11:24 / 15.07.2021
35441

Putin ruslar va ukrainlarning birligi haqida maqola yozdi. Mutaxassislar u «maktab bolalariga xos» xato qilganini aytishmoqda

Aleksey Nikolskiy / Pool / TASS / Scanpix / LETA

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ruslar va ukrainlarning birligi, bitta millat ekani haqida katta maqola yozdi. Rossiya yetakchisining maqolasi Kreml rasmiy saytida rus va ukrain tillarida e'lon qilindi. Putin har kuni ham maqola yozavermaydi, shu sabab siyosatchining materiali keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mutaxassislar maqolani hijjalab tekshirib chiqishdi. Ba'zi ilm kishilarining fikricha, Putin maqolada «maktab bolalariga xos» tarixiy xatoga yo‘l qo‘ygan. Xo‘sh, Putinning maqolasida nimalar yozilgan o‘zi?

«Anti-Rossiya» loyihasi

Putin maqolaning oxirgi qismida oz emas, ko‘p emas naq 8 marta qandaydir «anti-Rossiya» loyihasi haqida gapirgan. Uning fikricha, G‘arb Ukrainada mana shunday loyihani amalga oshirishni boshlagan. BBC endilikda Rossiya prezidenti mashhurlashtirayotgan «anti-Rossiya» iborasi muallifi bilan bog‘lanib, bu boradagi fikrlari bilan qiziqdi. Yana ko‘plab tarixchilardan maqoladagi faktlar haqida so‘radi.

«Qadamba qadam Ukrainani Rossiya va Yevropa o‘rtasidagi chegaraga aylantirish bosh maqsad bo‘lgan siyosiy o‘yinga aralashtirishdi. Ukraina – Rossiya emas degan loyiha ularni ortiq qanoatlantirmay qo‘ydi va yangi – biz hech qachon ko‘nmaydigan «anti-Rossiya» loyihasi kerak bo‘lib qoldi», degan Putin. U Ukrainaning ikkinchi prezidenti Leonid Kuchmaning «Ukraina – Rossiya emas» kitobiga ishora qilgani sezilib turibdi.

Putin aynan «anti-Rossiya» iborasi orqali mamlakat sharqidagi urushga ta'rif bergan. «Millionlab ukrainaliklar «anti-Rossiya» loyihasini rad etishdi. Qrimliklar va sevastopolliklar o‘zlarining tarixiy qarorlarini qabul qilishdi. Mamlakat janubi-sharqidagi odamlar esa tinch yo‘l bilan o‘z pozitsiyasida turishni istadi. Biroq ularni bolalari bilan qo‘shib terrorchi va ayirmachiga chiqarishdi», degan Putin. Rossiya prezidenti Ukraina janubi-g‘arbidagi urush rossiyalik Igor Strelkov boshchiligidagi qurolli odamlar Slavyansk shahrini egallab olganidan keyin boshlanganini aytmagan.

«G‘arblik «anti-Rossiya» loyihasi mualliflari Ukraina siyosatini prezidentlar, deputatlar, vazirlar o‘zgarsa ham, Rossiyaga yov qarash va undan alohidalik siyosati o‘zgarmasligini istamoqda. Bu loyihada suveren Ukrainaga va haqiqiy mustaqilligini himoya qilishga urinadigan siyosiy kuchlarga joy yo‘q», deb yozadi Putin.

«Anti-Rossiya» loyihasi qachon paydo bo‘lgan?

Bunday katta masshtabdagi loyiha mavjudligi haqida 2010 yil «Stoletiye.ru» saytidagi «Gruziyani JAR (Janubiy Afrika Respublikasi) fermerlari qutqaradi» sarlavhali maqolada e'lon qilinadi. Maqolada «anti-Rossiya» loyihasini Mixail Saakashvili amalga oshirishga urinayotgani haqida aytilgandi.

