18:41 / 14.07.2021
54893

O‘zbekiston chorvachiligi xavf ostida: Yaylovsiz qolgan odamlar chorvasini yoppasiga sotishga majbur bo‘lmoqda

Doimiy qurg‘oqchilik va yaylov yerlarining keskin o‘zlashtirib borilishi oqibatida bugun O‘zbekiston chorvachiligi jiddiy xavf ostida qolmoqda.

Mamlakatdagi 94-95 foiz chorvani yetishtirib beruvchi aholi vakillarining ko‘pchiligida chorva boqishga joy, yedirish uchun ozuqa yo‘q.

Shu sababli, odamlar bugun mol, qo‘ylarini bozorda ancha arzon narxda, asosan, qassoblarga sotishga majbur bo‘lmoqda.

Mutaxassislarga ko‘ra, ahvol shu darajada davom etib, shoshilinch choralar ko‘rilmas ekan, mamlakatni juda og‘ir oqibatlar: chorva sonining kamayib ketishi, go‘sht va sut mahsulotlari narxining esa keskin oshishi kutadi.

Kun.uz muxbiri O‘zbekiston chorvachiligi tushib qolgan bugungi og‘ir ahvol, uning sabablari va ko‘rilishi kerak bo‘lgan shoshilinch choralar yuzasidan qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Nasriddin Xalilov bilan intervyu uyushtirdi.

— Bugun O‘zbekiston chorvachiligi to‘qnash kelgan mana shu og‘ir vaziyatning sabablari haqida gaplashsak. Nima uchun biz bugun bu holatga tushib qoldik?

— Bizda haqiqatan ham yaylov-cho‘l mintaqalaridagi o‘simliklarning soni, ayniqsa, ozuqaviy qiymati yuqori bo‘lgan o‘simliklarning kamayib borayotgani sezilmoqda.

Bu juda ko‘p omillar ta'sirida yuzaga kelayotgan voqelik, deb hisoblayman. Aslida, yaylov yerlarining hosildorligi uncha yuqori bo‘lmaydi, yaxshi bo‘lgan yillari gektaridan 3-4 sentnergacha hosil olish mumkin, xolos. Bu yilgi kabi yog‘ingarchilik kam yillarda bundan-da kamayib ketishi turgan gap.

Bugungi kunda O‘zbekistonning yaylov-cho‘l mintaqasida 23 mln. qo‘y-echki boqilyapti. Maydonimiz esa 21 mln. gektarga yetadi. Bunda Qizilqum, Qarnoqcho‘l, Qoraqum kabi juda katta massivlarni nazarda tutyapman. Mana shu maydonlarning mahsuldorligi pasayishi oxirgi yillarda juda kuchayib ketdi. Bunga sabab esa yaylovlar degradatsiyaga uchradi. Qo‘polroq qilib aytganda, tanazzulga uchray boshladi. Buning birinchi belgisi cho‘llanish jarayoni kuchayganida ko‘rinadi. Misol uchun, avval Qarnoqcho‘lda 85 turdagi o‘simlik uchragan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, 4-5 xil turdagi o‘simlikni uchrata olasiz, xolos. Ustiga-ustak bu o‘simliklarning aksari jonivorlar ozuqasi uchun yaramaydi, chorva yesa zaharlanadi. Holat shu darajaga kelib qolgan ekan, yaylovlarda ozuqaviy o‘simliklarni ko‘paytirish masalasi dolzarb bo‘lib qoladi. Shuning uchun birinchi yo‘nalishda ozuqaviy qiymati yuqori va hosilbop o‘simlik urug‘larini ko‘paytirish va yaylovlarga ekish kerak va shu orqali yaylov hosildorligini oshirish mumkin.

Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Nasriddin Xalilov

Umuman olganda, yaylovlarni yaxshilashning ikki yo‘li mavjud: yuza yaxshilash va tubdan yaxshilash. Yuza yaxshilashda tuproq yuzasidagi toshlar teriladi, ayrim o‘simliklar soni ko‘paytiriladi. Tubdan yaxshilashda esa chim buzilib, yer ag‘darilib, boshqatdan ekiladi va bu usulda hosildorlik ancha oshadi. Afsuski, ko‘p yillardan beri juda katta maydonlarda, yaylovlarda mana shunday agrotexnik tadbirlar o‘tkazilgani yo‘q.

— Siz aytayotgan izlanish va kerakli tadbirlar o‘tkazilmayotganiga sabab nima: olimlar kerakli takliflarni bera olmayotganimi yoki berilgan takliflar hukumat tomonidan inobatga olinmayotganimi?

— Yaylov yerlari hosildorligini oshirish bo‘yicha ilmiy ishlar qilinmayapti, deb ayta olmayman, to‘g‘ri, Qorako‘lchilik, Cho‘l ekologiyasi ilmiy tadqiqot instituti olimlari bu borada ish olib boryapti, lekin bu tadqiqotlar juda katta maydonlarda joriy qilinmayapti. Qolaversa, ilmiy jamoatchilik oldida noqulay ob-havo sharoitiga chidamli, sho‘rga chidamli, hosildor ekin navlarini yaratish vazifasi ham turibdi. Boshqa tomondan cho‘l yaylovlarini yaxshilash qum bo‘ronlari, shamol natijasida sho‘r tuzlarning boshqa joylarga tarqalishi, ekologiya buzilishining oldini oladigan muhim tadbir ham hisoblanadi. Aksincha, bunga beparvolik o‘ta salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

