23:12 / 17.07.2021
1472
Andijon – hokimlar eng ko‘p noqonuniy qaror chiqarayotgan hududlardan biri. Viloyat sudyalari bunga munosabat bildirdi

2021 yilning dastlabki 6 oyi davomida hokimlarning eng ko‘p haqiqiy emas deb topilgan qarorlari – Toshkent viloyati (186), Xorazm viloyati (167) hamda Andijon viloyatlari (112) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

17 iyul kuni Andijonda sudyalar ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri hokim qarori noqonuniy deb topilgan hollarda sudlar tomonidan reaksiya qanday bo‘lishi bilan qiziqdi.

Andijon viloyati ma'muriy sudi raisi v.b. Oybek Barakaboyev bunday holatlarda hokimga nisbatan sudlar tomonidan ta'sir chorasi ko‘rish qonunchilikda nazarda tutilmaganini aytib o‘tdi.

Oybek Barakaboyev

“Hokim qarori haqiqiy emas deb topilganidan so‘ng qaror nusxasini hokimiyatga ijro uchun yuboramiz. Qonunlarmizda “haqiqiy emas” deb topilgan qarorni ijro uchun MIBga yuborish nazarda tutilmagan. Faqat davlat boji va pochta xarajatlari belgilangan. Hokim tomonidan yer to‘g‘risidagi qarorlar belgilangan tartibda chiqarilgan bo‘lsa, sudlar tomonidan xususiy ajrim chiqarib muhokama uchun yuboramiz.

Hozirda bizning qonunchiligimizda mana shunday holatlar ro‘y berganda hokimga ta'sir chorasi qo‘llash, jazoga tortish haqida kodekslarda keltirilmagan. Lekin, hokim doimiy ravishda qarorni noqonuniy chiqarishda davom etsa, biz prokuraturaga xususiy ajrim bilan chiqaramiz”, – dedi Oybek Barakaboyev.

Mavzuga qo‘shimcha qilgan Andijon viloyat sudi raisi Tal'atjon Meliboyev sudyalar hokimlarning noqonuniy qarorlari masalasini deputatlar oldida ko‘tarishganini aytdi.

Tal'atjon Meliboyev

“Biz viloyat xalq deputatlari kengashida ham mana shu masala bo‘yicha o‘z axborotimiz bilan qatnashdik. Chunki bu qonunda nazarda tutilgan. Biz tuman hokimlari yuzasidan chiqarilgan qarorlar yuzasidan ularning yuqori turuvchi tashkilotiga axborot taqdim qilganmiz. Ular o‘z vakolatlari doirasida aybdorlarga chora ko‘rishadi”, – deydi Tal'atjon Meliboyev.

Top