2011 yil «EKSMO» nashriyoti «Anti-Rossiya loyihasi» seriyali turkum kitoblarni nashr qildi. Xususan, «Dellas doktrinasi amalda», «Zbignev Bjyezinskiy: Rossiyani shaxmat piyodasiga aylantirish» nomli kitoblar chop etiladi.

Bu loyihaning «yuqori darajada tan olinishi» 2012 yilda kuzatiladi. Ukraina Oliy radasiga uch marta saylangan deputat Vladimir Marchenko Regnum nashrida «Rossiya, Ukraina va Belarus birdamligi uchun kurashda aldangan xalq tomonda bo‘laman» sarlavhali maqola e'lon qiladi. Maqolada xususan shunday so‘zlar bor edi: «2002 yildan buyon Ukrainadagi geosiyosiy konfliktlarda sotqin siyosatchilar va oligarxlarning qo‘li bilan AQSh va NATO «anti-Rossiya – Ukraina NATO tomon» loyihasini amalga oshira boshladi. Shundan buyon men va partiyamiz siyosatchilarini ajratib qo‘yish, kamsitish boshlandi».

2012 yil 2 oktyabrda «estafeta tayoqchasi»ni fantastik yozuvchi Lev Varshinin oladi. U hozirda «Rosneft» kompaniyasi matbuot kotibi sifatida ishlayotgan Mixail Leontev boshchiligida chop etiladigan «Odnako» jurnalida «AQShga hech qanaqa Ukraina emas, anti-Rossiya kerak» sarlavhali maqola e'lon qiladi. Keyinchalik yozuvchi «anti-Rossiya» loyihasi haqida turli nashrlarda o‘nlab chiqishlar qiladi.

Rada deputati Vladimir Marchenko 10 yil oldin aytgan gaplari Putin tomonidan «ma'qullangani»dan xursand bo‘lgani aniq. Axir uning fikri kimsan Putinniki bilan bir xil bo‘ldi. Siyosatchi Kreml va Putinga hech qanday aloqasi yo‘qligini yana bir ta'kidlagan holda Rossiya prezidentining maqolasi haqida shunday dedi: «Bu uning shaxsiy qarashi. Ha, Putinning fikri men va partiyamiz yetakchisi Natalya Vitrenkoning xulosalari bilan bir xil bo‘ldi. Tashqaridagi Ukrainani koloniyalashtirish bilan shug‘ullanuvchilarning g‘oyaviy rejasi aynan «anti-Rossiya» edi. Putinning bu fikrlariga qo‘shilaman, bu gapni hozir aytgani uchun emas, uning fikrlari u hali uxlab yotganida biz qilgan xulosalar bilan bir xil bo‘lgani uchun».

Ayni damda Ispaniyada yashayotgan fantastik yozuvchi Lev Vershinin esa «anti-Rossiya» terminini aynan u o‘ylab topganini ta'kidlaydi. «Men bu tushunchani ayni holatida ishlatgan birinchi odamman. Ha, men «anti-Rossiya» iborasini o‘ylab topdim, lekin unga mualliflik da'vo qilolmayman. Shunchaki o‘z blogimda «Putinning oldida men kim bo‘libman? Shunchaki oxirgi 17-18 yilda oilamni aynan kelajakda nima bo‘lishini to‘g‘ri taxmin qila olganim uchun boqib yuribman», deb yozishim mumkin.

«Ishoning, «anti-Rossiya» loyihasi chindan mavjud. Ularning nazdida davlat bo‘lmagan shunchaki Rossiya degan modul bor va uni parchalash uchun qo‘llaridan kelganini qilishmoqda. Bu haqda bir vaqtda Bjyezinskiy yozgan edi. Sho‘rlik Ukraina esa bu borada Rossiyaga qarshi bolta sifatida ishlatilmoqda, xolos», deydi VVS bilan suhbatda Vershinin.

