20:03 / 19.07.2021
16706
Past Darg‘omda tibbiyot xodimlariga tajovuz qilgan shaxsga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi

Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumanida bemorning otasi poliklinikada va o‘z uyida «Tez yordam» xodimlarini kaltakladi. Zo‘ravonga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi va hozirda mazkur holat yuzasidan tuman huquq-tartibot idoralari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

«Joriy yilning 15 iyul kuni soat taxminan 22:30da Samarqand viloyati Past Darg‘om tumani «Zarbdor» oilaviy shifokorlik punktida joylashgan tez tibbiy yordam bo‘limiga tumanning Qo‘shquduq mahallasida yashovchi fuqaro X.M. mast holda kelgan va 22 yoshli o‘g‘li M.J. betobligini aytib, shu kuni o‘z navbatchiligini o‘tayotgan shifokor T.F. va feldsher N.I.dan tezda uning yashash manziliga borishni talab qilgan.

Biroq bemor manziliga otlangan tibbiyot xodimlari birinchi yordam qutisini olishga ulgurmasdan telefon orqali boshqa bir manzildan chaqiruv bo‘ladi.

Navbatchi feldsher N.I. telefon orqali chaqiruvni rasmiylashtirish vaqtida fuqaro X.M. betoqatlik bilan feldsher N.I.ni haqoratlab, unga qo‘l ko‘taradi. So‘ng kaltaklangan feldsherni ish joyida qoldirib, shifokor T.F.ni mashinasiga o‘tirishga majburlaydi.

Yashash manziliga borgach, xumoridan chiqmagan fuqaro arzimagan bahonalar bilan shifokorni ham haqorat qila boshlaydi. Bunga ham qanoat qilmagan mushtumzo‘r tez tibbiy yordam bo‘limi shifokori T.F.ni xizmat vazifasini o‘tayotgan vaqtda ayovsiz kaltaklaydi.

Shundan so‘ng shifokor zudlik bilan Past Darg‘om tuman tibbiyot birlashmasining travmatologiya bo‘limiga olib kelingan.

Tibbiy tekshiruv davomida 1988 yilda tug‘ilgan T.F.ga bosh miya jarohati, jumladan, bosh miya chayqalishi, pastki lab ichki yuzasida urib yirtilishi hamda ko‘krak qafasi yumshoq to‘qmalarning lat yeyishi tashxisi qo‘yilgan. Ayni paytda unga shifokorlar tomonidan statsionar sharoitda zarur tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda», deyiladi SSV xabarida.

Shuningdek, 1978 yilda tug‘ilgan navbatchi feldsher N.I.ga burun suyagining yopiq sinishi kabi jarohatlar bilan tuman tibbiyot birlashmasida tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Tibbiyot xodimlariga tajovuz qilgan fuqaro X.M.ga nisbatan esa qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi va hozirda mazkur holat yuzasidan tuman huquq-tartibot idoralari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, joriy yil 1 mart kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filiali tez tibbiy yordam shifokori X.M.ga xizmat vaqtida fuqaro D.O. tomonidan qilingan tajovuz uchun 2021 yil 16 martdagi sud hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasining tegishli qismi bilan 5 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan va hozirda fuqaro D.O. jazo muddatini o‘tamoqda.

Top