19:18 / 19.07.2021
8213

O‘zbekistonning 6 oydagi tashqi savdosi 13,6 foizga ko‘paydi

Statistika qo‘mitasi 2021 yilning olti oyidagi tashqi savdo statistikasini e'lon qildi. Raqamlar 2021 yilda tashqi savdo pandemiya davriga nisbatan tiklanayotganini ko‘rsatadi.

2021 yilning yanvar-iyun oylari yakuni bilan respublikaning tashqi savdosi 18 012,8 mln AQSh dollarini tashkil etib, 2020 yilga nisbatan 2 150,3 mln AQSh dollariga yoki 13,6 foizga ko‘paydi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.

O‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan eksport 12,3 foizga o‘sib, 7 055,5 mln dollarga, import esa 14,3 foizga oshib, 10 957,4 dollarga yetgan. 

2021 yilning 6 oyida 1 386,5 mln so‘mlik oltin eksport qilingan, bu o‘tgan yilning mos daviga nisbatan 738,1 mln dollarga kamroq degani.

Iyun oyida qariyb 200 mln dollarlik oltin sotilgan. 

Eksport tarkibida sanoat tovarlari (28,8 foiz), oltin (19,7 foiz) va xizmatlar (16,1 foiz) eksporti asosiy ulushga egaligini ko‘rish mumkin.

Joriy yilning yanvar-may oylarida mamlakatning eksportyorlari soni 4 885 tani tashkil etib, (2020 yilning mos davriga nisbatan) 36,4 foizga ko‘paydi. Ular tomonidan 5 669,0 mln. AQSh dollari qiymatidagi  tovar va xizmatlar eksport qilinishi ta'minlandi.

O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi yuqori bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatida yana Xitoy yetakchilik qilmoqda. Xitoy O‘zbekiston tashqi savdosidagi birinchilikni uzoq vaqtdan beri ushlab turganini ta'kidlash mumkin.

Shuningdek, rasmiy statistika O‘zbekistonning Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, Koreya, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Germaniya, Turkmaniston va Ukraina bilan tashqi savdo aylanmasi yuqoriligini ko‘rsatmoqda.

Respublika tashqi savdo aylanmasi tarkibida eng yuqori ulushni Toshkent shahri 38,6 foiz ulush bilan 6 946,6 mln. AQSh dollarini, eng quyi ulushni esa Jizzax viloyati 1,1 foiz ulush bilan 202,7 mln. AQSh dollarini tashkil etdi.

Avvalroq, joriy yilning 4 oyida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 378 million dollarga kamaygani xabar qilingandi.

Top