Ko‘pchilik bu haqda gap ketganda Bjyezinskiyning gaplarini eslaydi. Xo‘sh, u o‘zi nima degan edi? Mana bunday: «Rossiyada yoki imperiya yoki demokratiya bo‘lishi mumkin, ammo hech qachon ikkalasi bir vaqtda bo‘lishi mumkin emas. Ukrainasiz Rossiya imperiya bo‘lmay qoladi. Avvaliga sotib olingan, keyin esa bo‘ysunuvchi Ukraina bilan imperiya bo‘ladi-qoladi», degan edi Zbegnev Bjyezinskiy 1994 yil «Avvalo hamkorlik» maqolasida.

Yozuvchi Vershininning aytishicha, «anti-Rossiya» iborasini Bjyezinskiy ham emas, undan oldinroq yashagan, Polshaning Rossiya imperiyasi tugaganidan keyingi birinchi yetakchisi Yuzef Pilsudskiy ishlatgan. Ungacha esa 19 asrda yashagan polshalik etnograf Fransishek Duxinskiy ham bu iboraga urg‘u bergan. Darvoqe, aynan shu inson rus millatining kelib chiqishi osiyoliklarga borib taqalishi haqida gapirgan. Yozuvchiga qolsa, «anti-Rossiya» iborasini miloddan avvalgi davrlarga ham taqab qo‘yishi ham hech gap emas, ammo u yaxshi ham 19 asrda to‘xtashga qaror qilgan.

Vershinin 2002 yil o‘z blogida yozgan gaplarini bugungi kunda shaxsan Putinning o‘zi rivojlantirmoqda. «Bir vaqtda polyaklar va kichik rus intellegensiyasi orasida rus va ukrain millatlarining alohida bo‘lgani haqida qarashlar paydo bo‘ldi. Vaholanki, ularda hech qanday asos yo‘q edi. Bu boradagi qarashlar ham g‘alati: ba'zilari ruslar slavyan, ukrainlar esa slavyan emas deyishsa, boshqalar aksincha – ukrainlar haqiqiy slavyan, ruslar, «moskvaliklar» esa yo‘q, deyishadi. Bunday asossiz farazlardan siyosiy o‘yinlarda foydalanishdi. Masalan, 19 asrda Avstriya-Vengriya hukumati bu gaplardan Polsha milliy harakatida foydalanishgan», deb yozadi Putin maqolasida.

Vershinin Putin 2021 yilga kelib eslab qolgan iborani 2002 yil o‘z blogida yozganini maqtanib yurgan vaqtda 2013 yil iyulida, Kiyevda inqilob boshlanishidan 3 oy, Qrim bosib olinishidan esa 8 oy avval shunday konferensiya bo‘ladiki, uning bo‘lganiga 2021 yilda turib ishonish juda qiyin.

O‘sha konferensiyada kimlar qatnashganiga e'tibor bering: Ukrainaning bo‘lajak prezidenti Petro Poroshenko, Rossiya Liberal demokratik partiyasi yetakchisi Vladimir Jirinovskiy, Ukraina Kommunistik partiyasi yetakchisi Petro Simonenko, o‘sha vaqtda Rossiya Dumasi spikeri bo‘lgan va hozirda Rossiya Tashqi razvedka xizmati rahbari sifatida ishlayotgan Sergey Narishkin, Vladimir Putinning maslahatchisi Sergey Glaze, Rossiya Migratsiya xizmati rahbari Konstantin Romadanovskiy va Ukrainadagi «Antonov» aviazavodi bosh konstruktori Dmitriy Kiva. Zo‘r tarkib, shunday emasmi?

O‘shanda so‘zga chiqqan Poroshenko shunday degan edi: «Noodatiy nimadir aytmoqchi emasman, shunchaki tashkilotchilarga bu yerda bir-birimizni eshita olish imkonini taqdim etishgani uchun rahmat aytaman. Uchrashuv men 20 yil avval tajriba o‘tagan va men uchun qadrdon bo‘lgan Moskva tashqi aloqalar oliygohida bo‘layotgani alohida ahamiyatli. Rus diplomatiyasi ko‘p mamlakatlardagi bir nechta diplomatlar avlodi shakllanishida asos vazifasini o‘tagan desam, mubolag‘a bo‘lmaydi».

