14:00 / 19.07.2021
5194

ERIELL Group: mehr-shafqat ulashib...

Ezgulik va mehr-shafqat o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan oliyjanob fazilatlardan biri bo‘lsa kerak. Bu yurtda muhtojlar qo‘llab-quvvatlanadi, ularga yordam qo‘li cho‘ziladi. ERIELL Group hech qachon yordam so‘rab qilingan iltimos va murojaatlarni befarq qoldirmaydi.

Shu tariqa, musulmonlar uchun muqaddas sanalgan Qurbon hayiti arafasida ERIELL Group tomonidan Respublika ixtisoslashgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uchun xayriya aksiyasi o‘tkazildi.

Afsuski, xavfli kasalliklar statistikasi ko‘ngildagidek emas. Qon tizimi kasalliklari 100000 nafar aholi uchun yiliga 8-10 ta yangi kasallanish holatlarini, bu esa o‘z navbatida qariyb 2500 nafar birlamchi bemorlar (kattalar va bolalar)ni tashkil etmoqda. Qon va limfa to‘qimalari shishlari barcha xavfli o‘simtalarning taxminan 8 foizini tashkil qilib, ular umumiy hisobda 6 ta eng ko‘p tarqalgan onkologik kasalliklar sirasiga kiradi. Bundan tashqari, aplastik va gemolitik anemiyalar, tug‘ma immunodefitsitlar qon tizimining qiyin davolanadigan kasalliklari guruhiga kiradi. Bunday bemorlarni davolash juda katta moliyaviy xarajatlarni talab etib, butun dunyoda bunday toifadagi bemorlarni davolash eng qimmat muolaja hisoblanadi.

O‘zbekiston Hukumati tomonidan gematologiya xizmatini isloh qilish va statsionarlardagi bemorlarni parvarish qilish sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 27 maydagi PQ-5130-son qarori asosida onkogematologiya yordamini xalqaro standartlar darajasida yanada rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

Gematologiya markazini islohot bosqichida qo‘llab-quvvatlash uchun ERIELL Group tomonidan 200 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi. Bu mablag‘lar hisobiga ximioterapiya uchun zarur preparatlar, so‘nggi avlod antibiotiklari, shuningdek quritish mashinalari, xodimlar uchun oyoq kiyimlar va bemorlar uchun pijamalar sotib olindi.

Bayram arafasida O‘rta Osiyo MBB rahbari Bahrombek Ismoilov boshchiligidagi ERIELL kompaniyalar guruhi xodimlari va qator OAVlar vakillari Respublika ixtisoslashgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘ldi.

Statsionar sharoitida davolanayotgan bemor bolalar uchun shercha Leo haqidagi kitob qahramonlari ishtirokida tomosha tashkil etildi. Ibratli ertak qahramonlari boshiga bolalarga xos bo‘lmagan qiyin sinovlar tushgan jajji bemorlar ko‘zida umid uchqunlari yoqishga muvaffaq bo‘ldi. Tomoshadan so‘ng ERIELL Group xodimlari bolalarga esdalik sovg‘alari ulashdi.

So‘ngra Gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrif buyuruvchilar uchun davlat tomonidan kattalar va bolalarni davolashga alohida yondashuvni yo‘lga qo‘yish uchun ikkita yangi modernizatsiya qilingan bino namoyish etildi. Yaqin kelajakda bu yerda statsionar sharoitida kattalar (160 ta o‘rin) va bolalar (140 o‘rin) alohida davolanishi mumkin.

ERIELL Group kelgusida ham gematologiya tibbiyot markazi, shuningdek boshqa ijtimoiy obektlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Xavfli kasallik bilan kurash besamar ketmayotganini ko‘rish quvonarli. Og‘ir sinovlardan o‘tib, kasallikni yenggan va baxtli bolalikka qaytgan jajji bemorlar kaftlarining izlari tushirilgan plakatlar bundan dalolatdir.

ERIELL Group Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid
Top