11:20 / 16.07.2021
5101
Zalmay Xalilzod: “AQShga xayrixoh bo‘lganlarni Afg‘onistondan olib chiqib ketish bo‘yicha ish olib borilmoqda”
Foto: Muxammad Zoxir Agbar / Asia Plus

AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod O‘zbekistonga tashrif buyurib, «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» xalqaro konferensiyasida ishtirok etmoqda. Tadbir oldidan u mahalliy va xorijiy OAV vakillari bilan uchrashdi.

Kun.uz muxbiri diplomatdan Afg‘onistonda toliblar tomonidan ta'qib etilayotgan, AQSh hukumatiga xayrixoh bo‘lgan va bugun xavf ostida qolganlarni qo‘shma shtatlarga evakuatsiya qilish masalasi borasida so‘radi.

«Albatta, bu haqda prezident Bayden ham, Kongress ham gapiryapti, bu masala doimiy muhokamalar mavzusi bo‘lib turibdi. AQShga xayrixoh bo‘lgan va ayni paytda o‘zini xavf ostida sezayotgan Afg‘oniston fuqarolarini bosqichma-bosqich AQShga ko‘chirish ustida ishlanmoqda.

Faqat ularga vizalar berish, kerakli hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq jarayonlarga vaqt kerak. Qolaversa, bu fuqarolar ma'lum muddat uchinchi davlatda bo‘lishlari lozim», – deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Zalmay Xalilzod o‘z safari davomida Qatar va Pokistonga ham tashrif buyurishi rejalashtirilgan.

Mavzu
Toshkent konferensiyasi
15-16 iyul kunlari Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Barchasi
Top