21:32 / 17.07.2021
2406

Yangiyo‘lda fuqaroning uyida kelib chiqishi noma'lum bo‘lgan go‘sht borligi aniqlandi

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida yashovchi fuqarolardan birining xonadonidan 4 qop kelib chiqishi noma'lum bo‘lgan go‘sht topilgan. Bu haqda viloyat IIBB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 10 iyul kuni Toshkent viloyati IIBB PPX va JTSB Karantin tadbirlarini ta'minlash bo‘linmasi hamda veterinariya xodimlari Yangiyo‘l tumani Niyozbosh mahallasida yashovchi A.T.ning xonadoniga uy hayvonlarini emlash uchun kirganda, xonadonda 4 dona qopda kelib chiqishi noma'lum bo‘lgan go‘sht mahsuloti borligi aniqlangan.

Qayd etilishicha, ushbu go‘sht mahsulotlari tekshirib ko‘rilganda iste'molga yaroqsiz va sanitariya qoidalariga zid ekani aniqlanib, Yangiyo‘l tumani hududidagi chiqindi yig‘ish maydoniga olib borilib, yoqish yo‘li bilan yo‘q qilingan.

Ta'kidlanishicha, fuqaro A.T.ga nisbatan veterinariya-sanitariya qoidalariga zid ravishda go‘sht mahsulotini saqlagani uchun veterinariya xodimlari tomonidan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 109-moddasiga asosan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Top