21:46 / 17.07.2021
5622
2021 yilning 6 oyida qonunbuzarlardan qariyb 720 mlrd so‘mlik zarar undirildi - Bosh prokuror

O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshevning ta'kidlashicha, 2021 yilning birinchi yarmida prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan qariyb 720 mlrd so‘mlik zarar undirilgan.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

17 iyul kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi hay'atining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda mahkama matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yig‘ilishda bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev o‘tgan yarim yilda prokuratura organlari tomonidan mamlakatda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Yo‘ldoshevning qayd etishicha, 2021 yilning birinchi yarmida 208 ming fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan. Shuningdek, prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan qariyb 720 mlrd so‘mlik zarar undirilishi ta'minlangan.

Shu bilan birga, o‘tgan yarim yilda 9737 nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklangan, 18 676 nafariga muammolarini bartaraf etishda amaliy yordam ko‘rsatilgan.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati
Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Yig‘ilishda joylardagi mavjud muammolar, ayrim hududlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham tanqid qilindi. Ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarga har tomonlama ko‘mak berish, ularni tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta'minlash zarurligi ta'kidlandi.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid dasturlar, shu jumladan, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosi ahvoliga e'tibor qaratib, ushbu dasturlarning ijrosini ta'minlash bo‘yicha alohida shtab va ishchi guruhlar faoliyati “Budjet nazorati” elektron dasturi orqali kunlik monitoring qilib borilayotgani, bu borada to‘la nazorat o‘rnatilganini bildirdi.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Hay'at yig‘ilishida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari bo‘yicha ajratilgan mablag‘larni talon-toroj qilishning oldini olish bo‘yicha prokuratura organlari zimmasiga katta mas'uliyat va javobgarlik yuklatilgani mas'ullarga yana bir bor eslatilgan.

Mavzuga oid
Top