni-da qiyinlashtirib qo‘ygan pandemiya ham bu muammo yechimiga mas'ullarga ta'sir qilmagani ikki hissa achinarli.

Fuqarolardan yana biri Asqar Turopov ham uch yildan buyon buzilgan mulki uchun na yer va na pul ololmay sarson. Uning buzib tashlangan mulki – tikuvchilik sexidagi uskunalar uyida chang bosib yotibdi.

Mazkur mahallada yashovchi yana bir tadbirkor Guljahon To‘rayevaga tegishli bino ham «Obod mahalla» dasturi ijrosi doirasida 2018 yilda buzib tashlangan. Bu tadbirkor ham kompensatsiya ololmagan. Guljahon To‘rayevaga ko‘ra, u shu vaqtgacha muammo yuzasidan birgina bosh vazir virtual qabulxonasiga 9 marta murojaat qilgan.

Tadbirkorlarning tinimsiz murojaatlari natijasida joriy yil mart oyida mahallaga prezident administratsiyasi vakili borib, aholi va tadbirkorlar muammosini tinglagan. Shundan so‘ng, tuman hokimligiga muammoni 10 kun ichida bartaraf etish vazifasi qo‘yilgan. Ammo Yakkabog‘ tuman hokimligi bu vazifani ham bajarmagan.

Hokimlik vakillarining tushuntirishicha, 2019 yili «Obod qishloq» davlat dasturi doirasida mahalladagi yo‘lning ikki yoni bo‘ylab ko‘plab turar va noturar binolar buzilgan.

Kompensatsiya tariqasida birinchi marta 19 nafar fuqaroga 600 million so‘mdan ziyod kompensatsiya pullari tarqatilgan. Ikkinchi marta 2019 yil noyabrda 44 nafar fuqaroga 2 milliard 385 million so‘mdan ziyod pul berilgan. Jami 63 fuqaroga kompensatsiya to‘langan. 2019 yil noyabr oyigacha 100 foiz kompensatsiya pullari to‘lab berilgan.

Undan keyin esa mulklari buzilgan qolgan fuqarolar ham sudga murojaat qilib, tegishli qaror olgan. Hozirgi kunda 41 nafar fuqaro uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya qarzdorligi 3 milliard 600 million so‘mdan ko‘proqni tashkil etadi.

Jumladan, Yakkabog‘ tuman hokimligi vakillari ayni masala yuzasidan joriy yil 2 mart sanasi bilan viloyat hokimligiga xat bilan chiqqani va uzog‘i bilan Navro‘z bayramigacha muammo hal etilishini ma'lum qilishgandi. Afsuski, Navro‘z bayramida ham, undan keyingi bayramlarda ham fuqarolarning kompensatsiya masalasi hal etilmadi.

Anglashilishicha, Yakkabog‘ tuman mahalliy budjetining kompensatsiya pullariga shunchaki kuchi yetmayapti. «Buza-buz qizigan» davrda hali bu binolar uchun kompensatsiya to‘lash lozimligi aftidan hisobga olinmagan.

Darvoqe, xuddi shu muammo Kun.uz’da o‘tgan yili ham yoritilgan: «Yakkabog‘dagi «snos»: Mulki buzilib, haligacha kompensatsiya ololmay kelayotgan fuqarolar bor» carlavhali maqolada masala mohiyati bayon etilgan edi. Ming afsuski, OAVdagi chiqishlar ham, jamoatchilik munosabati ham, yuqori tashkilotlarning ko‘rsatmalari ham foyda bermayapti.

Anvar Mustafoqulov, Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top