Odatda rus siyosatida ochiqcha aytilmaydigan gaplarni gapiruvchi vazifasidagi Jirinovskiy bugun Putin ilgari surayotgan g‘oyalarni boshqacharoq, dangal qilib aytgandi: «Hamma millatlararo aloqalar quyidagi jihatlarga asoslanadi: hudud, iqtisodiyot, til. Va hududni ajratish shart emas. Sobiq ittifoq sovg‘a qilgan Donbass, Qrim, Chernovsi, Karpat ortining Ukrainaga umuman aloqasi yo‘q. Karpat orti yoki Vengriya, yoki Karpat orti Rusiga tegishli. Ukrainaning umuman bu yerlarga aloqasi yo‘q».

O‘shanda so‘zga chiqqan Viktor Yanukovich davridagi Ukraina ta'lim vaziri Dmitriy Tabachnik shunday degandi: «Ukrainani Rossiyaga qarshi loyiha sifatida ishlatish doim og‘ir oqibatlarga olib kelgan. Yaqindagina Timoshenko va Yushchenkoning «zarg‘aldoq rejimi» xuddi shu ishni «anti-Rossiya» loyihasi doirasida amalga oshirishga urindi».

Shundan buyon «anti-Rossiya» loyihasi rus nashrlarida rosa aylandi. Kreml rasmiy saytida e'lon qilinishi esa iborani tarixiy haqiqatga aylantira olgani yo‘q. Hozircha, albatta.

Putin maqolasida Ukraina nomi tarixiy okraina (shahar chekkasi, olis hudud ma'nosida) so‘zidan olinganini aytgan. Hozirgi Ukraina davlatini esa Putin «sovetlar davrining farzandi» deb atagan. U Ukrainadan chiqqan Xrushchev va Brejnev o‘z vaqtida SSSRni boshqarganini eslatgan. Shuningdek, Putin bolsheviklar chegaralarni bo‘layotganda tantilik qilib Ukrainaga ko‘p hududlarni berib yuborishgani, «Rossiya talangani»ni aytgan.

Putinning fikricha, SSSR tarqalayotgan vaqtda uning Sankt-Peterburg meriyasidagi xo‘jayini Anatoliy Sobchak aygani kabi «Nima bilan kelgan bo‘lsangiz, shu bilan keting» siyosatini qo‘llash kerak bo‘lgan.

Putinning maqolasi Kreml rasmiy saytida rus va ukrain tillarida e'lon qilingani Ukrainaning ijodkor prezidenti Vladimir Zelenskiyni bee'tibor qoldirmadi: «Putin ukrain tilida maqola yozibdimi, demak biz hammasini to‘g‘ri qilyapmiz. Uning til o‘rganishga vaqt topib, men bilan uchrashishga vaqt topmayotgani g‘alati. Qiziq, bu urushdagi g‘alaba haqida gapirilganda eslanmaymiz, lekin boshqa holatlarda do‘st millat ekanimiz eslariga tushib qoladi. Ruschasiga aytganda bu do‘stona ish emas», degan Ukraina yetakchisi.

«Ukrainlar va ruslar – bitta millat»

Kiyevning 1835 yildagi ko‘rinishi
Fine Art Images / Heritage Images / Getty Images

Putin millatlar birligi haqida shunday degan: «Ruslar, ukrainlar, belaruslar – Qadimgi Rus avlodlari. Slavyanlar va atrofdagi boshqa qabilalar katta hududda – Ladog, Novgorod, Pskovdan Kiyev va Chernigovgacha bitta tilda (bu tilni hozirda qadimgi rus tili deymiz) xo‘jalik aloqalarida, Ryurikovich sulolasi knyazligida birlashgan».

