22:56 / 16.07.2021
42168

«Tolibon» taklif qilgan yagona tanlov – ular tomonga o‘tish yoki taslim bo‘lish» - Ashraf G‘ani

«Biz «Tolibon» bilan muzokaralar olib borish uchun barcha choralardan foydalanyapmiz», dedi Afg‘oniston prezidenti Toshkent konferensiyasida qilgan chiqishida.

Foto: O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati

Afg‘oniston hukumati «Tolibon» harakatini mamlakatda tinchlik o‘rnatilishi uchun hamkorlikka chorlaydi. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiyada ana shunday bayonot bilan chiqdi.

«Biz bahsli masalalarni tegishli tarzda hal qilish va urush tahdidini olib tashlash uchun «Tolibon»ni Afg‘oniston hukumati bilan hamkorlik qilishga chaqiramiz», – deya Ashraf G‘anining so‘zlarini keltirmoqda TASS.

Shu bilan birga, u Kobul hukumati toliblar bilan «yuzma-yuz uchrashuv»ga tayyorligini bildirdi.

Afg‘oniston prezidenti «mintaqaviy konsensus»ga erishmasdan turib, mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish imkoni yo‘qligini, mamlakatdagi urush va beqarorlik butun mintaqaga katta ta'sir ko‘rsatayotganini aytdi.

«Biz «Tolibon» bilan muzokaralar olib borish va ularga yon bosmaslik uchun barcha choralardan foydalanyapmiz», – deya qo‘shimcha qildi u.

Ashraf G‘anining aytishicha, aholi rasmiy hukumat qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlamoqda va armiya saflariga ko‘ngillilarni yollash hozirda o‘sib bormoqda, biroq qiyinchiliklar ham yo‘q emas. Birinchi katta qiyinchilik – koronavirusning uchinchi to‘lqini.

Bundan tashqari, Ashraf G‘anining so‘zlariga ko‘ra, AQSh siyosiy qarorlar doirasida harakatlanmoqda.

«Ular o‘z harbiy bazalarini ko‘chirishdi, 5000 dan ziyod mahbus va 50 nafar yirik narkosavdogar xalqaro talab asosida qo‘yib yuborildi. Bularning barchasi odamlarimizni qochqinlarga aylantirdi, ular tinchroq hayot kechirish uchun xavfsiz shaharlarga qochishga harakat qilmoqdalar. «Tolibon» taklif qilgan yagona tanlov – ular tomonga o‘tish yoki taslim bo‘lish», – deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirdi Gazeta.uz.

Prezidentning qo‘shimcha qilishicha, hozirda mamlakatga Pokistondan ko‘p miqdorda «jihodchi jangarilar»ning kirib kelishi kuzatilmoqda, ular to‘g‘ridan to‘g‘ri transmilliy terroristik tashkilotlar bilan bog‘liq.

«Bundan tashqari, biz xalqaro kuzatuvchilar orasida konsensus holatiga guvoh bo‘lmoqdamiz, ular qo‘llab-quvvatlash uchun hech qanday qadam tashlamadilar», – ta'kidladi afg‘on hukumati rahbari.

Mavzu
Toshkent konferensiyasi
15-16 iyul kunlari Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Barchasi
Top