394XvUcyHBOc-Nfpzim4UvSwdlSYE3gD.jpg (1080×745)

Davlat tomonidan shu yo‘nalishda tadqiqot olib boradigan olimlar uchun grantlar ajratilishi kerak. Shunda olimlarda yakunlangan ilmiy tadqiqotlarini amaliyotga joriy qilish, yangi yaratilgan navlar, ozuqabop ekinlarni katta maydonlarda ekish va chorva hayvonlari uchun foydasini tajribada bilish imkoniyati yaratilgan bo‘lardi. Hozir bu juda g‘arib sohaga aylanib qolgan, shuning uchun yetarlicha shug‘ullanilmayapti. Yaylov yetishmasligi haqida gapiriladi, sababi, yuqorida ta'kidlaganimdek, yaylovda ozuqaviy ekinlar yo‘q. Avvallari bir marta haydab o‘tgan yerlarda qo‘y-echkilar qorni to‘ygan bo‘lsa, hozir kun bo‘yi haydab yursa ham qorni to‘ymayapti.

— Yer boshqaruvi fermerlik tizimiga o‘tgach, yaylov yerlari fermerlarga berib yuborila boshlandi. Fermerlar esa bu yaylovlarga odamlarning chorvasi yurishiga ruxsat bermay qo‘ygan. Qolaversa, yaylovlar ekin ekish uchun buzilayotgani ham tabiiy balans buzilishiga sabab bo‘lmayaptimi?

— Muammo juda dolzarb, bir tomondan yaylovlar fermerlarga bo‘lib berilyapti, boshqa tomondan biz aytyapmizki, hosildorlikni oshirish uchun agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishi kerak. Yaylovlarni fermer yoki klasterlarga berayotganda ularga o‘sha yerning o‘simlik qoplamini o‘stirish, cho‘llanishga qarshi kurashish, yangi ozuqa ekinlarini ekish, ularning turi va sonini ko‘paytirish bo‘yicha shart qo‘yilishi kerak. Bordi-yu, avvalgiday yaylovga e'tiborsiz bo‘lib foydalanishda davom etsa, bori ham yo‘q bo‘ladi. Bundan tashqari biz katta-katta suruvga ega fermerlarnigina emas, qo‘lida 10-15 bosh qo‘y-echkisi, 4-5 bosh qoramoli bo‘lgan aholini ham o‘ylashimiz kerak. Hozir respublikada 13 mlndan ortiq qoramol mavjud. Ularga daladan o‘rib kelgan beda, sotib oladigan somonidan tashqari, yaylovlar barpo etish masalasi ham turibdi. Respublikadagi chorvaning ozuqaga bo‘lgan ehtiyoji 120 mln. tonnani tashkil qiladi. Bu ozuqa birligi hisobida o‘lchaganda. Endi shuning 60-65 foizini xorijdan valutaga sotib olamiz. Kelajakda arzon go‘sht, sut, kolbasa mahsulotlariga ega bo‘lishni istasak, yaylovlarni joyiga qo‘yib qo‘yishimiz kerak. Birinchi navbatda ozuqani o‘zimizda yetishtirishga e'tibor berish lozim. Qachongacha xorijdan yem sotib olib, arzon go‘shtni orzu qilamiz.

Shuningdek, sug‘oriladigan yerlardan chorva uchun ozuqa yetishtirishga e'tibor qaratilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bir gektardan kamida 10-20 ming ozuqa birligi miqdorida mahsulot beradigan juda sermahsul ekinlar mavjud. Ularning yangi navlarini yaratib, ishlab chiqarishga joriy qilish, fermerlarga ularni tanishtirish va shundan keyin tannarxni pasaytirishning ikkinchi jarayoniga o‘tish mumkin. Chorvachilikda tannarxni pasaytirishda zot katta ahamiyatga ega. Keyin chorvaning ozuqa ratsionini tuzish, sog‘lig‘ini saqlash profilaktikasi va boshqalar turadi. Mahsuldorlikni oshirishda yuqorida sanalgan omillar bir tomon bo‘lsa, ozuqa yetishtirishning o‘zi bir tomon bo‘ladi, ya'ni chorva uchun ozuqa yetishtirish 60 foizni tashkil qiladi. Bundan kelib chiqadiki, ishni ozuqa yetishtirishdan boshlash kerak. AQSh yoki rivojlangan Yevropa mamlakatlariga e'tibor berilsa, aynan ozuqa birligi yuqoriligi sababli chorvachilikda yuqori ko‘rsatkichlarga erishishga olib kelgan. Ozuqa bazasi mustahkamligi shu darajada muhim. Bizda yer juda ko‘p emas, lekin undan unumli foydalanish, qolaversa, qayta ikkilamchi ishlov berish natijasida mahsulotning ozuqaviy qiymatini ikki barobarga oshirish ham mumkin. Masalan, bedaning bir kg pichani ozuqaviy birligi 48ga teng bo‘lsa, uni vitaminli o‘t uniga aylantirilganda ikki barobarga ko‘payishi mumkin. Bu oddiygina qayta ishlash yo‘li bilan erishilgan natija.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Jahongir Aliboyev.
Montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

 

Intervyuni yozib olishda yaqindan hamkorligi uchun Samarqand shahridagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rahbariyatiga minnatdorchilik bildiramiz.

Top