Tarixchi: «Putin maktab bolasiga xos xato qilgan»

Tarixchi Konstantin Yerusalimskiyning aytishicha, Putin slavyanlarni e'tiqod va til borasida birlashtirish orqali jiddiy tarixiy xatoga yo‘l qo‘ygan. Tarixchi fikrini quyidagicha izohlaydi.

Konstantin Yerusalimskiy

«Putinning fikricha, Qadimiy Rus barcha slavyan va boshqa qabilalarni birlashtirgan. Biroq Ryurikovichlar hukumati barcha slavyan qabilalarini ham birlashtira olmagan. Shuningdek, Putin aytgan «boshqa qabilalar» ular bilan german, turk, fin, baltika, semit va boshqa tillarda gaplashgan. Albatta, Putin uchun til birligi muhim bo‘lishi mumkin, ammo u aytgan yerlardagi slavyanlar ham boshqa-boshqa rus tillarida gaplashib, yozishgan.

Putin barcha slavyanlar go‘yoki bitta pravoslav e'tiqodida birlashganini aytgan. Uning fikricha, nasroniylik va Avliyo Vladimirning e'tiqodiy tanlovi ukrain va ruslarning birligidan darak beradi. Maqola muallifi ukrainlar va ruslar bitta e'tiqodda birlashishini juda xohlagan, lekin bu navbatdagi absurd. Ukraina va Rossiyaning aksar qismida nasroniylik 18-19 asrdayoq asosiy konfessiya bo‘lmay qolgan. Rus nasroniyligida ham, pravoslavlikda ham keyinchalik bo‘linishlar kuzatildi», deb yozadi tarixchi.

Andrey Zubov

Tarix fanlari doktori Andrey Zubovning fikricha, 14 asrdayoq buyukruslar, ukrainlar va belaruslar alohida millat sifatida ajrala boshlagan. Oltin O‘rda ta'sirida qolgan sharqiy Rusda o‘shandayoq qadriyatlar, yashash tarzi o‘zgacha, g‘arbiy qismida esa o‘zgacha bo‘lgan. «Yevropa renessansi albatta, jannat bo‘lmagan, biroq Oltin O‘rda ta'sirida yashashdan yaxshiroq bo‘lgan. Shu sabab Ukraina va Belarus qadriyatlariga ko‘ra g‘arbga moyilroq bo‘la boshlagan», deydi tarixchi.

Professor Yuriy Shapalov Putinning maqolasidagi gaplar Ukraina va Rossiya birlashganining 300 yilligi arafasida eslanganiga e'tibor qaratgan: «Bu tezislar o‘z vaqtida kompartiya a'zolarining ham kalit so‘zlari bo‘lardi. Haqiqiy professionallar bunday gaplarga jiddiy tanqidiy ko‘z bilan qarashadi. Putin va atrofidagilar esa tabiiyki ulardan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishadi. Ularning maqsadi esa aniq – yangi birlashish».

Tarixchi Yuriy Shapalov maqoladagi Xrushchev va Brejnev haqidagi gaplarni ham safsata deb atagan. Uning fikricha, bu ikki siyosatchining millati rus bo‘lmaganida bunday lavozimga erishmagan bo‘lardi. Shunchaki, ularning faoliyati Ukraina bilan bog‘liq bo‘lgan, deydi tarixchi.

Aleksandr Alferov

Tarixchi Aleksandr Alferov bu borada fikrlarini keskin ohangda bildirgan: «Bu etikadan asar ham bo‘lmagan iflos manipulyatsiya. Ukraina bolsheviklar bosqiniga qadar 1919-20 yilgacha SSSRdan chiqqan vaqtiga qaraganda 200 ming kvadrat kilometr kattaroq yerga ega bo‘lgan. Belgorod, Kurshinning g‘arbiy qismi, Voronej, Belgorodshini Ukrainaniki bo‘lgan. Qrim ham Ukrainaniki edi. Biz SSSR tarkibiga kirmadik, bolsheviklar bostirib kirib mustaqil Ukraina davlatini egallashdi va hududini bo‘lib tashlashdi».

Mavzuga oid
Top