12:46 / 16.07.2021
5017
Iqtisodiyot, xavfsizlik, ilm-fan va sayyohlik – Shavkat Mirziyoyev o‘ndan ortiq takliflarni ilgari surdi

Toshkent shahrida davom etayotgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiyada prezident Shavkat Mirziyoyev bir qancha takliflarni ilgari surdi.

Xususan:

— Markaziy va Janubiy Osiyoda zamonaviy, samarador va xavfsiz transport-logistika infratuzilmasini yaratish. Bunda «Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» temir yo‘l tarmog‘i mintaqalarimiz o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik arxitekturasining asosiy bo‘g‘iniga aylanishi kerak;

— Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarini iqtisodiy rivojlantirish maqsadida istiqbolli raqamli platformalarni joriy etish. Buning uchun savdo, tranzit, chegaralardan o‘tish borasida raqamli hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha aniq choralarni ishlab chiqish va bu jarayonga BMTning ixtisoslashgan tuzilmalari ekspertlarini jalb etish;

— Mintaqalar hududida hamkorlikda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha Dastur ishlab chiqish uchun BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) shafeligida qishloq xo‘jaligi vazirlarining uchrashuvini o‘tkazish;

— Xavfsizlik va barqarorlikka tahdid va xavf- xatarlarga qarshi kurashishda kuchlarni birlashtirish. Dastlabki qadam sifatida BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ishtirokida Giyohvandlikka qarshi qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish taklif etildi;

— «Yashil» iqtisodiyotni rivojlantirishni rag‘batlantirish va ekologiya masalalariga alohida e'tiborni qaratish;

— Markaziy va Janubiy Osiyoning ulkan sayyohlik salohiyatini to‘liq ishga solish. Bunda yangi va qulay sayyohlik mahsulotlari va yo‘nalishlarini, «ziyorat turizmi»ni rivojlantirish, vaksinatsiya bo‘yicha o‘zaro tan olingan sertifikatlar asosida «Yangi sharoitdagi turizm» konsepsiyasini joriy etish;

— Butunjahon sayyohlik tashkiloti doirasida Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘yicha xalqlarimizning tarixiy va madaniy merosini ommalashtirishga qaratilgan Dastur ishlab chiqish;

Shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyev:

— Ilmiy va madaniy-gumanitar almashuvlarni kengaytirish maqsadida Termiz shahrida YuNeSKO shafeligida «Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy merosi» mavzusida xalqaro forum o‘tkazishni taklif qildi;

— Yoshlar masalasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida doimiy faoliyat yuritadigan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari yoshlari kengashini tuzish;

— Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining olim va tadqiqotchilari uchun soddalashtirilgan viza tartibini joriy etish, shuningdek, universitetlar va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha onlayn-platforma yaratish;

— Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida ushbu tahlil markazi qoshida mamlakatlarimizning taniqli olimlari, tadqiqotchi va tahlilchilaridan iborat Ekspertlar kengashini tuzish;

— Ushbu konferensiya yakunlari bo‘yicha Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida, umuman, Yevrosiyo makonida doimiy va barqaror rivojlanishning muhim omili sifatida o‘zaro aloqalarni mustahkamlash to‘g‘risida maxsus rezolyutsiya loyihasini ishlab chiqib, BMT Bosh Assambleyasiga taqdim etish taklif qilindi.

Bundan oldinroq Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik bitimini tuzish va yillik mintaqalararo forum o‘tkazishni taklif etgani xabar qilingandi.

Mavzu
Toshkent konferensiyasi
15-16 iyul kunlari Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Barchasi
Top